Mikro va kichik GESlar koʻpaymoqda

    Suv taqchilligi sharoitida bu oʻzini oqlaydimi?

    Global iqlim oʻzgarishi va qurgʻoqchilik sharoitida Markaziy Osiyo davlatlaridan oqib oʻtuvchi daryolarda suv hajmining pasayishi kuzatilishi katta va oʻrta GESlarning toʻliq quvvatda ishlashini cheklamoqda. Bu esa, oʻz navbatida, ishlab chiqarilayotgan ekologik toza elektr energiyasi hajmiga salbiy taʼsir oʻtkazmoqda. Elektr energiyasi hajmida yuzaga keladigan tafovutni qoplashda kichik suv bosimi va xarajatida ishlovchi mikro GESlar muhim ahamiyat kasb etadi.

    “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan “Dolzarb mavzu: mikro GESlar va ularning samaradorligi” mavzusidagi matbuot anjumanida shu haqda soʻz bordi.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda energetika tarmogʻining ajralmas boʻgʻini hisoblangan gidroenergetika sohasida izchil islohotlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Bu borada “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan gidroenergetik salohiyati mavjud hududlarda investitsiyaviy loyihalar asosida yangi GESlarni qurish jarayoni yuqori surʼatda amalga oshirilmoqda.

    Jamiyat tomonidan tasdiqlangan rejaviy asosda qayta tiklanuvchi elektr energiyasini ishlab chiqarish, ushbu jarayonga istiqbolli va samarali loyihalar asosida xorijiy investitsiya jalb qilish hamda samarali oʻzlashtirish, yangi gidroenergetik obyektlarni ekspluatatsiyaga topshirish borasidagi ishlar qizgʻin davom ettirilyapti.

    Yuqorida qayd etilganidek, bugungi global iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq murakkab sharoitda mikro GESlar muhim ahamiyatga ega. Chunki, mikro GESlar juda oz miqdordagi resurslar evaziga atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatmaydigan elektr energiyasini ishlab chiqish texnologiyasidir. Oʻrnatilgan quvvatidan kelib chiqib, bir nechta xonadon, kichik sex yoki mahallaning elektr energiyasiga ehtiyojini qondirishga yetarli boʻladi.

    Har qanday mikro GES ishlashining asosiy omili bu – gidrostatik bosim hamda suv sarfidir. Gidrostatik bosim – bu GESga keluvchi suv sathining turbina ishchi gʻildiragi markazi sathidan balandligi bilan oʻlchanadi. Suv sarfi esa turbinaga sekundiga qancha kubometr suv uzatilishi koʻrsatkichidir. Gidrostatik bosim suv oqimini sharshara kabi keskin pastga yoʻnaltirishga imkon beradi. Bunda suv turbina valini yuqori tezlik bilan aylantirib beradi va generator valiga uzatiladi hamda natijada generator tok ishlab chiqaradi.

    Respublikamizda kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shu jumladan, mikro va kichik GESlarni keng joriy etish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 9-sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan yurtimizda xususiy investorlarga quvvati 5 MVtgacha boʻlgan mikro va kichik gidroelektr stansiyalarni qurish loyihalari roʻyxati va ulardan foydalanish boʻyicha yangi mexanizm joriy etildi.

    Shunga asosan, qator auksion savdolari oʻtkazilib, gʻoliblar aniqlandi hamda mikro va kichik GESlarni qurish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi. Bu borada respublika hududlari boʻylab mikro va kichik GESlarni qurish mumkin boʻlgan salohiyatli maydonlar aniqlandi. Xususiy sektor ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 200 ta mikro GES loyihasining roʻyxati shakllantirildi hamda amaliy ishlar boshlab yuborildi.

    Farmonga asosan mikro va kichik GESlarni qurishda tadbirkorlarni keng jalb etish borasida jamiyat rahbarligidagi tegishli ishchi guruh tomonidan reja asosida Fargʻona, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida keng targʻibot tadbirlari olib borildi.

    Shuningdek, xususiy sektor vakillari tomonidan kichik va mikro GES loyihalarini amalga oshirish uchun barcha huquqiy va iqtisodiy sharoitlar yaratib berildi. Xususan, farmon ijrosi doirasida kichik va mikro GESlarni qurish istagidagi tadbirkorlarga yerlarni 20-yil muddatga ijaraga berish, ular ishlab chiqargan elektr quvvatini davlat tomonidan kafolatli sotib olish tizimi joriy qilindi. Tadbirkor auksiondan mikro GES loyihasini yutib olib, loyihani ishga tushirishga qadar boʻlgan davrda amalga oshiriladigan tadbirlar belgilab berildi.

    Bundan tashqari, tadbirkorlar belgilangan tarif boʻyicha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi isteʼmolidan ortgan qismini davlatga kafolatli tarzda 1 350 soʻmdan sotishi mumkin. Bu jamiyat tasarrufidagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan elektr energiyasi tannarxiga nisbatan qariyb 3 (2,7) barobar qimmatga sotish imkoniyatini beradi.

    Bugungi kungacha xususiy investorlar tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan 60 ga yaqin mikro va kichik GESlarni qurish loyihalari boʻyicha tashabbuskorlar auksion savdolari orqali aniqlangan. Hozirda “Oʻzbekgidroenergo” va tadbirkorlar ishtirokida 30 ga yaqin obyektlarda qurilish-montaj, qolganlarida loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda.

    “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan umumiy quvvati 12,5 MVt boʻlgan 22 ta mikro va kichik GES loyihalari, jumladan, joriy yilning birinchi yarim yilligida umumiy quvvati 9,5 MVt boʻlgan 9 ta loyiha ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar yana umumiy quvvati 15 MVt boʻlgan 10 ta mikro GESni ishga tushirish rejalashtirilgan.

    Shu bilan birga, mikro va kichik GES loyihalarning jozibadorligini oshirish va xususiy sektor vakillariga tushuntirib berish maqsadida jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar uchun har xil turdagi zamonaviy va resurs tejamkor gidroagregatlardan foydalanishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur agregatlarning turbina qismi tizim tashkiloti – “Suvsanoatmash” AJda ishlab chiqarilmoqda.

    Shuningdek, jahonda oʻxshashi boʻlmagan suv yuzida suzib turuvchi kinetik turbinali mikro GES loyihalarini amalga oshirish maqsadida Hindistonning “MACLEC Technical Project Laboratory Pvt Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

    Kinetik turbinali GES yangi tur hisoblanib, yuqori quvvatli bunday innovatsion agregatlar dunyoda birinchi boʻlib Oʻzbekistonda amalga oshirilmoqda. Mazkur agregatning ishlash prinsipini ishlab chiqqan va patentlashtirgan hamkorimiz “MACLEC” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida agregatlarni oʻrnatish mumkin boʻlgan suv oqimlarini oʻrganish maqsadida respublikamizdagi bir nechta kanallarda izlanish ishlari olib borildi va birinchi navbatda, “pilot loyiha”ni ishga tushirish va agregatni sinovdan oʻtkazish uchun Andijon viloyatidan oqib oʻtuvchi Shahrixonsoy kanali tanlab olinib, har birining quvvati 400 kVtdan boʻlgan 2 ta agregatlar modellashtirildi.

    “MACLEC” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida gidroagregatlarning mexanik qismlari “Suvsanoatmash” AJda mahalliylashtirilgan holda ishlab chiqarildi va obyektga olib borilib montaj qilindi. Elektr-texnik va avtomatika qismlari Hindiston davlatida ishlab chiqarildi va Oʻzbekistonga olib kelindi. 2024-yilning iyul oyida bir nechta bosqichli sinovlardan oʻtkazish rejalashtirilgan.

    Mamlakatimiz iqlimi sharoitida agregatlarning ishlash prinsiplari tekshirilib, sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng respublikaning boshqa hududlarida ham shu turdagi agregatlar ishga tushiriladi.

    Bundan tashqari, Toshkent viloyatida quvvati 40 MVtgacha boʻlgan gidroagregatlar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega boʻlgan “UGE-JINLUN” MCHJ ishga tushirildi. Mazkur zavod ishga tushirilishi natijasida kichik va mikro GESlarning toʻliq yurtimizda ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi. Natijada loyihalarning qiymati maʼlum darajada qisqarishiga erishilib, xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarning jozibadorligi ortib boradi va zamonaviy energiya manbalari yaratilishiga erishiladi.

    Aytish joizki, gidroenergetika sohasining rivoji mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini oshirish barobarida, yangi qurilayotgan GESlar joylashgan hududlarning aholisi turmushi farovonligining oshishiga, xonadonlarining yanada obod va nurafshon boʻlishiga xizmat qiladi.

    “Oʻzbekgidroenergo” AJ matbuot xizmati