Ayniqsa, oxirgi yillarda jahon maydonidagi nufuzli FAANG (Facebook, Amazon, Apple, Netflix, Google) kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik dasturchi yoshlar soni ko‘payishda davom etayotgani quvonarli. Ana shunday vatandoshlarimizdan biri Qudratillo Ismatov shu yilning mart oyida mashhur “Amazon” kompaniyasining Berlindagi ofisida muhandis-dasturchi sifatida ish boshladi.

Qudratillo bilan bog‘lanib, u haqda maqola tayyorlash istagimizni bildirdik, ammo 27 yoshli hamyurtimiz avval kompaniyada biroz ishlab, muhit bilan yaqindan tanishgach, keyin batafsilroq suhbatlashgani ma’qul bo‘lishini aytdi. Oradan bir necha oy o‘tib, o‘zbek yigiti biz bilan nufuzli kompaniya xodimi sifatida suhbatlashar ekan, avvalo, bugunga qadar bosib o‘tgan yo‘li, dasturchi sifatidagi ilk qadamlarini esladi. Chunki 2014—2018 yillarda Toshkentdagi INHA universitetining bakalavr bosqichida tahsil olgach, 2023 yilga qadar “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasida faoliyat yuritgan Qudratilloning “Amazon”ga borib qolishi tasodif emasdi.

Eng muvaffaqiyatli loyiham...

— Andijonda tug‘ilib o‘sganman, — deydi yosh dasturchi suhbat avvalida. — Bolaligimdan zamonaviy qurilmalarga qiziqqanman. Uyimizda kompyuter bo‘lardi. Buzilib qolsa, odatda o‘zim tuzatardim, turli dasturlar o‘rnatishni bilib olgandim. Bu dasturlar qayerdan kelishi menga doim qiziq tuyulardi. Akademik litseyga o‘qishga kirganimdan keyin bizdan katta kursda tahsil oladigan olimpiada qatnashchisi Ibodatoy opa informatika fanidan dars o‘ta boshladi. Aynan shu vaqtdan bu yo‘nalishga ishtiyoqim yanada oshdi.

Universitetga o‘qishga kirganimdan keyin bu boradagi harakat va maqsadlarim yanada aniqlashdi. Jarayonga jiddiy kirishdim. Birinchi bosqichda tahsil olayotganimda bizga C++ tili o‘rgatildi. Bu dasturlash tili bo‘lib, ko‘p oliygohlarda o‘qitiladi. Men uni shunchaki o‘rganmasdan, balki o‘zimning ilk dasturimni yaratishga erishdim. Bu hammamizga yaxshi tanish bo‘lgan “Snake” o‘yini edi. O‘yin kompyuterga moslashgan bo‘lib, “Windows command line” tizimida ishlardi. Biroq tetrisdagi singari menyusi, o‘yin jarayonini saqlash funksiyalariga ega.

Shundan keyin birin-ketin turli dasturlar yarata boshladim. Bugunga qadar Android, iOS va boshqa ilovalar uchun “backend”lar yozganman. Gap shundaki, dasturlashning “frontend” va “backend” qismlari bo‘ladi. “Frontend” foydalanuvchiga ko‘rinib turadigan qism bo‘lib, unga veb sayt, Android yoki IOS ilovalarini misol keltirish mumkin. “Backend” esa foydalanuvchiga ko‘rinmaydigan qismdir. Uni server, o‘zbekcha aytganda, dasturiy ta’minot deb ham atashadi. Majoziy ma’noda “frontend”ni daraxtning yer yuzasidagi qismi deb olsak, “backend” uning ildizlaridir.

Dastur yaratish ham startap loyihaning bir turi. Aniqrog‘i, bu loyiha ham ishlab chiqarish jarayonidan to amaliyotga joriy etishgacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Dasturiy ta’minotning o‘zi esa kompyuterda muayyan vazifani bajarish uchun ishlab chiqilgan vosita. Ya’ni, dasturiy ta’minot deganda hisoblash texnikasi vositalari bilan ma’lumotlarni qayta ishlash tizimini yaratish va ulardan foydalanish uchun qo‘llaniladigan dasturiy va hujjatli vositalar yig‘indisi tushuniladi.

Shunday qilib, men yaratgan “backend”lar orasida turli yo‘nalishdagilar, xususan, “chat”, “vegan” retsept ilovalari ham bor edi. Lekin eng muvaffaqiyatli loyihalarimdan biri “MyUztelecom” ilovasi uchun yozgan serverim bo‘lgan. Hozirgacha undan oyiga “O‘zbektelekom”ning millionga yaqin mijozi foydalanadi. Ilova orqali foydalanuvchilar ta’riflarini almashtirishi, paket va xizmatlarga ulanishi yoki o‘chirishi mumkin.

Mahalliy kompaniya dasturchiligidan “Amazon”gacha

O‘z ishini yaxshi biladigan, tajribali kadr darhol ko‘zga tashlanadi. Qudratillo ham “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasida ishlash davomida katta loyihalari bilan e’tiborga tushdi. Hatto “LinkedIn” onlayn xizmatlar platformasi orqali unga yirik xorij kompaniyalaridan takliflar kela boshladi. Ular orasida “Bolt”, “EPAM” singari mashhur kompaniyalar ham bor edi. Yosh dasturchi esa masofaviy hamkorliklarga qarshi bo‘lmasa-da, xorijga ketib ishlashni unchalik istamasdi. Ammo “Amazon”dan olgan taklifi uning fikrini o‘zgartirdi.

— Dasturchilik doimiy o‘qib-o‘rganish, izlanishni talab qiladi. Muvaffaqiyatga erishish uchun tajriba katta ahamiyatga ega, — deydi Qudratillo. — Ayniqsa, dunyoda bu soha jadal rivojlanib, hatto davlatlar o‘zlarining raqamli texnologiyalar borasidagi imkoniyatlari orqali yetakchiga aylanayotgan davrda jahon tajribasini o‘rganib borish o‘ta muhim. Chunki yaxshi dasturchi bo‘lish uchun o‘rganishning o‘zi kamlik qiladi, uni ish jarayonida takomillashtirib borish, katta maydonda qo‘llash lozim. Kuchli dasturchilar tajribasini ko‘proq o‘rganish kerak. Men ham jahonga mashhur kompaniyada ishlab, tajriba oshirish imkoniyatini qo‘ldan boy berishni istamadim va “Amazon” tomonidan berilgan taklifni qabul qildim.

Bu yerda juda katta jamoa — 1,5 milliondan ortiq kishi ishlaydi. Tasavvur qilyapsizmi, ular orasida qanchadan-qancha tajribali muhandislar bor. Ular yillar davomida to‘plangan, saralangan. Boisi, kompaniya kecha paydo bo‘lib qolmagan. Unga 1994 yilda Jeff Bezos asos solgan bo‘lsa, o‘shanda u ish faoliyatini onlayn kitob sotish platformasi sifatida boshlagan edi. Asta-sekin boshqa tovarlar sotuvi ham yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga kelib esa “Amazon” dunyodagi eng katta onlayn bozorlardan biri.

Kompaniya 2002 yildan “Amazon Web Services” xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Bu mijozlarning o‘z internet xizmatlarini “Amazon” serverlariga joylash imkoniyatini yaratdi. Men hozir kompaniyaning ana shu tizimida ishlayman. Ya’ni, jamoamiz “Amazon EBS” (xotira) tizimining yuz minglab serverlari yangilanish tizimini ishlab chiqadi. Biz serverlarga yangilanishlarni uzluksiz, to‘la avtomatlashtirilgan holda yetkazib berishga mas’ulmiz. Mazkur AWS xizmatlardan “LinkedIn”, “Facebook”, “Adobe” singari ko‘plab mashhur kompaniyalar foydalanadi. Jamoamizda tajribali dasturchi-muhandislar jamlangan. Ular turli millatga mansub va ulardan men ko‘p narsani o‘rganaman.

Katta tajriba maydoni

Katta kompaniyada ishlash zavqli, albatta. Qudratilloning bu muvaffaqiyatidan ota-onasi, yaqinlari ham juda quvondi. Uni duolar bilan kuzatishdi. Bir qarashda hammasi oddiydek. Ammo qahramonimiz taklifning o‘zi bilanoq katta jamoaga qabul qilinmadi. Avvaliga bir necha bosqichli sinovlardan o‘tdi. Shundan so‘ng kompaniya u bilan 4 yillik shartnoma imzoladi. Ammo bu shu vaqt davomida uning ishi kafolatlanganini anglatmaydi. Yosh dasturchi ish davomida ham sinovda bo‘ladi. Qolaversa, Germaniyaga ham ilk borishi. Yangi sharoitga moslashib ketish uchun vaqt kerak. Lekin oilasining yonida ekani va o‘z ishini sevishi unga kuch berdi.

— “Amazon”ning taklifini qabul qilganimdan so‘ng avval onlayn sinovdan o‘tdim, — deydi u. — Algoritmga doir masalalar, ishga bog‘liq texnik va axloqiy testlar berildi. Shundan keyin 3 haftadan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkaziladigan oxirgi imtihonga tayyorgarlik ko‘ra boshladim. Vaqt juda oz edi. Shu vaqt ichida FAANG (Facebook, Amazon, Apple, Netflix, Google) kompaniyalari intervyulari qanday bo‘lishini o‘zim uchun kashf qildim. Ularda nafaqat texnik, balki tajribadan kelib chiqib javob beriladigan axloqqa doir savollar ham bo‘lar ekan.

Oxirgi imtihon 4 ta suhbatdan iborat bo‘ldi. Har biri bir soatdan davom etib, orada 15 daqiqali tanaffus beriladi. Tushlik uchun 45 daqiqa vaqt ham ajratiladi. Shu tariqa deyarli bir kuningiz intervyu topshirish bilan o‘tadi. Suhbatlar davomida meni “Amazon”da ishlaydigan dasturchi-muhandislar imtihon qilishdi. Oxirgi imtihon natijalari 7—10 kunda aytilgach, jamoa tanlash jarayoni boshlandi. Shunday qilib, kompaniya a’zosiga aylandim.

Bu yerda ish tartibi boshqacharoq. Masalan, birinchi 6 oyda ishdan bo‘shamoqchi bo‘lsam, 2 hafta oldin ogohlantirishim shart. Birinchi 6 oydan keyin esa ogohlantirish muddati 3 oy bo‘ladi. Kompaniya xodimni bo‘shatmoqchi bo‘lsa ham xuddi shu talabga rioya qiladi. Umuman, kompaniyaning 16 ta qat’iy axloq prinsipi bor. Xodimlar bu prinsiplarni bilishi va ularga rioya qilishi juda muhim. Chunki barcha muammolar ana shu prinsiplar doirasida hal etiladi. Imtihonlar chog‘ida ushbu axloqiy prinsiplarga urg‘u berilgani boisi ham shunda.

Kompaniyada 5 ish kuni belgilangan. Shundan 3 kun ofisda bo‘lsam, 2 kun onlayn ishlayman. Nafaqat kompaniyada, balki Germaniyada ham yangi taassurotlar olyapman. Balki bu ushbu diyorga ilk bor kelganim bilan bog‘liqdir. Har holda, e’tiborimni tortayotgan jihatlar talaygina. Masalan, Germaniyada daraxtlar ko‘pligi va ularning hammasiga raqam yopishtirilganini olaylik. Bu yerda o‘simliklarga e’tibor kattaligi shundoq seziladi. Daraxtlarga raqam yopishtirishdan maqsad ham ularni o‘z vaqtida nazorat qilish, har birini tekshirib, parvarishlashdan iborat. Kesilgan daraxt o‘rniga, albatta, yangisi ekiladi.

Shahar ichida yashil parklar ko‘p. U yerda odamlarning dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Uyingiz yonidagi boqqa chiqib, taom pishirishingiz, turli sport o‘yinlari o‘ynashingiz, maysalar ustida tamaddi qilishingiz mumkin. Faqat tabiatga zarar yetkazmaslik sharti bilan, bu nemislarning shaxsiy qoidasiga aylanib ulgurgan. Men ham ushbu qoidaga amal qilgan holda oilam bilan tez-tez yashil parklarda sayr qilishni xush ko‘raman.

Metroga kiraverishda to‘siqlar va chiptani tekshiradigan nazoratchilar yo‘q. Chiptani metro bekatlaridagi avtomat mashina yoki ilova orqali sotib olish mumkin. Kamdan-kam hollarda esa nazoratchi xodim chipta tekshirib yuradi. Agar chiptangiz yo‘q bo‘lsa, jarima to‘laysiz.

Germaniyada velosipedlar uchun ham svetoforlar o‘rnatilgan. Chunki bu yerda ko‘pchilik oddiy va elektron velosipedlardan transport vositasi sifatida foydalanadi. Shaharda chang kam ekani ham e’tiborimni tortdi. Bu yerda poyabzal tez chang bo‘lmaydi.

Umuman, ana shunday kerakli tajribalarni o‘rganish uchun ham xorijda ishlash foydali, deb bilaman. Mendan ko‘pincha maoshim haqida so‘rashadi. Ochig‘i, buni aytish biroz noqulay, ammo yaxshigina haq to‘lanishi rost. Lekin bu yerdan olinadigan tajriba juda muhim.

Ana shunday katta kompaniyalarda o‘zbekistonlik yoshlar ko‘p bo‘lishini istardim. Chunki bizda bu boradagi salohiyat oshib boryapti. Yurtimizda raqamlashtirish jarayonlari jadallashib borishi bilan shu soha kadrlariga talab ortib borayotganini kuzatyapmiz. Zamonaviy kasblarda yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun esa, yuqorida aytganimdek, tinimsiz o‘qib-o‘rganish, bilimlarni boyitib borish va, albatta, tajriba oshirish zarur.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri