Oʻzbekiston Respublikasi maktablarida oʻquvchilarning taʼlim olish samaradorligiga salbiy taʼsir etuvchi omillardan biri bulling yoki bezorilikdir. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotda ushbu muammolar oʻquvchilarning akademik natijalariga qanday taʼsir qilishi tahlil etildi.
Tahlil natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda 2022-yilda olingan PISA soʻrovi maʼlumotlari asosida har yetti oʻquvchidan biri maktabda oʻzini xavfsiz his qilmaydi va koʻpincha zoʻravonlikka yoki bezorilikka guvoh boʻladi. Maktabdagi bulling oʻquvchilarning psixoemotsional holatini buzib, ularning taʼlim olish natijalari pasayishiga sabab boʻladi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, bullingning istalgan bir turiga duchor boʻlish (tovlamachilik, jismoniy va ogʻzaki zoʻravonlik va boshqalar) oʻquvchilarning akademik koʻrsatkichlarini 19-20 ballga kamaytiradi. Shuningdek, bulling uzoq muddatda malakasi past ishchi kuchining shakllanishiga sabab boʻlib, umumiy iqtisodiy oʻsishga salbiy aʼsir koʻrsatishi mumkin.
Tadqiqotlardan kelib chiqib, mutaxassislar Oʻzbekiston maktablarida bullingga qarshi turli dasturlar va mexanizmlarni joriy etishni taklif qilmoqda. Jumladan, KiVa dasturi (Finlyandiya) bullingga qarshi kurashishda samarali boʻlib, unda darslar, onlayn oʻyinlar, jabrlanuvchilarga maʼnaviy koʻmak va bulling bilan shugʻullanuvchi bolaning ota-onasi bilan suhbatlar kabi tadbirlar amalga oshiriladi. Italiyaning “No Trap!” dasturi ham bulling va kiberbullingga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega.
Maxsus dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotda qoʻllash maktablarda xavfsiz va barqaror oʻquv muhitini shakllantiradi. Oʻquvchilarning taʼlim olish jarayonini yaxshilash va ularning ruhiy holatini mustahkamlashga imkoniyat yaratadi.