Oʻzbekiston – Germaniya “Hokimlikka tayyorlash maktabi” ochildi

    Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Sholsning mamlakatimizga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ikki davlat qoʻshma taʼlim dasturi – Boshqaruv kadrlarini tayyorlash maktabi ochildi.

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols masofadan qatnashib, ushbu majmuani rasman ochib berdi.

    Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Germaniya munosabati keng koʻlamda rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, texnologik, madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan. Ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi qizgʻin siyosiy muloqot yangi-yangi samarali tashabbuslar uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

    Bugungi kunda mamlakatimizda nemis sarmoyasi ishtirokida 200 dan ortiq korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Respublikamiz bozorida Germaniyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari – “Deutsche Kabel”, “Knauf”, “Claas”, “Papenburg” va “Falk Porsche” muqim joylashgan. “Siemens”, “BASF”, “Thissen Group”, “Roland Berger”, “Adidas Group” kabi mashhur kompaniyalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. “Deutsche Bank”, “Commerzbank” va “Landesbank” bilan aloqalar rivojlanmoqda.

    Xususan, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Germaniyaning Xanns Zaydel jamgʻarmasi va Bavariya davlat boshqaruvi maktabi hamkorligida ishlab chiqilgan konsepsiya asosidagi qoʻshma taʼlim dasturi – Boshqaruv kadrlarini tayyorlash maktabi tuman, shaharlar rahbarlik lavozimlariga zaxira yaratish maqsadiga qaratilgan.

    Shuningdek, marosimda Akademiya rahbariyati, professor-oʻqituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari, Agentlik hamda vazirlik, idoralar rahbarlari, hamkor tomon mutasaddilari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov mazkur oʻquv dasturining istiqboli haqida soʻz yuritdi. Mamlakatimizda zamonaviy bilim va koʻnikmaga ega, ilgʻor xorijiy tajribani oʻzlashtirgan boshqaruv kadrlarini tayyorlash yoʻlida olib borilayotgan amaliy ishlarga alohida toʻxtaldi.