Ikkinchi marotaba oʻtkazilgan ushbu uchrashuvda National Geographic mutaxassislari tomonidan Oʻzbekiston turizm salohiyatini ushbu telekanal va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yoritish boʻyicha taklif etilgan reja muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun: National Geographic telekanali dunyo boʻylab juda keng auditoriyaga ega boʻlib, 172 davlatda oʻz koʻrsatuvlarini namoyish etadi, shuningdek, telekanalga tegishli boʻlgan jurnal dunyo boʻylab 37 tilda chop etilib, 63 million oʻquvchi ushbu jurnalni doimiy ravishda kuzatib boradi.
Avvalgi uchrashuvda taraflar Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchi asosiy davlatlar (Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Fransiya, Germaniya, Ispaniya) va galdagi navbatda turizm mahsulotlarini yangi bozorlarda (AQSH, Kanada, Avstraliya, Braziliya, Polsha, Meksika, Norvegiya) targʻib qilish masalasini muhokama qilishdi hamda telekanal xodimlari oʻzlarining statistik maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashishdi. Shuningdek, telekanal orqali Oʻzbekiston turizm imkoniyatlarini targʻib qilishda “storytelling approach”, yaʼni hikoya orqali soʻzlab berish yondashuvi ilgari surildi.
Onlayn uchrashuvda yurtimizni tasvirlovchi 4 hikoya va Nat Geo Photocamp (yoshlar orasida fotograflik koʻnikmalarini oshirish) loyihasi ham muhokama qilindi. Ushbu loyihalarni ikki yil mobaynida amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlib, birinchi bosqich 2021-yilning bahor oyida hikoyalar boʻyicha koʻrsatuvlar suratga olish bilan boshlanib, yil oxiriga kelib National Geographicʻning barcha platformalarda keng omma eʼtiboriga havola qilinadi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida televideniye va bosma nashrlarda Oʻzbekiston turizmiga oid materiallar berib boriladi. Shuningdek ijtimoiy tarmoqlar orqali ham targʻibot ishlarini olib borish belgilandi. Uchrashuv natijalariga koʻra erishilgan kelishuvlar asosida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan ayni damda mazkur loyihalarni moliyalashtirish masalari koʻrib chiqilmoqda.