Unda Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari va doktorantlar, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat Agrar universiteti professor-oʻqituvchilari, maʼmuriy huquq sohasida katta tajribaga ega mutaxassislar hamda talabalar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turgʻunov oʻz kirish soʻzida: 2017–2024-yillarda mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida “davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan hayotiy tamoyilni roʻyobga chiqarish maqsadida keng koʻlamli maʼmuriy islohotlar amalga oshirilib kelinayotganligi, ushbu islohotlar jarayonida Davlat va huquq instituti ham oʻz takliflari, asoslantirilgan ilmiy tashabbuslari bilan faol ishtirok etib kelayotganligi, joriy yilda Institut tomonidan maʼmuriy islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan 20 ga yaqin takliflar Oliy Majlis palatalariga taqdim etilganligi haqida taʼkidlab oʻtdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Maʼmuriy va moliya huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Sardorbek Yusupov Oʻzbekistonda maʼmuriy huquq fanini oʻqitishga alohida eʼtibor qaratilayotganligi, ushbu holat chinakamiga xalq xizmatidagi davlat fuqarolik xizmatchilarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi, bugungi maʼmuriy islohotlar sharoitida oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy tadqiqot muassasalari amalga oshirilayotgan islohotlarni samarali huquqiy tartibga solish borasida ilmiy jihatdan koʻmaklashishi zarur ekanligini qayd etdi.
Davlat va huquq instituti Maʼmuriy-huquqiy, jinoiy-huquqiy fanlar boʻlimi boshligʻi, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori, dotsent Akbarshoh Teshaboyev oʻz maʼruzasida maʼmuriy islohotlar sharoitida madaniyat sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish muhimligi, kino, teatr hamda madaniyat sohasining boshqa tarmoqlarida yangi maʼmuriy islohotlar sharoitiga mos tarzda zamonaviy boshqaruv uslublarini joriy etish, ushbu sohani yaxlit qonun hujjati bilan tartibga solish zaruriyatini asoslantirib berdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Joʻrabek Nematov maʼmuriy islohotlar sharoitida oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini maʼmuriy-huquqiy jihatdan tartibga solishni ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilgan holda, akademik mustaqillik berilgan oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini hamda ulardagi maʼmuriy boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qator takliflarni ilgari surdi.
Muhokama jarayonida soʻz olganlar yurtimizda maʼmuriy huquq fanini yosh yuridik kadrlarga puxta oʻrgatish zururligi, davlat xizmati sohasini toʻliq raqamlashtirish va maʼmuriy jihatdan yanada soddalashtirish, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida maʼmuriy islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan fikr va mulohazalarni ilgari surishdi.
Davra suhbati yakunida talabalar mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblarni olishdi.