Oʻzbekiston daryolarining suvlilik darajasi pasaymoqda. Qanday chora koʻriladi?

    Iqlim oʻzgarishi va boshqa antropogen taʼsirlar oqibatida Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon va shu kabi yirik daryolar shakllanadigan muzliklar oʻrtacha 30 foizga qisqarib, daryolarning suvlilik darajasi pasaymoqda.

    Bu haqda suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Vohidjon Ahmadjonovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi deputatlariga bergan axborotida aytilgan.

    Taʼkidlanganidek, global iqlim oʻzgarishi, shuningdek, transchegaraviy suvdan foydalanish muammolari tufayli yillik olinayotgan suv belgilangan limitiga nisbatan oʻrtacha 20 foizga qisqargan. Hozirda Oʻzbekiston nufusi 34 milliondan oshib, aholi jon boshiga oʻrtacha 1500 kub metr suv toʻgʻri kelmoqda. Mutaxassislar taxminicha, 2030-yilgacha aholi soni 39 millionga koʻpaysa, bu koʻrsatkich 1250 kub metrga tushib ketishi mumkin. Oʻshanda aholining ichimlik suviga boʻlgan talabi 2,3 milliard kub metrdan 3 milliard kub metrga yetishi kutiladi. Shuningdek, sanoat va energetika sohalari faol rivojlanib, yillik suv isteʼmoli 1,9 milliard kub metrdan 2030-yilga borib 3,5 milliard kub metrga yetadi.

    Qanday choralar koʻrilmoqda?

    Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari axborotida aytilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida tarmoqni 2030-yilgacha rivojlantirishning 11 ustuvor yoʻnalishi belgilangan. Ularda mamlakatimizning barcha iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan kafolatli taʼminlab, suv xavfsizligiga erishish koʻzda tutilgan. Shuningdek, suvni yetkazib berish uchun davlat xarajatlarini isteʼmolchilar tomonidan qoplash mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

    Deputatlar aksariyat suv xoʻjaligi obyektlaridan 50-60 yildan buyon foydalanib kelinayotgani, ularning texnik holati talabga javob bermasligi, suvning 35-40 foizi sugʻorish tarmoqlarida yoʻqotilayotganini hisobga olib, ularni bartaraf etish boʻyicha vazirlikka takliflar berdi.