Taniqli sharqshunos va mashhur boburshunos olim Ansoriddin Ibrohimov (1952-2011) ham aynan mana shu ezgu yoʻlni oʻzining chinakam insoniy aʼmoli, yashamoqlik maqsadi, umrning chin maʼnosi sifatida qabul qildi va bu maqsad-marra sari bor kuchu gʻayratini toʻliq safarbar qildi.
Toshkent shahridagi 92-maktabda tahsil olgan Ansoriddin ilm-fanga boʻlgan alohida muhabbati va cheksiz qiziqishlari sababli tengdoshlari orasida ajralib turardi. Maktabni aʼlo baholarga tugatib, 1969-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) hind tili boʻlimiga qabul kilindi.
1974-yil mazkur universitetni imtiyozli diplom bilan tamomlab, ikki yil davomida Hindistonning “Lakxnau” universitetida hindiy tili boʻyicha malaka oshirib qaytdi va poytaxtdagi 144-oʻrta maktabda oʻqituvchilik qilib, olgan barcha bilimlarini oʻquvchilarga qunt va sobitlik bilan oʻrgatdi.
1977-1981 va 1989-1990-yillarda turli nufuzli nashriyotlarda muharrirlik qilib, tahrir va tarjimada boy tajriba toʻpladi, oʻzbek va urdu, hind tillariga oid turkum nashrlarni chop etish ishlariga bosh-qosh boʻldi.
1981-1983-yillarda Hindistonda “Bhilay metallurgiya kombinati”da bosh tarjimon vazifasida ishlagan kezlarida esa hind tilini qoʻllash borasida ham katta amaliy tajriba toʻpladi. Bu betakror va goʻzal mamlakatning oddiy odamlar turmush tarzi, taraqqiyot jarayonlari va ulugʻ adabiyotini oʻrgandi.
Shuningdek, Ansoriddin aka mustaqillik yillarida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish ishiga beqiyos hissa qoʻsha olgan kam sonli, chinakam vatanparvar, fidoyi va jonkuyar, zahmatkash urdushunoslarimizdan biri edi.
Uning buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyatiga yuksak ehtirom ruhida kamol topgani, shoh va shoirning qiyosi yoʻq sheʼriyatini jahon miqyosida tolmas targʻibotchisiga aylantirdi. Qudratli botiniy bir intilish-ehtiyoj, millat oldidagi maʼnaviy-maʼrifiy masʼuldorlik hisi, Ansoriddin Ibrohimovni kelgusida boburshunoslik fanining rivojiga salmoqli hissa qoʻsha olgan, xalqaro miqyosdagi katta olimga aylantirdi.
U 1993-1994-yillar davomida Pokiston xizmat safarida boʻlib, Boburiylar saltanatining turli davrlarda poytaxti boʻlgan va asosiy madaniyat markazi Lahor shahrida ilk bora “Oʻzbek tili” kurslarini tashkil etishda jonbozlik koʻrsatdi va bunday darslarga bevosita rahbarlik qildi. Bu istiqlolga endigina erishgan mamlakatimiz uchun, ona tilimizning ixlosmandlari uchun xorijdagi haqiqiy gʻalaba edi.
Bu yaxshi anʼana koʻrtak ochib, yil sayin boʻy koʻrsata bordi. Keyingi yillarda Peshovar universitetida “Alisher Navoiy markazi”, Panjob universitetida esa “Zahiriddin Muhammad Bobur merosi markazi” ochilgani, Islomoboddagi Zamonaviy tillar milliy universitetida oʻzbek tili boʻyicha taʼlim berilayotgani madaniy aloqalarning, tilimizga boʻlgan xorijdagi ragʻbatning yorqin amaliy ifodasidir.
2011-yilda esa Buyuk Britaniyaning dongʻi chiqqan Kembrij universitetida tashkil etilgan oʻzbek tili kurslarida professional saboqlar bergani eʼtiborga molik.
1996-2011-yillar mobaynida Toshkent davlat sharqshunoslik institutining “Janubiy Osiyo tillari” kafedrasida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent, professor, kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. Kuni kecha Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida alohida Urdu tili, adabiyoti, Pokiston tarixi va madaniyati kafedrasi tashkil qilinib ish boshladi. Olimning qizi Muxlisa bugungi kunda ota izidan borib, urdushunoslik boʻyicha falsafa doktori (PhD) sifatida ushbu kafedraga rahbar etib tayinlandi.
Turmush oʻrtoqlari Maʼmura opa esa uzoq yillar davomida Olmazor tumanidagi maktablarning birida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari sifatida sermahsul mehnat qilganlar.
Boy ilmiy va maʼnaviy meros sohibi
Albatta, Ansoriddin aka agar hayot boʻlganlarida bu yil 70 bahorni qarshi olar edilar.
U kishining 4 ta monografiyasi, oʻquv qoʻllanmalari, 100dan ortiq ilmiy-maqolalari, urdu va hind tillarida chop etildi. 2001-yil “Boburnoma”dagi hindcha soʻzlar tadqiqi” mavzuidagi nomzodlik, 2008-yil “Bobur asarlari leksikasining lingvostatistik, semantik va genetik tadqiqi” (“Devon”, “Mubayyin”, “Aruz”) mavzuida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
“Urducha-oʻzbekcha mushtarak soʻzlar lugʻati” Islomobodda va Oʻzbekistonda besh marotaba qayta nashr etildi. “Urdu tili leksikologiyasi” (2005) kitobi esa noyob qoʻllama sifatida hamon mutaxassislar tomonidan qoʻllanib kelinmoqda. Bugungi kunda ham yosh urdushunoslar foydalanishi uchun juda zarur ushbu adabiyot qoʻlma-qoʻl oʻqilmoqda.
Olim turli yillarda “Jahon adabiyoti”, “Guliston”, “Tafakkur”, “Moziydan sado”, “Oʻzbekiston matbuoti”, “Sharqshunoslik”, “Sharq mashʼali”, “Yoshlik”, “Axbare-urdu” (Pokiston), “Aziya i Afrika segodnya” (Rossiya) jurnallarida, “Toshkent oqshomi”, “Maʼrifat”, “Pravda Vostoka”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetalarida boburshunoslik, Bobur asarlarining Pokiston, Hindiston, AQSH va Yaponiyada oʻrganilishi, “Boburnoma”dagi urdu va hind soʻzlarining qoʻllanilishi, ushbu tillarning goʻzalligi, ularning qiyosiy tahlili beriladi.
Qadimgi hind didaktik adabiyoti, “Urdu tili leksikografiyasi” kursida pedagogik va informatsion texnologiyalarning qoʻllanishi, oʻzlashma leksika va ularda imlo masalasi, Boburiylar davridagi adabiyotlarda Hind diyoridagi qadimiy joy nomlarining qoʻllanilishi haqida juda salmoqli ilmiy tahlillar oʻz ifodasini topgan. Har bir maqola mazmunida Bobur va Boburiylarning jahon madaniyati tarixida tutgan oʻrniga alohida toʻxtab oʻtiladi.
Ayniqsa, olim Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasining turli tomlarida Pokiston, Premchand, Ramayana, Sanskrit, Sanskrit adabiyoti, Singal tili, Sindh va Urdu adabiyoti mavzularidagi ilmiy maqolalarni puxta-pishiq, maʼlumotlarga boy va salmoqli tarzda tayyorlab, eʼlon qilishga erishdi.
Urdu va hind tillarini oʻrganish, Bobur merosini oʻrganish bilan shugʻullanayotgan oʻndan ortiq ilmiy tadqiqotchilarga bevosita rahbarlik qildi.
Ansoriddin aka Boburning hayoti va ijodiga bogʻliq koʻplab ilmiy maqolalar, monografiyalar va asarlarning muallifi hamdir. Xususan, uning qalami ostida “Boburnoma”ga bagʻishlangan “Boburiylar merosi” (1993), “Boburnoma – buyuk asar” (2000) kabi kitoblari, “Boburnoma”dagi hindcha soʻzlar” (2001), “Bobur “Devoni” tilidagi oʻzlashma leksika” (2006) singari monografiyalari nashrdan chiqdi.
Kamtarin olim bu kabi yutuqlari bilan cheklanib qolmay, tarjimonlik sohasida ham barakali ijod qildi, koʻplab hind va pokistonlik yozuvchilarning hikoya va ijod namunalarini katta mahorat bilan va ravon bir tarzda oʻgirdi.
Jumladan, hind va pok adiblarining “Otash nafaslar” (1994) hikoyalar toʻplamini, Bhisham Sahniyning “Darichalar” (1983) povest va qissalarini, Krishan Chandarning “Xotiramdagi chinorlar” (1986), “Qoʻlim yoʻqoldi” (1990), “Dadar koʻprigidagi bolalar” (1999), Premchandning “Shatranj ishqibozlari” (1990), “Xitoʻpadesha yoki ibratli hikoyatlar” (1997, 2008) qissa va hikoyalarini, hind yozuvchilari asarlaridan iborat “Hind adabiyoti XX asar koʻzgusida/Chiroq yonar tun boʻyi” (2008) hikoyalar toʻplamlarini hammualliflikda chop ettirishi oʻquvchilarga juda manzur boʻldi.
Taniqli oʻzbek yozuvchisi Erkin Vohidovning “Oltin devor” asari esa urdu tiliga oʻz nafosati va sermazmun mohiyatini saqlagan holda tarjima qilindi, bu pyesa 1996-yilda Pokistonning Lahor shahrida sahnalashtirilib, keng omma eʼtiborini qozonib, favqulodda olqish oldi.
Qomusiy olimning oʻz ishiga yuksak sadoqati va tuganmas mehr-muhabbati natijasida bugungi kunda pokistonliklar Markaziy Osiyo, jumladan Oʻzbekiston tarixida haqida juda katta bilimlarga ega boʻlishdi.
Shu bilan birga, birodar pokistonlik va doʻst hind xalqi buyuk ajdodimiz, uch asrdan ziyod yashagan buyuk imperiya asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur, uning madaniy merosiga katta qiziqish bilan qaramoqdalar. Ular ulugʻ bobomizning koʻpqirrali shaxsiyatini, oʻsha davrning murakkab tarixiy shart-sharoitlarini, turkiy tilning joziba va latofati yaqindan anglamoqdalar.
Jahon madaniyati va tarix solnomasida oʻchmas iz qoldirgan buyuk ijodkorlarning merosini xalqlarimizga yetkazishdek zalvorli ishga munosib hissa qoʻshgan Ansoriddin Ibrohimovning xotirasi va xayrli ishlari albatta, yoshlarimiz uchun chinakam oʻrnak va namuna maktabidir.
Laziz Rahmatov,
Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi