Oʻzbekistonda 2025-yilga borib sugʻoriladigan yerlarning 54 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi

    Turkiy tilli davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasi sayti Oʻzbekistonda suvni tejaydigan texnologiyalar boʻyicha maqola eʼlon qildi.

    Unda keltirilishcha, Markaziy Osiyoda suvning 80 foizdan ortigʻi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ishlatiladi.

    BMTning Butunjahon choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash boʻyicha bayonotiga koʻra, 2050-yilga kelib qurgʻoqchilik dunyo aholisining toʻrtdan uch qismidan koʻprogʻiga taʼsir qiladi. Jahon tabiiy resurslar instituti va Britaniyaning “Economist Intelligence Unit” tashkiloti tadqiqotlariga koʻra esa, 2040-yilga borib suv tanqisligiga eng koʻp uchrashi taxmin qilinayotgan 33 davlat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston ham bor. Oʻzbekiston Respublikasining asosiy suv manbai Amudaryo va Sirdaryo daryolari, shuningdek, ichki daryo va soylar hamda yer osti suvlaridir. Orol dengizi havzasidagi barcha manbalarning oʻrtacha koʻp yillik suv oqimi 116 milliard metri kubni ni tashkil etadi, shundan 67,4 foizi Amudaryo havzasida va 32,6 foizi Sirdaryo havzasida shakllanadi.

    Mintaqada soʻnggi yillarda global iqlim oʻzgarishi, qor va yomgʻirlar kam boʻlayotgani, muzliklar va yirik daryolar havzalarida, kichik daryo hamda soylarda suv sarfining kamayib borayotganligi natijasida oxirgi 30 yilda aholi jon boshiga suv taʼminoti 3048 metr kubdan 1438 metr kutga yoki 53 foizga qisqargan.

    Sugʻoriladigan ekin maydonlarini suv bilan taʼminlash uchun har bir ekinning sugʻorish meʼyorlari boʻyicha talab etiladigan suv 54,4 milliard metr kub boʻlib, 2030-yilda mavjud suv miqdori 47,4 millirad metr kub ni tashkil etishi hisob-kitob qilingan.

    Talabga nisbatan yetishmaydigan suvning 7,0 milliard metr kub qismini suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish (2 milliard metr kub), irrigatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash-tiklash (2,2 milliard mektr kub), suv xoʻjaligini raqamlashtirish (0,6 milliard metr kub), ekin maydonlarida qoʻshimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish va suvsizlikka chidamli ekinlar ulushini koʻpaytirish (2,2 milliard metr kub) hisobiga qoplash imkoniyati mavjud.

    Bugungi kunda respublikada suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish boʻyicha shaxsan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va nazorati ostida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

    Bunda AQSH, Xitoy, Turkiya, Avstraliya kabi xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrgangan holda qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini suv bilan taʼminlashda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

    Darhaqiqat, 2018-yilgacha respublika boʻyicha suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar 28 ming gektarni tashkil qilgan boʻlsa, bugunga kelib bu koʻrsatkich 1 million gektarga yetgan, bu jami sugʻoriladigan maydonlarning 27 foizini tashkil etadi.

    Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar hisobga olinganda, ushbu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Osiyoda toʻrtinchi, dunyoda esa oʻn uchinchi oʻrinda turibdi. Tahlillarga koʻra, 2025-yilga borib respublika boʻyicha 2 million gektarda yoki jami sugʻoriladigan yerlarning 54 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi.

    Bunday natijalarga erishishda koʻp jihatdan Oʻzbekistonda mavjud suv resurslaridan tejamli va samarali foydalanishni davlat tomonidan ragʻbatlantirish hamda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tizimli choralar koʻrilayotgani sabab boʻlmoqda. Jumladan, 2019-yildan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni subsidiyalash hamda imtiyoz va preferensiyalar berish yoʻlga qoʻyilib, 2019-2022-yillarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi korxonalariga jami 1 trilloin 465 milliard soʻm (133 million dollar) subsidiya ajratilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga (367-modda) asosan tomchilatib sugʻorish tizimi joriy qilingan yer maydonlari 5 yil muddatga yer soligʻidan ozod etilgan.

    Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarga suv hisoblagich oʻrnatilganda suv soligʻidan 30 foiz imtiyoz qoʻllanilishi joriy etilgan.

    Bundan tashqari, respublikada suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari uskunalari va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish boʻyicha 2019-yilgacha bor-yoʻgʻi 3 ta korxona faoliyat olib borgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 50 taga yetkazilgan. Ushbu texnologiyalar joriy qilingan maydonlarda suvni 50, mineral oʻgʻitlarni 30, yonilgʻi-moylash materiallarini 35, ish haqini 25 foizga kamaytirish barobarida, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Jumladan, paxtadan 30 foizgacha koʻp hosil olish mumkin.

    Oʻzbekistonda suvni tejash va undan samarali foydalanishga yuqori darajasida eʼtibor qaratilayotgani va buning natijasi oʻlaroq, qisqa fursat ichida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda, deya xulosa qilinadi maqolada.