Gruziya tomoni iltimosi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ko'rsatmasi asosida “O'zbekipaksanoat” uyushmasi, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti va soha tashkilotlari mutasaddilaridan iborat delegatsiya joriy yil 6-avgust kuni Gruziya Qishloq xo'jaligi ilmiy-tadqiqot markazida bo'ldi.

Markaz direktori prof. Levan Udjmadjuridze, prof. Nargiz Baramidze va boshqa olimlar, shuningdek, Qishloq xo'jaligi mas'ul xodimlari bilan Gruziyada ipakchilik tarmog'ini rivojlantirish, jumladan, ipak qurti urug'chiligi, tutchilik va pillachilikda ilmiy izlanishlar olib borishda “O'zbekipaksanoat” uyushmasi amaliy ko'mak berishi masalalari muhokama qilinib, kelishuvga erishildi.

Eslatib o'tamiz, bundan avvalroq Gruziya Qishloq xo'jaligi vazirligi va Qishloq xo'jaligi ilmiy-tadqiqot markazi mutasaddilari hamda etuk olimlari O'zbekistonga kelib, mamlakat ipakchilik tarmog'ida olib borilayotgan islohotlar, qonunchilik asoslari, erishilayotgan natijalar, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyalashuvini bevosita o'rganib ketishgandi.

Shu kunlarda O'zbekiston delegatsiyasining Gruziyadagi amaliy tashrifi davom etyapti va bir qator manfaatli loyihalar ustida ishlar olib borilmoqda.

Manba: “O'zbekipaksanoat” uyushmasi
Matbuot xizmati