Joriy yilning birinchi yarmida qurilish materiallari sanoatida mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 15 trln. so'mni tashkil etgan. Yil yakunigacha 27,6 trln. so'mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi, 1,8 mlrd. dollarlik investitsiyalar o'zlashtirilishi, 690 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilinishi, mahalliylashtirish dasturi doirasida 981 mlrd. so'mlik maxsulotlar ishlab chiqarilishi hamda 20 908 nafar yangi ish o'rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Soha korxonalari tomonidan joriy yilning o'tgan davrida jami 287 mln. dollarlik qurilish materiallari eksport qilindi. Ya'ni hozirgi kunda xorij bozorlari bizning keramika, truba va plastmassa mahsulotlarimizga, metall buyumlar hamda alyumin profillarimizga ko'proq buyurtma bermoqda.
2022 yil yakuni bilan qiymati 1 802 mln. dollarlik investitsiyalar o'zlashtiriladi. Ushbu loyihalarning 35 tasi yirik loyihalar, 132 tasi o'rta loyihalar hamda 652 tasi kichik loyihalardir. Shuningdek, joriy yilda qiymati 1,8 mlrd dollarlik 819 ta loyihalar ishga tushirilib, 20,9 mingta yangi ish o'rinlari tashkil etiladi.
Prezidentimizning 2022 yil 21 fevraldagi “Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini qo'llab-quvvatlashning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida” qaroriga asosan 8 ta — Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo, Ohangaron va O'zbekiston tumanlarida qo'shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish hamda 16 ta tuman va shaharlarda boshqa hududlar bilan sanoat kooperatsiyasi tashkil etilib, qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish belgilangan. Bugungi kunda mazkur ixtisoslashgan tumanlarda qiymati 1,6 mlrd dollarlik 150 ta loyiha shakllantirilgan va 7,8 mingta yangi ish o'rinlari tashkil etiladi.
Klasterlarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlash uchun 2022-2023 yillarda davlat byudjetidan 200 mlrd so'm, shundan joriy yilda 101 mlrd so'm hamda geologiya-qidiruv ishlari uchun 100 mlrd so'm mablag' ajratiladi. Natijada Yangi O'zbekiston massivlarini barpo etishda ob'ektlarning qurilish muddati va tannarxini kamaytirish imkoni yaratiladi.