Forum ikki davlat madhiyalari sadolari ostida tantanali ravishda ochildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Malayziya Oliy ta'lim vaziri Zambry Abdul Kadir o‘z nutqlarida ikki mamlakat o‘rtasidagi oliy ta'lim sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Forum doirasida 50 dan ortiq hamkorlik hujjatlari imzolandi. Bu kelishuvlar qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy-tadqiqot loyihalari va innovatsion hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan. Ayniqsa, huquqshunoslik sohasidagi hamkorlik alohida e'tiborga molik.
Jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti Malayziyaning yetakchi universitetlari — Universiti Sains Islam Malaysia, Universiti Kebangsaan Malaysia va University Malaya bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Bu hamkorlik doirasida moliyaviy-huquqiy texnologiyalar sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi va xalqaro ilmiy nashrlarda maqolalar chop etish rejalashtirildi.
Shuningdek, Osiyo xalqaro arbitraj markazi (AIAC) bilan hamkorlik o‘rnatilib, xalqaro arbitraj va mediatsiya sohasida mutaxassislar tayyorlash, xalqaro tanlovlarda talabalar ishtirok etish imkoniyatlari yaratildi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro huquq sohasidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonning 500 ga yaqin fuqarosi Malayziyaning turli universitetlarida ta’lim olmoqda. O‘z navbatida, malayziyalik talabalar ham mamlakatimizning “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olmoqda.
O‘zbekiston va Malayziya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 94 ta bitim, shartnoma va kelishuv amal qilmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida 195 nafar o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchi Malayziya oliy ta’lim tashkilotlarida malaka oshirdi. O‘z navbatida, 230 nafar malayziyalik professor-o‘qituvchi O‘zbekiston universitetlaridagi o‘quv jarayoniga jalb etildi.
Ta’lim forumi doirasida o‘tkazilgan madaniy dastur ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladi. O‘zbek va malayziyalik san’atkorlarning chiqishlari tadbir ishtirokchilariga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Shubhasiz, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik kelajakda yanada kengayib, yangi-yangi loyihalar va dasturlar bilan boyib boradi. Bu hamkorlik nafaqat ta’lim sifatini oshirishga, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma'rifiy aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Islambek Rustambekov,
TDYU rektori v.b., yuridik fanlar doktori, professor