Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlar “World Jewish Travel” xalqaro platformasiga joylashtirildi

    Turizm 16 Fevral 2023 1167

    Isroilning Tel-Aviv shahrida IMTM-2023 Xalqaro Oʻrtayer dengizi sayyohlik yarmarkasi (“The International Mediterranean Tourism Market”) davom etyapti.

    Yarmarkada Madaniyat va turizm vazirligi, “Milliy PR -markazi” DUK, “Uzbekistan Airways” AJ hamda sayyohlik kompaniyalari vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi ham qatnashyapti.

    Bugun, yarmarkaning ikkinchi kunida “Ennis Culture Centre” madaniyat markazida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi vakillari tomonidan Oʻzbekistonning turizm salohiyati taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Bundan tashqari, yarmarka doirasida “World Jewish Travel” notijorat tashkiloti saytida (www.worldjewishtravel.org) Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlar ham joylashtirildi.

    Maʼlumot uchun, World Jewish Travel (WJT) tashkiloti yahudiylarning sayohatini targʻib etish, sayt foydalanuvchilariga butun dunyo boʻylab yahudiy madaniyatini kashf etish va his qilishda yordam berishga moʻljallangan.

    Shuningdek, yarmarkada Isroil turoperatorlari bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari va qoʻshma turlarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.

    Qolaversa, joriy yil noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan TXTYA-2023 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi masalalari ham kun tartibidan oʻrin olgan, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.