Oʻzbekiston-Singapur: oʻzaro ishonch va koʻp qirrali hamkorlik rivojlanishidagi yangi bosqich

    Xalqaro hamkorlik 18 Yanvar 2023 1050

    Oʻzbekiston Singapur bilan olib borayotgan doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlikning rivojlanishi Yangi Oʻzbekiston belgilab olgan taraqqiyot bosqichida muhim tajriba vazifasini oʻtamoqda.

    Hech qaysi mamlakat xalqaro munosabatlarsiz, boshqa davlatlar bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarga kirishmasdan taraqqiy etmaydi. Biron bir davlat bilan diplomatik munosabat oʻrnatilar ekan, bu birinchi navbatda xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalar rivojlantirishga yoʻl ochsa, boshqa tarafdan ikkala davlat manfaatlari uchun xizmat qiluvchi munosabatlarni vujudga keltiradi.

    Oʻzbekiston Mustaqillikka erishganidan keyin Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan Singapur Respublikasi bilan doʻstona aloqalarga kirishdi. Singapur Oʻzbekiston Mustaqilligini 1992-yilda tan olgan, 1997-yil 8-aprelda diplomatik aloqalar oʻrnatilgan.

    2017-yilga kelib Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasidagi diplomatik va iqtisodiy aloqalar rivojlanishi yangi bosqichga koʻtarildi. Aynan shu yilga kelib, hamkorlik aloqalar oʻrnatilganligiga 20 yil toʻldi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi va Singapur Respublikasi Prezidentlari mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 20 yilligi munosabati bilan bir-birlariga tabrik yoʻllagan. Ikkala mamlakat oʻrtasida nafaqat iqtisodiy, balki taʼlim sohasida ham hamkorlik aloqalari faollashib bormoqda.

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 17-yanvar kuni Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yoqubning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻldi.

    Taʼkidlash oʻrinliki, tashrifni tarixiy deb, atash mumkin. Boisi, Singapur – Osiyo-Tinch okeani mintaqasining iqtisodiy markazi. Mamlakat elektronika, kimyo sanoati, biotexnologiyalar, bank sohasi, logistika va transport mashinasozligi kabi muhim tarmoqlardagi muvaffaqiyatlari orqali jahondagi eng yirik va rivojlangan iqtisodiyotlardan biri boʻlib kelmoqda.

    Oʻz navbatida, yurtimizning alohida jugʻrofiy-siyosiy joylashuvi va tabiiy zaxiralarning moʻlligi, ayniqsa oxirgi yillar olib borilayotgan islohotlar, mamlakatimizning jahon hamjamiyatida nufuzini oshirib, xorijiy sheriklar topishdagi muvaffaqiyatida muhim omil boʻlmoqda.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi 2023-yildagi ilk tashrifi aynan Singapurga amalga oshirgani Oʻzbekistonning mazkur mamlakat bilan mustahkam va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtiboridan dalolat beradi.

    Tashrif davomida Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

    Eʼtiborlisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning oltita asosiy yoʻnalishini koʻrsatib oʻtdi:

    Birinchisiinson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash. Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi ishtirokida boshqaruv, shaharsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida birgalikda davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturini amalga oshirishga kelishib olindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida Singapurning yetakchi ekspertlarini jalb qilgan holda davlat xizmatchilarini intensiv qayta tayyorlash dasturi ishga tushiriladi.

    IkkinchisiSingapurni Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilish. Muzokaralarda Singapurning yetakchi kompaniyalari tajribasi, zamonaviy texnologiyalari va boshqaruv usullaridan foydalangan holda Oʻzbekistonning yirik korxonalarini xususiylashtirish dorasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va tarkibiy oʻzgartirish, keyinchalik ularni IPOga chiqarish va tashqi investitsiyalarni jalb qilish uchun qoʻshma Investitsiya jamgʻarmasini tuzish taklif qilindi.

    Uchinchisiilgʻor “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish. Singapurning raqamlashtirish sohasidagi yutuqlarini joriy qilish, shuningdek, ushbu mamlakatning “yashil” rivojlanish boʻyicha innovatsiyalari va texnologiyalarini qoʻllash imkoniyatlari muhokama qilindi.

    Toʻrtinchisishahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish. Shaharlarni rejalashtirish va qurilish, koʻkalamzorlashtirish, kommunal xoʻjalik sohalarida hamkorlik boʻyicha tadbirlar kelishib olindi.

    Beshinchisiinvestitsiyalar va oʻzaro savdoni kengaytirish, Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qoʻshma loyihalarni ilgari surish. Ustav kapitali 500 million AQSH dollar boʻlgan Oʻzbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Oltinchisijamoat xavfsizligini taʼminlash, millatlararo totuvlikni asrash va radikalizmga qarshi kurashish borasida tajriba almashish.

    Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston Singapur bilan olib borayotgan doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlikning rivojlanishi Yangi Oʻzbekiston belgilab olgan taraqqiyot bosqichida muhim tajriba vazifasini oʻtamoqda.

    Nurillo TOʻXTASINOV,

    Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi