Oʻzbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining muloqotida qatnashdi

    Markaziy Osiyo mamlakatlari Yetakchi ayollari forumi vakillari Bryusselga safari chogʻida Yevropa Ittifoqining institutlari faoliyati bilan tanishdilar.

    BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi (RSPDSA) tomonidan Yevropa Ittifoqining qoʻllab-quvvatlashi asosida tashkil etilgan ushbu tadbir Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi muloqotni rivojlantirish va mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish nuqtayi nazaridan muhim voqea boʻldi.

    Tashrifdan koʻzlangan maqsad “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibini amalga oshirish boʻyicha Yevropa Ittifoqi tuzilmalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan oʻzaro tajriba almashish hamda iqtisodiy va ijtimoiy hayotning barcha sohalarida xotin-qizlarning salohiyatini oshirishdan iborat edi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibidan Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar masalalari qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva va “SABR” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi direktori Mavluda Shirinova joy oldi.

    Markaziy Osiyo delegatsiyalari Yevropa Ittifoqining yuqori martabali vakillari, jumladan, gender va xilma-xillik boʻyicha elchi Stella Ronner-Grubachich, Yevropa komissiyasining xalqaro hamkorlik boʻyicha bosh direktori oʻrinbosari Miriyam Ferran, tinchlik qurilishi sohasida fuqarolik jamiyati ishtiroki boʻyicha Yevropa idorasi direktori Sonya Reyners-Djivanides, energetika boʻyicha komissar Kadri Simson, taʼlim, sport, yoshlar va madaniyat boʻyicha xalqaro oʻlchovlar bosh maslahatchisi Tamas Shuks, demokratiya va demografiya boʻyicha Yevropa komissiyasining vitse-prezidenti Vesna Lonkarich, shuningdek, Ayollar lobbisining ijrochi kotibi Meri Kollinz bilan uchrashuvlar oʻtkazishdi.

    Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel idorasida uning bosh diplomatik maslahatchisi Simon Mordu va tashqi siyosat boʻyicha katta maslahatchisi Magdelena Grono bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Safar doirasida Yevropa parlamenti deputati Tomas Zdexovski raisligida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik yuzasidan delegatsiya tomonidan tashkil etilgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasida xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikka bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Tadbir chogʻida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqida gender tenglik siyosatini amalga oshirish bilan bogʻliq keng koʻlamli masalalar atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlarning rolini oshirish va kuchaytirish maqsadida mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro fikr almashdilar.

    Umuman olganda, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari delegatsiyalarining Yevropa Ittifoqi institutlarida boʻlishi ikki mintaqa oʻrtasida, jumladan, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini qoʻllab-quvvatlash sohasidagi koʻp qirrali hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

    Yevropa Kengashi Prezidenti devoni va Yevropa tashqi harakatlar xizmati vakillari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi barcha darajadagi aloqalarning ijobiy dinamikasini, shu jumladan, Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishelning mintaqaga tashriflarini, shu jumladan, oliy darajadagi hamda “Markaziy Osiyo – YEI” formatidagi va boshqa ikki tomonlama darajadagi uchrashuvlar doirasidagi samarali muzokaralarini qayd etdilar.

    Yevropa Ittifoqi vakillari, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish maqsadida joriy yil 23-oktyabr kuni Lyuksemburgda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi Vazirlar uchrashuvida qabul qilingan “yoʻl xaritasi” oʻzaro munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan oʻnlab amaliy tadbirlarni oʻz ichiga olganini taʼkidladilar.

    Bryusseldagi tadbirlar ishtirokchilari Markaziy Osiyoda gender tengligini taʼminlashda hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda Yetakchi ayollar forumining muhim oʻrnini qayd etishdi, shuningdek, ular qoʻshni Afgʻonistonda xotin-qizlar huquqlari bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilashga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi ham taʼkidlandi.

    Safar davomida barcha uchrashuvlar ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi. Yevropa Ittifoqi institutlari vakillarining maʼlum qilishlaricha, oʻzbekistonlik yetakchi ayollar delegatsiyasi oʻtkazilgan tadbirlar mazmundorligiga salmoqli va sifatli hissa qoʻshdi.