COVID-19 pandemiyasi dunyo hayotiga kuchli salbiy taʼsir koʻrsatdi va global ahamiyatga ega jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi. Buni, ayniqsa, iqtisodiy sohada yaqqol kuzatish mumkin. Dunyo pandemiya oqibatlaridan hamon qutula olgani yoʻq. Boz ustiga, sayyoramizning ayrim mintaqalarida notinch vaziyat yuzaga keldi. Bu ham iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyotga salbiy taʼsirini koʻrsatmasdan qolmayapti.

Bunday vaziyatda oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash, transport logistikasi tizimlari rivoji bilan bogʻliq muammolarni hal qilishni jahondagi har bir mamlakat oldiga muhim vazifa sifatida qoʻymoqda. Chunki buning ortida millionlab inson taqdiri bor.

Oʻzbekiston 2022–2026-yillarda barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish, inson kapitalini rivojlantirish va kambagʻallikni kamida 2 barobar qisqartirishni maqsad qilgan. Unga erishish uchun tub oʻzgarishlar amalga oshirilyapti. Buni iqtisodiyotda xususiy sektor rolini oshirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, aholining kambagʻal va ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash hamda inflyatsiya surʼatlarini jilovlash, hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan dasturlar misolida koʻrish mumkin. Albatta, iqtisodiy islohotlar zamirida, avvalo, inson manfaatlari yotibdi.

Bu saʼy-harakatlar oʻz natijasini berya pti. Makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy oʻsishga erishilayotgani, oziqovqat xavfsizligi taʼminlanayotgani xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilayotir. Birgina misol. Oʻzbekiston Global oziqovqat xavfsizligi indeksida 85-oʻrindan 73-oʻringa koʻtarildi va oziq-ovqat xavfsizligi moʻtadil boʻlgan mamlakatlar toifasiga kiritildi. Reyting mualliflarining fikricha, Oʻzbekiston soʻnggi uch yil ichida bu borada eng katta muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlar oʻntaligida birinchi oʻrinni egallagan. Biroq oldinda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar ham kam emas. Koʻzlangan maqsadlarga erishishda, shubhasiz, xalqaro tashkilotlar, yirik xorijiy kompaniyalar va taniqli ekspertlar bilan hamkorlikning roli katta. Joriy yilning 3-4-noyabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgan II Oʻzbekiston iqtisodiy forumida ham ana shu hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Forumda xalqaro moliyaviy institutlar, tadqiqot muassasalari, konsalting va yuridik kompaniyalarning 900 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi. Anjumanda 600 nafarga yaqin mahalliy mutaxassis qatnashdi.

Makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, xususiy sektor, sanoat, energetika, moliyaviy bozorni rivojlantirish, gender tenglikka erishish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, iqlim oʻzgarishi hamda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, qulay va ochiq biznes muhitini shakllantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish forum ishtirokchilarining muhokama markazidagi mavzular boʻldi. 14 ta panel sessiya Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga bagʻishlandi. Bundan tashqari, hamkorlar tomonidan dolzarb iqtisodiy mavzularga oid tadbirlar oʻtkazildi.

Har qanday tadbir hayotda qanday amaliy iz qoldirishi bilan baholanadi. Shu nuqtayi nazardan, Samarqand forumi natijalari salmoqli boʻldi, deb bemalol aytish mumkin. Forum doirasida xususiy sektorni moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklik, byudjetni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim, energetika, shaharlarni kompleks rivojlantirish va sanoat sohalariga taalluqli umumiy qiymati 3,8 milliard AQSH dollariga teng 62 loyiha yuzasidan bitimlar imzolandi. Bu esa xalqaro tashkilotlar, yirik moliyaviy muas sasa va kompaniyalarning Oʻzbekistonga, bu yerdagi iqtisodiy sharoit, investitsion muhit, hamkorlik istiqboliga ishonchi yuqori ekanidan dalolat beradi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari xorijlik ishtirokchilar oʻrtasida oʻtkazgan oʻziga xos soʻrov ham bu fikrni yana bir karra tasdiqladi. Soʻrovnomadan “Oʻzbekistondagi hozirgi iqtisodiy vaziyatni qanday baholaysiz?”, “Oʻzbekistonning bundan keyingi taraqqiyotidagi asosiy manbalarni nimalarda koʻrasiz?”, “Forumning asosiy yutuqlarini qanday tavsiflaysiz?” kabi savollar joy oldi.

Institut ekspertlari “Oʻzbekistondagi hozirgi iqtisodiy vaziyatni qanday baholaysiz?” degan savolga berilgan javoblarda “oʻsayotgan”, “ochiq”, “imkoniyatlar”, “salohiyat”, “barqaror” kabi soʻzlar koʻp qoʻllanganini qayd etdi.

“Oʻzbekistonning bundan keyingi taraqqiyotidagi asosiy manbalarni nimalarda koʻrasiz?” savoliga javoblarda “axborot texnologiyalari”, “moliya” yoki “zamonaviy texnologiyalar” emas, balki “inson kapitali”, “innovatsiya”, “shaffof lik”, “toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy inves titsiyalar”, “hamkorlik” asosiy soʻzlar boʻldi.

“Forumning asosiy yutuqlarini qanday tavsiflaysiz?” savoliga javoblarda esa “ishonch”, “ochiq muloqot”, “kelishuvlar”, “aloqalar”, “rejalar” kabi soʻzlar tez-tez takrorlandi.

Shu bilan birga, xalqaro hamkorlar tomonidan forum doirasida kuzatishlar va xulosalar bildirildi. Jumladan, xalqaro hamkorlar Oʻzbekiston toʻgʻri yoʻnalishdagi iqtisodiy siyosat va ijtimoiy choralar tufayli COVID-19 pandemiyasini barqaror holatda oʻtkazganini ijobiy baholadi.

Jahon bankining baholashicha, Oʻzbekiston mintaqa darajasida oʻz barqarorligini namoyish etyapti va u Yevropa va Markaziy Osiyo miqyosida eng yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatiga erishadigan mamlakatlardan biri boʻladi.

Xalqaro ekspertlar fikricha, davlat korxonalarini xususiylashtirish, shuningdek, axborot texnologiyalari muhim rol oʻynashi lozim boʻlgan taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlarida islohotlarni davom ettirish ham ahamiyatli.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yaqin yillarda ham jiddiy muammoligicha qolishi inobatga olinadigan boʻlsa, mintaqaviy munosabatlarni mustahkamlash va savdo aloqalarini yaxshilash katta ahamiyatga ega. Oʻzbekistondagi bundan keyingi iqtisodiy oʻsishda davlat emas, balki xususiy sektor yonilgʻi vazifasini oʻtashi kerak.

Forum ishtirokchilarining taʼkidlashicha, Oʻzbekiston energetika sohasida muvaffaqiyatga erishyapti. Endi esa uni bank sohasida ham namoyish etish payti keldi. Moliya sektorini rivojlantirishda inklyuzivlikka eʼtibor qaratish lozim. Inklyuziv moliya tizimi nafaqat obligatsiya va aksiyalar, balki derivativlar va boshqa moliyaviy vositalarni ham oʻz ichiga oladi. Fond bozoriga ichki bozorning yangi ishtirokchilarini jalb qilish uchun aholining moliyaviy savodxonligini oshirish juda muhim.

Barqaror taraqqiyot islohotlar markazida boʻlishi kerak. Rivojlanishning kun tartibini ham u belgilaydi. Ayni chogʻda hukumat tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalash strategiyasi ishlab chiqilyapti. U moliyaviy xatolarni bartaraf etishi va milliy maqsadlarga erishishda davlat va xususiy moliyalashning mos yoʻnalishini taʼminlashi mumkin.

Gender tenglikni taʼminlash ham forum ishtirokchilari eʼtiboridan chetda qolmadi. Xalqaro mutaxassislarning qayd etishicha, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish xayriya loyihasi emas, balki iqtisodiy oʻsish uchun zarur asosdir. Ayollar tadbirkorligi bilan bogʻliq bir qancha muammolar mavjud. Bolalar parvarishi boʻyicha sifatli va arzon xizmatlar yoʻlga qoʻyilishi ayollarning mehnat bozoriga qaytishi uchun keng imkoniyat yaratadi.

Taʼlim masalasiga kelganda, uni demografik muammolarni boshidan kechirayotgan mahalliy, mintaqaviy va global bozorlarning hozirgi va kelgusidagi ehtiyojiga moslash va hamkorlikni yaxshi yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega.

Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston tabiiy resurslar, inson kapitali, ilmiy salohiyat nuqtayi nazaridan katta imkoniyatlarga ega mamlakat. Eng asosiysi — ana shu imkoniyatdan oqilona foydalanish. Samarqandda oʻtkazilgan iqtisodiy forum mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, oʻzaro tajriba almashish hamda hamkorlikni mustahkamlash uchun katta va juda yaxshi platforma vazifasini oʻtadi.

Umid OBIDXOʻJAYEV,

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori