Mamlakatimiz yetakchisi bugun, 8-oktyabrda boʻlib oʻtadigan MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etadi.
MDH davlatlari va institutlari bilan aloqalarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.
Oʻzbekiston MDH tashkil topganidan buyon aʼzo davlatlar bilan barcha yoʻnalishlarda samarali hamkorlikni mustahkamlab, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini, iqtisodiy aloqalarni ham koʻp tomonlama, ham ikki tomonlama shakllarda rivojlantirishda faol ishtirok etib kelyapti.
Hamdoʻstlik doirasida Oʻzbekiston uning 65 ta tarmoq tuzilmalari faoliyatida faol qatnashyapti. Ularning maqsadlari milliy manfaatlarga toʻliq javob beradi. Oʻzbekistonning MDH huzuridagi Doimiy vakolatxonasi instituti faoliyat koʻrsatib kelyapti.
2017-yildan boshlab Oʻzbekiston Hamdoʻstlik doirasidagi faoliyatini sezilarli darajada faollashtirdi.
Xususan, Oʻzbekiston soʻnggi yetti yilda avval imzolangan 24 ta koʻp tomonlama hujjat, MDH oliy organlarining 22 ta qarori va 20 dan ortiq sohaviy hamkorlik organlariga qoʻshildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-2023-yillarda Davlat rahbarlari kengashi majlislarida ishtirok etishi natijasida MDH doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 90 ta turli takliflar ilgari surildi hamda ularni oʻz vaqtida va toʻliq miqyosda amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida “Yoʻl xaritalari” qabul qilindi.
Eʼtiborlisi, Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlarning koʻmagi bilan bugungi kunga qadar 80 dan ortiq tashabbuslar amalga oshirildi.
MDH davlatlari bilan oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi faollashdi, bu mamlakatlar Hamdoʻstlikning ulkan salohiyatini ochish, koʻp tomonlama muloqot va hamkorlikni, Yevrosiyo makonida tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga intilishidan dalolat beradi.
Global qiyinchiliklarga qaramay, Oʻzbekiston MDH doirasida barcha sohalarda hamkorlikning ijobiy dinamikasini taʼminlab keladi. Iqtisodiyotlarning tarkibiy muvofiqligi ishlab chiqarish kooperativi va savdo-iqtisodiy aloqalarni, mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa sohalardagi hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirishga xizmat qilayotir. Birgina soʻnggi oylarda MDH mamlakatlaridan boʻlgan sheriklar bilan 800 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi.
Oʻzbekistonning MDH davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 2023-yilda 20,6 milliard dollarga yetdi, shundan eksport 8,1 milliard dollarni, import esa 12,4 milliard dollarni tashkil etdi. Joriy yilning yetti oyida Hamdoʻstlikka aʼzo mamlakatlar bilan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizdan ortiq oʻsib, 15 milliard dollardan oshdi.
MDH davlatlari va xalqlarini umumiy madaniy-tarixiy meros va koʻplab gumanitar rishtalar bogʻlab turgani muhim qimmatli manbadir. Bu omillar bugungi kunda Hamdoʻstlikning mustahkam va ishonchli tayanchlari boʻlib qolyapti. Madaniy aloqalar jadal rivojlanyapti. Festivallar, konsertlar, turli yarmarkalar, sport va boshqa tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinyapti.
Oʻzbekistonning mazkur birlashma aʼzosi sifatidagi faol pozitsiyasi har tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan boyitish va mustahkamlashga xizmat qilyapti, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar esa format doirasida keng qoʻllab-quvvatlanyapti va amalga oshirilyatpi.
Xususan, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligi va bu boradagi xalqaro tashabbuslar natijalari eʼtirof etilib, 2024-yilda Toshkent shahri Hamdoʻstlikning Yoshlar poytaxti, deb eʼlon qilindi.
2023-yil 13-oktyabrda Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan MDH Davlatlari rahbarlarining yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashkilotning oliy mukofoti – MDH Faxriy nishoni bilan taqdirlangani Hamdoʻstlik doirasida koʻp tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga qoʻshilayotgan hissaning yana bir yuksak bahosi boʻldi.
Joriy yilda Oʻzbekistonning asosiy tashabbuslarini amalga oshirish doirasida MDH Iqtisodiy kengashining 101-yigʻilishida 2011-yildagi Erkin savdo bitimiga aʼzo davlatlar oʻrtasida Erkin savdo toʻgʻrisidagi bitimga kirish boʻyicha muzokaralarni boshlash imkoniyati toʻgʻrisida Bayonnoma qarori, Davlat xaridlari bozori hamda MDHga aʼzo davlatlar hududidan oʻtuvchi xalqaro transport yoʻlaklarini rivojlantirish va infratuzilmani optimallashtirish boʻyicha 2030-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan Harakatlar rejasi qabul qilindi.
26-sentyabrda Toshkentda MDHga aʼzo davlatlar tahlil markazlarining “Uzoq muddatli hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Anjumanda taʼkidlanganidek, MDH Oʻzbekiston uchun muhim hamkorlar, qoʻshnilar va doʻstlardir, ular bilan mamlakatni taraqqiyot va xavfsizlikning umumiy makoni birlashtiradi. Oʻzbekistonda esa Hamdoʻstlikning samarali rivojlanishi uchun bizning umumiy masʼuliyatimizni toʻliq anglaydilar, bu esa butun Yevrosiyoning kelajagiga taalluqlidir.
Shubhasiz, MDHning Moskvada oʻtayotgan navbatdagi sammiti va uning yakunlari mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz farovonligi yoʻlida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi makonida koʻp tomonlama munosabatlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.