Uchrashuv chogʻida sanoat kooperatsiyasi, savdo, transport va logistika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama etildi.

Ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasidagi sanoat aloqalarini rivojlantirishga ijobiy baho berildi. Hozirgi paytda Oʻzbekistonda Turkmaniston kapitali ishtirokidagi 173 korxona faoliyat koʻrsatyapti. Shu bilan birga, ikki mamlakat hududlarida qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, toʻqimachilik, farmatsevtika va elektrotexnika, shuningdek kimyo sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish va birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot turlarini koʻpaytirishni nazarda tutgan holda qoʻshma loyihalar sonini oshirish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Ikki mamlakat tadbirkorlarini hamkorlikka faol jalb qilish orqali oʻzaro manfaatli sanoat kooperatsiyasi loyihalari sonini koʻpaytirish boʻyicha yaqindan ish olib borish zarurligi toʻgʻrisida yakdil fikrlar bildirildi.

Shuningdek, 2021-yilda 67 foizga oshgan ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasining barqaror oʻsishi kuzatildi. Tomonlar yaqin kelajakda tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadiga erishish boʻyicha choralar koʻrishga sodiqligini tasdiqladi. Shu nuqtayi nazardan tomonlar “Lebap–Buxoro” va “Dashoguz–Xorazm” chegaraoldi savdo zonalarini ishga tushirishni tezlashtirishga kelishib oldilar.

Ikki mamlakatning transport va logistika aloqalarini rivojlantirish hamda tranzit salohiyatini yuksaltirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar muhokama etili. Bu boradagi koʻzga koʻringan koʻrsatkichlar qayd etildi. Jumladan, oʻtgan yili Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida yuk tashishning oʻsish surʼati 2,2 million tonnani tashkil qildi, bu esa temir yoʻl va avtomobil transporti orqali oldingi yilda tashilgan yuk hajmlariga nisbatan tegishlilik boʻyicha 50 va 300 foizga koʻpdir. Shu nuqtayi nazardan, toʻgʻridan-toʻgʻri va tranzit yuk tashishlarga oid tariflarni tartibga solish shartlarini takomillashtirish mexanizmlari, shuningdek transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish boʻyicha birgalikdagi harakatlar muhokama etildi.

Uchrashuv yakunida muzokaralar ishtirokchilari erishilgan kelishuvlar, muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni yanada ilgari surishga oʻzaro tayyorligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.