Shuningdek, umumiy quvvati 2 100 MVt ga teng boʻlgan issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha tender savdolari eʼlon qilingan. Shu bilan birga, umumiy quvvati 600 MVt ga teng quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha tender savdolari eʼlon qilinadi.

2017-2021-yillar davomida energetika tizimida 3 300 MVt dan ziyod yangi quvvatlar ishga tushirilib, mavjud ishlab chiqarish quvvatlari 14 131 MVtni tashkil qilmoqda. 2021-yil yakuniga qadar umumiy quvvati 1 800 MVtga teng boʻlgan issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi va ishlab chiqarish quvvatlari 15 800 MVtga yetkaziladi.

Energetika tizimida katta mablagʻli yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ammo ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmi qanchalik oshirilmasin, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va xonadonlarning energiya samaradorligiga eʼtibor berilmasa, yetkazib berilayotgan energiya resurslari “havoga uchib ketishi” shubhasiz.

Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda energiya samaradorligini oshirish masalasi bugun hukumatning diqqat markazida. Ekspertlarning maʼlumotlariga koʻra milliy iqtisodiyot energiya sigʻimdorligi rivojlangan mamlakatlar koʻrsatkichlaridan 2-2,5 baravar yuqori.

Agar jahonda energiya isteʼmolining qariyb 23 foizi uy-joy sohasiga toʻgʻri kelsa, Oʻzbekistonda bu raqam 40 foizni tashkil qilmoqda. Xususan, Yevropada 1 kvadrat metr uchun energiya sarfi yiliga 120-150 kilovatt-soatni tashkil qilsa, Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 390 kilovatt-soatdan oshmoqda.

Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, elektr energiyasini ishlab chiqarish qanchalik oshirilmasin, agar uning sarfini tartibga solmasa yildan yilga ortib borayotgan talabni qondirish mushkul boʻladi. Misol uchun, bugun aholi farovonligi oshayotganligi sababli har bir xonadonda kamida bitta televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich, konditsioner kabi maishiy texnikalar bor. Baʼzida ulardan foydalanib boʻlgach, rozetkadan uzib qoʻyilmaydi. Garchi, ular oʻchirilgan boʻlsada, rozetkaga ulangan holda ham elektr energiya isteʼmol qilaveradi.

Birgina oddiy telefon quvvatlagichini olaylik. U elektr rozetkasiga ulangan holda kunu-tun qolsa, oʻrtacha bir oyda 1,5 kVt.soat, yiliga 18 kVt.soat energiya sarflaydi. Respublika miqiyosida esa elektr tarmogʻiga ulangan oʻrtacha 7 million xonadonda tassavur qilib koʻring. Shu bois xonadonlarda, ishlab chiqarish sanoatida va boshqa turli tarmoqlarda elektr energiya tejamkorligini taʼminlash ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda.

Mutaxassislarning elektr energiya tejamkorligini taʼminlash maqsadida oʻtkazgan oʻrganishlaridan maʼlum boʻlishicha, hozirda Oʻzbekistondagi har bir xonadonda (oʻrtacha 7 million xonadon elektr taʼminotiga ulangan) bir yilda oʻrtacha bitta xonadon 400 kVt.soatgacha elektr energiyasini tejash imkoniyati bor. Bu koʻrsatkich respublika boʻyicha oʻrtacha 2,8 milliard kVt. soatga aylanadi.

Energetika vazirligi maxsus shtabi xodimlari tomonidan joylarda ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorlik holatlari oʻrganilmoqda. Aniqlanishicha, hududlar boʻylab ayrim ijtimoiy soha obyektlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish hamda energiya tejamkorlik va energiya samaradorlik holatlari achinarli ahvolda ekanligi maʼlum boʻlmoqda.

Shu kabi bino va inshootlar sarflanadigan energiya resurslarining katta qismini isrof qiladi. Buning natijasida isteʼmolchilarga sifatli energiya resurslari yetib borishiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.