“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini Yangi Oʻzbekistonning porloq kelajagi, uning ertangi taraqqiyoti, oʻzbek xalqining farovon hayoti uchun bosib oʻtiladigan yoʻllarning maʼlum bosqichdagi mukammal rejasi deyishimiz mumkin. Ilgari har besh yillik davr uchun strategiya tuzilar edi: 2017-yilda 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha “Harakatlar strategiyasi”, 2022-yilda esa 2022-2026-yillarda “Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish” strategiyasi qabul qilingan. “Oʻzbekiston – 2030” esa yetti yillik muddat uchun ishlab chiqildi.

Aytish kerakki, keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro ekspertiza, mutaxassislar fikri va tahlillari hamda yillar davomida orttirilgan tajriba asosida tuzilgan mazkur rejada vatanimizning 2030-yilgacha amalga oshirishi kerak boʻlgan muhim vazifalari roʻyxati belgilab olingan boʻlib, ushbu hujjat mamlakatda tizimli ravishda olib borilayotgan islohotlarning uzviyligi va mantiqiyligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Strategiyada beshta ustuvor yoʻnalish tanlangan boʻlib, ular tarkibida 100 ta muhim maqsad oʻrin olgan:

  • har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;
  • barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash;
  • suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
  • qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
  • “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish.

Mazkur yoʻnalishlar roʻyxatining eng avvalida taʼlim islohoti turgani barcha sohalar rivoji ushbu tizim sifatiga bogʻliq ekanini koʻrsatadi. Darhaqiqat, qaysi sohani olmaylik, undagi kadrlar faoliyati, albatta, olgan bilimi va egallagan tajribasiga bogʻliq ekanligi yaqqol namoyon boʻlmoqda. Yaxshi taʼlim olgan pedagog yaxshi oʻqitadi, yaxshi taʼlim olgan yurist kuchli advokat boʻladi va hokazo. Yaʼni taʼlim taraqqiyot poydevori ekanligi baayni haqiqatdir.

Mazkur hujjatda maktabgacha, umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim muassasalarini yanada rivojlantirish, ayniqsa barcha yoʻnalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan maqsad-vazifalar hamda ularning amaldagi ijrosini taʼminlash muhim vazifa sifatida belgilab qoʻyilgan. Tizimdagi islohotlar bilan tanishar ekanmiz, oliy taʼlim sohasida 2030-yilgacha roʻy beradigan oʻzgarish va yangilanishlar zamirida mamlakatimiz taraqqiyotining shundan keyingi bosqichlarida faoliyat yuritadigan yetuk, salohiyatli kadrlarni tarbiyalashga qaratilgan dolzarb vazifalar belgilanganligiga amin boʻlamiz.

Islohotlar boshlangʻich taʼlimdan to oliy taʼlimgacha uzviylik asosida, bosqichma–bosqich belgilangani eʼtiborga molikdir. Bu oʻrinda oliy taʼlim qamrovini kengaytirish pirovardida bilimli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish borasida qator muayyan koʻrsatmalar beriladi. Yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini oliy maʼlumotli pedagog kadrlar bilan toʻliq taʼminlashga doir vazifalar shu jumladandir. Sohani jahonning ilgʻor tajribalari asosida takomillashtirish yuzasidan 30 ta oliy taʼlim muassasasining taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qoʻshma taʼlim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, 10 ta oliy taʼlim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy taʼlim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish, ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish kabi koʻrsatmalar belgilanganligi mazkur yoʻnalishda tom maʼnoda yangi davr boshlanayotganidan darak beradi.

Strategiyada yoshlarimizning toʻlaqonli shart-sharoitlarda, shaxsiy rivojlanishning xalqaro tamoyillari asosida bilim olishlarini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidlash kerak. Qoʻshimcha 120 ming oʻrinli oʻquv binolari hamda 150 ming oʻrinli talabalar turar joylarini qurish, kutubxonalarni kamida 1 millionta zamonaviy adabiyotlar bilan toʻldirish va kutubxona fondini toʻliq raqamlashtirish, fundamental tadqiqot yoʻnalishini rivojlantirish va 8 ta yetakchi xorijiy ilmiy maktablar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, til va adabiyot, tarix, arxeologiya, madaniyat va sanʼat yoʻnalishlaridagi ilmiy dasturlar uchun 2 trillion soʻm ajratish belgilangani yuqoridagi fikrimizning yorqin dalilidir.

Ilm-fan taraqqiyotini jadallashtirish maqsadida yosh tadqiqotchilarning ulushini oshirish, ularning ilmiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlashga doir aniq mezonlar ishlab chiqilgani yoshlarga va xususan ilm ahliga qaratilgan yuksak eʼtibor timsolidir. Bu borada 40 yoshgacha boʻlgan tadqiqotchilarning ulushini kamida 60 foizga yetkazish, ilmiy tashkilot xodimlarining ish haqini oʻrtacha 2 barobarga oshirish, ilmiy, amaliy, innovatsion va startap loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha yillik tanlovlar sonini 20 taga yetkazish, stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktorantura hamda maqsadli doktorantura kvotalari sonini 5 200 taga yetkazish belgilangani gʻoyat quvonarlidir.

Xalq muhokamasiga havola etilgan mazkur hujjat aynan xalq farovonligi va uning ijtimoiy-maʼnaviy taraqqiyotiga qaratilganiligi bilan ulugʻvordir. Unda aholiga gʻamxoʻrlikni kuchaytirish, ijtimoiy himoya qilish va qulayliklar yaratish maqsadida har bir shahar va tumanlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini tashkil etish, kambagʻallik darajasini qisqartirish, aholini daromadli mehnat bilan band qilish, ijtimoiy sugʻurta tizimini takomillashtirish, fuqarolarni davlat hisobidan kasb-hunarga oʻqitish singari oʻnlab hayotbahsh islohotlar belgilab qoʻyilgan. Jumladan, odamlarning zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish boʻyicha kasbiy koʻnikma va malakalarini rivojlantirish, hunar va zamonaviy kasblarga oʻqitish orqali ishsizlikni kamaytirish, hududlarda xizmat koʻrsatish va servis sohalarini rivojlantirish orqali xizmat koʻrsatish hajmini 3 baravarga oshirish, oʻrta va yirik shaharlar hamda aholisi 300 mingdan koʻp boʻlgan tumanlarda zamonaviy bozor xizmatlari, IT, taʼlim, tibbiyot, yuridik, sanʼat, turizm, mehmonxona va umumiy ovqatlanish hamda transport xizmatlarini rivojlantirish kabi keng koʻlamli vazifalar zamirida elning turmush tarzini yaxshilash, moddiy taʼminotini mustahkamlash koʻzda tutilmoqda.

2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirish Yangi Oʻzbekiston uchun katta maqsaddir. Bu borada belgilangan ishlar sirasida mahalliy xomashyo bazasidan samarali foydalanish va ilgʻor texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish, transport va logistika, qishloq xoʻjaligida hosildorlik yoʻnalishlarida 8 ta ilmiy-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish, sanoatning “drayver” sohalarini rivojlantirish va hududlarning sanoat salohiyatini toʻliq ishga solish, bank tizimida islohotlarni jadallashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 25 ming MVt hamda jami isteʼmoldagi ulushini 40 foizga yetkazish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash, qishloq xoʻjaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish kabi muhim yoʻnalishlar alohida oʻrin olgan.

Soʻnggi yillarda muhim sohalar sirasidan mustahkam oʻrin egallagan tabiat imuhofazasi borasida ham talay vazifalar ilgari surilgan. Ekologiya va suvdan oqilona foydalanish madaniyatini rivojlantirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning chinakam “ovoziga” aylantirish, xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha belgilangan koʻrsatmalar atrof olamdagi jarayonlarni boshqarish va mavjud resurslarni asrashda yangicha yondashuvni taʼminlaydi. Shuningdek, erkin fuqarolik jamiyatini va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, Oʻzbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha xabga aylantirish, sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni taʼminlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish va eng muhimi, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish borasida ham aniq vazifalar roʻyxati tuzilgani ahamiyatlidir.

Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil amalga oshirish, Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, jahon savdo tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlish, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish, chegaralar xavfsizligini mustahkamlash kabi dolzarb vazifalar bajarilishi yurtimiz taraqqiyotining asosiy omillari sifatida alohida belgilab qoʻyilgan.

Xulosa qilib aytganda, ushbu mahobatli reja davlatimiz taraqqiyoti uchun zarur barcha mezonlar puxta ishlab chiqilganligi bilan tarixiy ahamiyatga ega ekanligi tayin. Shubhasizki, bu jahon hamjamiyati oldida davlatimiz mavqei va obroʻsini yanada mustahkamlashga va oliy maqsadimiz boʻlmish inson qadrini ulugʻlashga xizmat qiladi.

Akmal Oʻrinov,

FarDU agrar qoʻshma fakulteti deкani,

dotsent,

Iqtisodiyot fanlari nomzodi