“O‘zbekiston-2030” strategiyasida ta’lim-tarbiya masalalari

    Fikr 29 Mart 2024 339

    Ma’lumki, maqsad qanchalik aniq va ravshan bo‘lsa, unga erishish shunchalik oson kechadi. Insonlar yaxshi yashash uchun o‘z maqsadi sari tinimsiz harakat qilgani singari jamiyat va davlatlar ham xalqining farovon yashashi, avlodlarining kelajagi porloq bo‘lishi uchun o‘z manzillarini aniqlab oladilar.

    2023-yil 11-sentyabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek ezgu maqsad sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini ko‘pchilik tahlilchilar Xalq strategiyasi deb atamoqdalar. Beshta yo‘nalish, yuzta asosiy maqsadni birlashtirgan mazkur normativ-huquqiy hujjatda mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq bo‘lgan ta’lim tizimi islohotlariga asosiy e’tibor qaratilgan. Zotan, jadid mutafakkiri Abdulla Avloniy ta’kidlaganlaridek, «Ilm dunyoning izzati. Ilm inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas bir fazilatdir. Zeroki, ilm bizga o‘z ahvolimizni, harakatimizni oyna kabi ko‘rsatur. Zehnimizni, fikrimizni qilich kabi o‘tkir qilur».

    Ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya, ma’naviyat insonni kamolotga yetaklovchi, unga najot, kuch beruvchi buyuk ne’mat ekani, bugungi tezkor va shiddatli dunyoda yanada yaqqolroq namoyon bo‘lyapti.

    Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish hamda «xavfsiz va tinchliksevar davlat» tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish maqsadida ishlab chiqilgan hujjatda 2030-yilgacha bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish qat’iy belgilab qo‘yildi. 100 foiz maktabgacha ta’lim tashkilotlari toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan ta’minlanadi. Olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, ta’lim tashkilotlariga har yili 500 nafar «til egalari» bo‘lgan xorijiy mutaxassislar jalb etiladi, barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslari joriy etilib, pedagoglarning o‘rtacha ish haqi 2 barobarga oshiriladi, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi esa 50 foizga yetkaziladi.

    «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida, shuningdek, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlash va shu asosda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, milliy qadriyatlar va ma’naviy merosimizni asrab-avaylash, keng ommalashtirish hamda rivojlantirish bo‘yicha ham yangicha yondashuvlar joriy etilishi belgilangan. Kitobxonlar sonini 5 millionga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratilgani esa ushbu hujjatda tarbiya va ta’lim birlamchi o‘ringa ko‘tarilganini anglatadi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi PF-37-son Farmonida 2024-yil 1-martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilishi belgilandi. Mazkur rahbarlar har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib borishi lozimligi belgilandi.

    Shuningdek, mazkur farmonda 7,5 ming nafar yoshlar zamonaviy kasblarga o‘qitilishi, xalqaro imtihon tizimlarida chet tillari bo‘yicha yuqori ball olgan 6 ming nafar yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berilishi, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning bilimlarni baholash tizimi qo‘shimcha 1 000 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida joriy qilinib, fanlardagi amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60 foizgacha oshirilishi belgilandi.

    Ayniqsa, 2024-yil 1-sentabrdan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida 100 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotganligi vohamiz yoshlari uchun davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasi bo‘ldi.

    «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi»da esa Nodavlat va respublikada faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida davlat grantlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash o‘rnini faqat kunduzgi ta’lim shaklida 1200 taga yetkazish (20% ga oshirish) yuzasidan takliflarni shakllantirish belgilandi.

    Shuningdek, davlat dasturida, bakalavriatdagi ta’lim tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqish va mazmun jihatidan yaqin bo‘lgan yo‘nalishlar birlashtirilib, zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish, buxgalteriya, logistika, marketing, IT, dizayn, turizm kabi bakalavriat yo‘nalishlarida o‘qish muddatini qayta ko‘rib chiqish, bio-muhandislik, nano-texnologiya, IT injiniring, urbanistika, yashil energetika kabi istiqbolli yangi mutaxassisliklarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, Muhandislik-texnik sohasidagi 33 ta davlat oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini kompleks tahlil qilish, fundamental ilmiy-tadqiqot loyihalariga yetakchi xorijiy ilmiy tashkilot, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalaridan hamrahbar tayinlash kabilar rejalashtirilmoqda.

    Xulosa qilib aytganda, mazkur strategik ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar quruq raqamlardan yoki asossiz dasturlardan iborat emas. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan har bir yo‘nalish va vazifalarning moliyaviy manbalari hal etilib, shu kunlarda ularning ijrosi ta’minlanishi aniq belgilangan. Belgilangan vazifalar yanada samarali bo‘lishi uchun esa Davlat rahbari tomonidan ta’kidlanganidek, vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantirishimiz kerak. Zero, yagona maqsadimiz Vatanimizni kuchli huquqiy davlat va farovon fuqarolik jamiyatiga aylantirishdir.

    O‘ral Axmedov,

    Termiz muhandislik-texnologiya instituti rektori