O'zbekistonda «Gender asosidagi zo'ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» qo'shma kampaniya ish boshlamoqda

    2021-yil 22-noyabr` kuni “Zo'ravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz” shiori ostida 16 kunlik qo'shma kampaniyaning boshlanishiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.

    Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi raisi Tanzila Narbaeva ishtirok etdi va nutq so'zladi.

    Bu yil o'zining o'ttiz yilligini nishonlayotgan xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi ushbu global kampaniya jahonning 187 ta mamlakatida o'tkazilib, 6 mingdan ziyod tashkilotlar hamda 300 million kishini qamrab olmoqda. Buning sababi gender zo'ravonlik geografik, ijtimoiy yoki iqtisodiy chegaralarni bilmasligidadir. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ham, rivojlangan mamlakatlarda ham bu muammoga barham berish jiddiy choralar ko'rishni talab qiladi.

    Tadbirda xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlik holatlari, ularning oqibatlarini yumshatish bo'yicha ko'riladigan choralar, xususan, amaliyot, muammolar va keyingi rejalar haqida so'z bordi.

    Ta'kidlanganidek, oxirgi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta'minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularga yangi ish o'rinlarini yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlikning oldini olish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda. Ushbu masala davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylangan.

    Shu bilan birga, turmush sharoiti og'ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo'lmagan, ijtimoiy himoyaga, huquqiy va ma'naviy-psixologik qo'llab-quvvatlashga muhtoj xotin-qizlarga davlat tomonidan manzilli yordam ko'rsatish bo'yicha mutlaqo yangi tizim – “Ayollar daftari” joriy qilindi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan inson qadri ustuvor bo'lgan yangi O'zbekistonda ayol qadri – ona qadri alohida o'ringa ega. Birgina joriy yilda mamlakatimizda oiladagi zo'ravonlikning oldini olish tizimini takomillashtirish bo'yicha 8 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori zo'ravonlikka uchragan ayollarga yordam ko'rsatish tizimini yaratish, oilaviy-maishiy zo'ravonlikning oldini olish va uning salbiy oqibatlariga barham berishga qaratilgan o'z vaqtida qabul qilingan qaror bo'ldi. Mazkur qaror asosida Mahalla va oilani qo'llab - quvvatlash vazirligi huzurida 29 ta ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tashkil etildi. Shu vaqtgacha reabilitatsiya markazlari nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyat yuritib kelgan bo'lsa, endilikda ularning faoliyati to'liq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

    Hukumat tomonidan 2021-2022- yillarda oilaviy va maishiy zo'ravonlikning oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo'yishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda. Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tomonidan joriy yilning aprel` oyida oilada zo'ravonlikning oldini olish va oilaviy zo'ravonlikdan jabr ko'rganlarga amaliy yordam ko'rsatish yuzasidan “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi. “Yo'l xaritasi” ijrosini ta'minlash maqsadida vakolatli davlat idoralari rahbarlari darajasidagi Ishchi guruh faoliyati yo'lga qo'yildi.

    Sog'liqni saqlash vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan “Tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchilarga tibbiy ruhiy yordam ko'rsatish bo'yicha” o'quv qo'llanmasi yaratildi. Tazyiq va zo'ravonlikdan jabr ko'rgan, o'z joniga suiqasd qilgan yoki o'z joniga qasd qilishga moyilligi bo'lgan xotin-qizlar bilan o'zaro aloqa o'rnatish va tezkor ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko'rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish maqsadida “1146” qisqa Ishonch telefoni “AZIZ-AYOL.UZ” yagona interaktiv milliy platformasi bilan muvofiqlashtirildi. Adliya vazirligi tomonidan xotin-qizlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan onlayn o'quv kurslari ishlab chiqilib, barcha uchun bemalol foydalanish imkoniyati yaratilgan “kurslar.huquqiyportal.uz” elektron platformasiga joylashtirildi.

    “Ayollar daftari”ga kiritilgan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to'g'risida murojaat qilgan 74 mingdan ortiq xotin-qizlarga sohaning etuk mutaxassislari tomonidan huquqiy yordam ko'rsatildi. “Ayollar daftari”dagi tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud 71 mingdan ziyod xotin-qizlarga malakali psixologlar tomonidan psixologik yordam ko'rsatildi.

    Tadbirda zo'ravonlikning oldini olishga qaratilgan sa'y-harakatlar tizimli, manzilli, har bir mahalla, korxona, jamoa va oilada amalga oshiriladigan vazifaga aylanishi kerakligi, mazkur ishlarning ijrosi bilan barcha darajadagi rahbarlardan tortib, mahalla faollarigacha doimiy shug'ullanish, samarali hamkorlikni yo'lga qo'yish lozimligi haqida fikr yuritildi. Tadbir ishtirokchilari O'zbekistonning gender asosidagi zo'ravonlikka qarshi ko'p tarmoqli chora-tadbirlarni kuchaytirish, jumladan, zo'ravonlikdan jabrlanganlar va uni boshidan kechirgan xotin-qizlarga reabilitatsiya va moslashish markazlari hamda shelterlar orqali xizmatlar ko'rsatish borasidagi sa'y-harakatlar, bu boradagi ilg'or tajribani muhokama qildilar.

    Butun mamlakat bo'ylab “Zo'ravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz!” shiori ostidagi “Gender zo'ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi doirasida keng ko'lamda o'tkaziladigan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil qilish, ularda barcha faol ishtirok etishi lozimligi, ayollarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan zo'ravonlik holatlarining oldini olish, xotin-qizlarni jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati axborot xizmati.