Oʻzbekiston madaniyati va turizm salohiyati Chexiyada targʻib etiladi

    Turizm 19 Yanvar 2023 1283

    Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov Praga shahrining «Valav Havel» nomli xalqaro aeroporti tijorat direktori Yaroslav Filipni qabul qildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston hamda Chexiya oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki davlat oʻrtasida charter aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, «Valav Havel» nomidagi xalqaro aeroport bilan hamkorlikda Oʻzbekiston madaniyati va turizm salohiyatini targʻib qiluvchi loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.

    Uchrashuv yakuniga koʻra, yurtimizning turizm salohiyatini Chexiya ommaviy axborot vositalari hamda aeroport hududida keng targʻib etish, turizm sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarini jalb etgan holda Oʻzbekiston – Chexiya forumini oʻtkazish, shuningdek, ikki davlat ommaviy axborot vositalari vakillari uchun infoturlar tashkillashtirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.