Tashrifdan koʻzlangan maqsad esa ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik masalalarini kengaytirish, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etishdan iborat boʻlib, 20-may kuni oliy darajadagi Oʻzbekiston-Vengriya muzokaralari boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyani imzoladi. Unda bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, ekstraditsiya toʻgʻrisidagi shartnoma; iqlim oʻzgarishi sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim; tabiiy ofatlarni boshqarish; ilm-fan va innovatsiyalar; tinch atom sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi idoralararo kelishuvlar almashildi.
Uchrashuvda strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi, xususan, oʻzaro savdo hajmining ortayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yetakchi korxonalarning kooperatsiyasi kuchayayotgani taʼkidlandi. Hozirgi kunda 500 million dollarni tashkil etayotgan qoʻshma investitsiya loyihalari portfelini 1,5 milliard yevrolik yangi loyihalarga oshirish taklifi berildi.
Vengriyaning rasmiylari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda davlatimiz rahbari transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, avtomobil yoʻllari va logistika markazlarini qurish, kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, kimyoviy tovarlar, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalar, baliqchilik kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish takliflarini berdi va mazkur masalalar boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Qolaversa, Oʻzbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini qayta tiklash va yaqin fursatda uning navbatdagi yigʻilishini biznes vakillarining keng ishtirokida oʻtkazish taklif qilindi.
Madaniyat, fan va taʼlim sohasida sohasida qilingan ishlar, xususan, oʻtgan yilning oktyabr oyida Lakitelek shahrida buyuk shoir Alisher Navoiy byusti ochilgani, joriy yilning yanvar oyida Budapeshtda Oʻzbek kinosi kunlari oʻtkazilgani taʼkidlandi. Bundan keyin rejalashtirilgan ishlar masalasi hal qilindi. Unga koʻra, kelgusi yilni Oʻzbekiston va Vengriya madaniyati yili deb eʼlon qilish taklifi berildi. Taʼlim almashinuvi boʻyicha “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasidagi hamkorlik davom ettirilib, ikki mamlakatda tan olinadigan diplomlar berish tizimini joriy etish va mamlakatimizda Vengriya oliy taʼlim muassasalarining filiallarini tashkil etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi, shuningdek, joriy yilda Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Vengriya rektorlarining uchinchi forumini oʻtkazish taklif qilindi.
Vengriyaga qilingan tashrifning muhim nuqtalaridan biri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 21-may kuni Vengriya poytaxtida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etganidir. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban raisligida oʻtgan tadbirda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiyaning yetakchilari hamda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.
Sammit avvalida tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Prezidentimiz oʻz nutqida jahonda geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim oʻzgarishi oqibatlari kuchayib borayotgan bugungi murakkab vaziyat shiddat bilan oʻzgarib borayotganini, dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda, birinchi navbatda, xalqaro huquq normalari va BMT Nizomiga tayangan holda tashkilot davlatlarining umumiy yondashuv va pozitsiyalarini mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
Siyosiy jihatdan Oʻzbekiston tashabbusi bilan Turkiy davlatlar oʻrtasida strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Mazkur hujjat xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va koʻp qirrali hamkorlikning uzoq muddatli huquqiy bazasini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Prezidentimiz savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, tashkilot mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasida oʻzaro savdo ulushini oshirish maqsadida “Turk-treyd” onlayn platformasini yaratish va tovar ayirboshlashni koʻpaytirish boʻyicha amaliy dastur qabul qilish taklif etildi. Transkaspiy xalqaro yoʻlagi orqali yuk tashish hajmining oʻsishini taʼminlash va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirish maqsadida davlatimiz rahbari ushbu yoʻnalish boʻylab “yagona darcha” va “yashil yoʻlaklar” tizimini tez fursatda joriy etishga chaqirdi. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida Turkiy davlatlarning multimodal transport va logistika xalqaro forumini oʻtkazish rejalashtirilganini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari Turkiy investitsiya jamgʻarmasi taʼsis etilganini olqishlab, innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Qoʻshma venchur kompaniyasi va Tashkilotga aʼzo mamlakatlarning investitsiyaviy imkoniyatlarini taqdim etadigan yagona portal tashkil etish muhim ekanini taʼkidladi. Sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida kimyo, energetika, togʻ-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish taklif qilindi.
Prezidentimiz oʻz nutqida fan, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratib, “jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan, barchamizning faxr-iftixorimiz boʻlgan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganish va dunyoga tarannum etish biz uchun sharafli va masʼuliyatli vazifadir. Shu bois ilm-fanni rivojlantirish va yosh avlod uchun taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish niyatida «Turkiy dunyo xartiyasi”da “Ilmdan oʻzga najot yoʻq” degan yuksak axloqiy gʻoyani muhrlab qoʻydik» degan fikrni bildirdi. Shu munosabat bilan Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universitetining ochilishi tashkilotga aʼzo mamlakatlarning taʼlim dasturlarini amalga oshirish va iqtidorli yoshlarni tayyorlashga munosib hissa boʻlishini, mazkur oʻquv dargohida turkiy davlatlarning yetuk professor va olimlari faoliyat olib borishi koʻzda tutilayotgani, bu esa yosh avlodning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishini, ularning zamonaviy bilimlarni egallashiga munosib hissa qoʻshishini taʼkidladi. Shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY faoliyati va tuzilmasini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda Turkiy madaniyat jamgʻarmasi kengashining navbatdagi yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etdi. Sammit yakunida Budapesht deklaratsiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha boshqa qator hujjatlar qabul qilindi.
Ushbu uchrashuv, shubhasiz, mintaqaviy siyosat va xalqaro aloqalar doirasida muhim bosqichlardan biri boʻlib qolishi bilan birga, Oʻzbekiston – Vengriya oʻrtasidagi aloqalarning yanada kuchayishiga, qolaversa, Turkiy davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishi uchun navbatdagi muhim bosqich boʻlib xizmat qiladi.
Bahodir Maʼmurov,
Xalq deputatlari Buxoro shahar kengashi deputati,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor
Hamkorlik materiali









