Koreya Musulmonlari federatsiyasi O‘zbekistondagi ziyorat turizmi salohiyatini targ‘ib qiladi

    O‘zbekiston elchixonasi vakillari Janubiy Koreyadagi musulmonlar jamoati bosh imomi Li Dju Xva bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

    Muloqot chog‘ida Koreya Musulmonlar federatsiyasi (KMF) bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida o‘zaro aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ziyorat turizmi yo‘nalishida hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Taʼkidlash kerakki, Koreya Musulmonlari federatsiyasi rahbariyati 2022 yil 1-5 noyabr kunlari O‘zbekistonga safari davomida yurtimizda o‘tkazilgan «Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi»dagi ishtirok etdi, shuningdek, qator ikki tomonla uchrashuvlar o‘tkazdi.

    Li Dju Xva Koreya Musulmonlari federatsiyasi rahbariyati o‘zbekistonlik hamkorlarning Janubiy Koreyaga javob safarini katta qiziqish bilan kutayotganini hamda keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida ekanini taʼkidladi.

    Uchrashuv yakunida Koreyadagi musulmonlar jamoati bosh imomi O‘zbekistonning ziyorat turizmi yo‘nalishidagi ulkan salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib qilish va kelgusida ushbu mamlakatdan sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha tegishli ishlarni olib borishga tayyor ekanligini yana bir bor taʼkidladi.