Bunday tartibning joriy etilishi yurtimizda media soha rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarga nazar tashlash, tahlil qilish, erishilgan yutuqlarni eʼtirof etish, qolaversa, milliy jurnalistikamizda yuzaga kelgan muammo va kamchiliklar xususida keng omma va jurnalistlar jamoatchiligiga axborot berish, ushbu masalalarga birgalikda yechim izlash imkoniyatlarini yaratadi. Shuning barobarida, milliy jurnalistikaning har jihatdan rivojlanishiga turtki beradi, deb hisoblaymiz.
Eʼtiboringizga havola etilayotgan ushbu maʼruza Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi bilan hamkorlikda, shuningdek, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi aʼzolari va hududiy boʻlimlari rahbarlari, uyushma huzurida faoliyat yuritayotgan ijodiy kengashlar masʼullari, soha ekspertlari, bir soʻz bilan aytganda, keng jurnalistlar jamoatchiligi taklif va tavsiyalari asosida, koʻmagi bilan tayyorlandi.
Sohaga oid islohotlar samarasi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari lavozimiga kirishgan dastlabki kunlardan boshlab matbuot va soʻz erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish, soha vakillarini har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga doimiy ravishda alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.
Bir misol, davlatimiz rahbarining 2017-yil 10-avgustdagi “Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori uyushma faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu hujjat ijrosi doirasida besh-olti nafar xodim ishlaydigan uyushma markaziy apparatida 23 ta shtat birligi, tashkilotimizning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻlimlari tashkil etildi. Uyushmaning jamoatchilik asosida faoliyat yuritgan hududiy boʻlimlari rais va xodimlariga uchta shtat birligida oylik maosh belgilandi. Uyushma va Oʻzbekiston Milliy matbuot markazi moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Har yili mamlakatimizdagi faxriy jurnalistlardan 100-200 nafarini “Hurriyat” gazetasiga uyushma hisobidan obuna qilish yoʻlga qoʻyildi.
Uyushmaga aʼzolarni qabul qilish tiklandi, yangi namunadagi aʼzolik guvohnomasi, ilgari boʻlmagan aʼzolik koʻkrak nishoni tayyorlandi.
2017-2022-yillar mobaynida 600 ga yaqin faxriy va ehtiyojmand jurnalistga moddiy yordam koʻrsatildi. Koʻmakka muhtoj bemor jurnalistlar salomatligini tiklashga mablagʻ yoʻnaltirildi. “Yosh yuraklar sadosi” seriyasi ostida 100 dan ziyod yosh jurnalistning eng sara maqolalari jamlangan ikkita toʻplam-kitob nashr etildi.
Bugungi kunda ham mazkur yoʻnalishdagi ishlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli jurnalistikaga oid islohotlar ortga qaytmas tus oldi. Buni nafaqat sohamiz, balki keng jamoatchilik vakillari, xalqaro ekspertlar ham alohida eʼtirof etib kelayotir.
Keyingi yillarda sohada izchil amalga oshirilgan islohotlar, ochiqlik siyosati ommaviy axborot vositalari xodimlarini ruhlantirdi. Ularning faollashishiga turtki berdi, istagan mavzu boʻyicha materiallar tayyorlash mumkinligiga, bunga hech qanday toʻsiq yoʻqligiga ishonchi oshdi. Ayni paytda jurnalist va blogerlar tomonidan joylarda yuzaga kelgan muammolar qoʻrqmasdan dadil koʻtarib chiqilib, ijtimoiy tarmoqlarda ham eʼlon qilish keng ommalashdi. Eng muhimi, tanqidiy-tahliliy chiqishlar, bildirilayotgan takliflar, fikr-mulohazalardan soʻng koʻplab masalalarga yechim topilib, muammolar ijobiy hal etilmoqda, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Vaholanki, ilgari bunday holatlar kamdan-kam kuzatilar edi.
Keyingi yetti yilda sohaga qaratilgan alohida eʼtibor, yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari soni 1514 tadan 2140 taga koʻpaydi. Ularning 65 foizi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keladi. Shundan, 1255 tasi gazeta va jurnal, 18 tasi axborotnomadir. 116 tasi teleradiokanal boʻlib, internet nashrlar soni 395 tadan 745 taga oshdi. Demak, birgina internet nashrlar soni 350 taga ortgan.
Ayonki, jurnalistlar nafaqat internet nashrlar, gazeta va jurnallar, teleradiokanallarda, balki vazirlik, korxona va tashkilotlarning axborot xizmatlarida ham faoliyat yuritadi.
Prezidentimizning 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, barcha davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari faoliyati qayta koʻrib chiqilib, zamonaviy talablar asosida tashkil qilindi.
Keyingi yillarda sohadagi bu kabi islohotlar doirasida respublika ahamiyatiga molik 280 dan ortiq idora, muassasa, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organi, viloyat, tuman va shahar hokimliklarida birinchi marta axborot xizmatlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 98 ta davlat organi va tashkilotida qayta tashkil etildi. Besh yil avval axborot xizmatlari sohasida jami 433 mutaxassis-jurnalist faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 1300 dan ortgan.
Albatta, sohadagi bu kabi oʻsish barobarida OAVlarda zamonga mos ravishda faoliyat yuritish, tezkorlikka intilish kuchaydi. Jumladan, materiallar tayyorlashning yangidan-yangi usullari boʻy koʻrsatmoqda.
Kadrlar tayyorlash boʻyicha
Barcha soha, jumladan, jurnalistika rivoji ham bevosita kadrlar salohiyatiga bogʻliq. 2018-yil may oyida davlatimiz rahbarining tashabbusi va qarori bilan Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi.
Markaziy Osiyo va MDHda yagona boʻlgan mazkur taʼlim dargohida ayni kunda 3350 nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Boshqacha aytganda, bu yerda media va ijtimoiy sohalarga oid oʻn yettita bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va shuncha magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Yaqinda universitetda ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun “Markaziy Osiyoda media va kommunikatsiyalar” xalqaro ilmiy jurnali nashr etilishi yoʻlga qoʻyildi.
Tezkorlik bilan rivojlanayotgan davrda har tomonlama professional jurnalist kadrlarga ehtiyoj katta. Jurnalistika oʻqitilayotgan oliy oʻquv yurtlarida ilmiy salohiyat koʻrsatkichlari yuqorilab borayotgani, nazariya va amaliyotning uygʻun tashkil etilayotgani, ilmiy izlanishlar qilayotganlar orasida yoshlar koʻpligi quvonarli. Keyingi yillarda ushbu oliy taʼlim muassasasi huzuridagi ilmiy kengashda 26 oʻqituvchi filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), 4 olim esa filologiya fanlari doktorligini (DSc) himoya qildi. Shuningdek, OʻzDJTU huzuridagi bir martalik kengashda 4 olim, OʻzMU va QDU huzuridagi ilmiy kengashlarda 1 nafardan olim (DSc) doktorlik ishini muvaffaqiyatli yoqladi.
Taniqli maʼrifatparvar, jadid matbuotining yetakchi vakillaridan biri Abdulhamid Choʻlpon ishtirokida bundan 104-yil muqaddam taʼsis etilgan “Oʻzbekiston matbuoti” jurnali qayta tiklandi va Oliy attestatsiya komissiyasi roʻyxatidagi ilmiy jurnallar qatorida faoliyatini davom ettirmoqda.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti kabi oʻndan ortiq oliy taʼlim dargohida jurnalist kadrlar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining yurtimizdagi ayrim filiallarida ham sohamiz uchun mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgani oʻziga xos ijobiy raqobatni yuzaga keltirdi.
Jurnalistikaga oid qonunchilikning takomillashuvi
Keyingi yillarda sohaga oid 3 ta qonun, Prezidentimizning 2 ta farmoni va 4 ta qarori, hukumatning 10 ga yaqin qaror va farmoyishi qabul qilindi. Buning natijasida mamlakatimizda axborot olish va axborotlashtirish, soʻz erkinligi hamda davlat organlari va tashkilotlari ochiqligini taʼminlash, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qator yangiliklar joriy etildi, imtiyoz va imkoniyatlar yaratildi.
Yangilangan Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi kabi yangi norma va moddalarning mustahkamlab qoʻyilishi tarixiy voqea boʻldi.
2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida axborot siyosatini yuritishning asosiy ustuvor vazifalari sifatida:
– ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish;
– odamlarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlar ijrosi ahvolini oʻrganishda ularning mehnatidan samarali foydalanish;
– ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotlarni oʻz vaqtida berib borish orqali yolgʻon maʼlumotlar tarqalishining oldini olish;
– mamlakatimizda bugungi islohotlar talabiga javob beradigan ijtimoiy masʼuliyatli ommaviy axborot vositalarini shakllantirish va faoliyati samaradorligini oshirish belgilandi.
Prezidentimizning 2022-yil 14-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini taʼminlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash hamda faoliyatini ilgʻor xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Axborot kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining yangi ustavi tayyorlanib, davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Oʻzbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Oliy sud plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qarori maʼqullandi.
Ushbu saʼy-harakatlar orqali mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining haq-huquqlarini himoya qilish borasidagi huquqiy asoslar takomillashdi, mustahkamlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinishi sohaga qaratilayotgan alohida eʼtiborning yana bir namunasi boʻldi. Ushbu hujjatda:
– bolalar uchun moʻljallangan eng yaxshi tele va radioloyiha, “Ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan eng yaxshi material” tanlovlarini tashkil etish;
– ommaviy axborot vositalari xodimlarining xorijiy tillarni oʻrganish hamda xorijiy tillar boʻyicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlish uchun imtihon topshirish xarajatlarini qoplash;
– jismoniy shaxslar tomonidan davriy bosma nashrlar, kitob va boshqa matbaa mahsulotlariga elektron tarzda obuna boʻlish hamda davriy bosma nashrlar uchun obuna xarajatlarining bir qismini qaytarib berish;
– davlat organlari va tashkilotlari muassisligida boʻlmagan davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shakllarini yaratish, ularni modernizatsiya qilish va bir yil davomida yuritish xarajatlarini qoplash boʻyicha tartiblar belgilandi.
Milliy jurnalistika rivoji yoʻlida
Oʻtgan yillar davomida milliy mediamiz rivoji yoʻlida amalga oshirilgan ishlar doirasida Oliy Majlis huzurida Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashi tuzildi. 2021-yili Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi ish boshladi.
Prezidentimizning 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, 2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-iyulga qadar ommaviy axborot vositalari foyda soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlashi joriy etildi.
Faol jurnalistlarni muntazam ragʻbatlantirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan 100 tagacha eng yaxshi materiallar mualliflarini bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobarigacha miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlash belgilandi.
Qaror ijrosi doirasida joriy yildan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov bosh milliy mukofoti sohibiga yengil avtomobil taqdim etish yoʻlga qoʻyilib, gʻoliblarga beriladigan mukofot puli miqdori sezilarli darajada oshirildi. Tanlovning ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalari koʻpaytirilib, 12 taga yetkazildi.
Tele va radiokanallarning badiiy kengashlari faoliyatiga jalb qilingan malakali ekspertlarni Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasiga davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan doimiy ravishda ragʻbatlantirib borish yoʻlga qoʻyildi.
Ommaviy axborot vositalari va uyushmaning hududiy boʻlimlari huzurida 44 ta mahorat maktabi, 41 ta “Yosh jurnalistlar” toʻgaraklari tashkil etildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Ayni kunda uyushma huzurida ustoz jurnalistlar, OAV masʼullari, mediasoha uchun kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilaridan tashkil topgan ishchi guruhlar tomonidan “Oʻzbekiston jurnalistlari” va “Oʻzbek jurnalistikasi antologiyasi” kitoblarini nashrga tayyorlash boshlangan.
Nodavlat mediatashkilotlar bilan hamkorlikda jurnalistlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublikamiz hududlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar uchun jahon standartlari hamda bugungi kun oʻquvchilarining didi va talabiga mos keluvchi sifatli kontent yaratishga yoʻnaltirilgan oʻquv seminarlari tashkil etilmoqda. Shuningdek, turli davlat tashkilotlari, vazirliklar, idoralar hamda yirik ishlab chiqarish korxonalari, banklar va qator muhim sohalar tarkibidagi axborot xizmatlari rahbarlari uchun maxsus mediatreninglar oʻtkazilmoqda. Mazkur jarayonlarda YUNESKO, YEXHT, BMT Taraqqiyot dasturi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti oʻrtasida tuzilgan memorandumga koʻra jurnalist va blogerlarga huquqiy maslahatlar berib borilmoqda.
Har bir sohada, jumladan, jurnalistikada ham xalqaro tajribani oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, uyushmada mazkur yoʻnalish boʻyicha ishlarni jonlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Uyushma tomonidan Rossiya, Janubiy Koreya, Tojikiston jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. Joriy yilning 15-iyun kuni Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan Umumxitoy jurnalistlar uyushmasi oʻrtasida tuzilgan hamkorlik kelishuvi yangilandi.
Rivojlangan xorijiy mamlakatlar axborot agentliklari tajribasini chuqur oʻrgangan holda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini qayta tashkil qilish, uni yirik mediatuzilmaga aylantirish boʻyicha ishlar davom etayotgani quvonarli. Agentlikka boshqaruv huquqi asosida berilgan “Matbuot uyi” bino va inshootlari hamda ularga tutash hududda yaqin vaqt ichida zamonaviy mediashaharcha tashkil etilishi barchamizni xursand qilmoqda.
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Soyliq qishlogʻida joylashgan “Oqtosh” ijod uyini rekonstruksiya qilish hamda unga qoʻshimcha bino va inshootlar qurish choralari koʻrilayotgani ham OAV xodimlari salomatligini mustahkamlash va tiklash, ularning maroqli dam olishini taʼminlash maqsadini koʻzlaydi.
Shu oʻrinda qayta saylangan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimidagi nutqida ommaviy axborot vositalari vakillariga, jurnalist va blogerlarga samimiy minnatdorlik izhor etgani, “Soʻz va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga boʻlgan huquqlarini kafolatlaymiz”, deya alohida taʼkidlagani keng jurnalistlar va blogerlar jamoatchiligini ruhlantirdi.
Mavjud muammolar
Hozirgi kunda yangilanayotgan Oʻzbekistonimizdagi mahalliy, xususiy va xorijiy taʼlim dargohlarida jami 4093 yigit-qiz mediasoha yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olmoqda. Bu yaxshi koʻrsatkich. Ammo tahlillar hamma bitiruvchilar ham oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishga joylasha olmayotganini koʻrsatmoqda. Oʻqish davomida ularning barchasi yetarli darajada bilim va malakaga, tajribaga ega boʻlmoqda, deb boʻlmaydi. Shu bois, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirliklaridan mazkur masalaga jiddiy eʼtibor qaratish soʻraladi.
Mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan bosma nashrlarning ahvoli hamon ogʻirligicha qolmoqda. Xususan, bugungi kunda koʻplab tuman gazetalari chop qilinmayapti, chop etilayotganlari ham juda kam adadda. Hatto bir paytlar tiraj jihatidan sobiq ittifoqda yuqori koʻrsatkichlarni egallagan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Qishloq hayoti”, “Toshkent oqshomi”, “Vechernыy Tashkent” singari nashrlarning 1000 nusxa atrofida chiqayotgani gʻoyatda tashvishlanarlidir. Ushbu gazetalarning muassislari bu borada aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi shart.
Bugun respublikamizda 10 mingga yaqin maktab faoliyat koʻrsatmoqda. Ayni kunda oʻquvchilarning asosiy nashrlari boʻlgan “Gʻuncha” jurnali 3200, “Gulxan” jurnali 3362, “Tong yulduzi” gazetasi esa 2056 adadda chop etilmoqda. Bu holat mamlakatimizdagi maktablarning yarmidan koʻpiga hatto bir dona ham gazeta yoki jurnal yetib bormayotganini anglatadi.
Bugun bu borada dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan AQSH, Yaponiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda minglab, millionlab nusxada chop qilinayotgan bosma nashrlarni koʻrish mumkin. Ushbu davlatlar tajribasidan ham oʻrganish, qaysidir maʼnoda ulgi olish kerakdir.
Shu oʻrinda gazeta va jurnallar tirajini koʻpaytirish uchun, birinchi navbatda, ularning oʻqishlilik darajasini oshirish, oʻquvchilar qiziqib mutolaa qiladigan boʻlishini taʼminlash ham juda muhimligini taʼkidlash joiz.
Endi soʻzimizni kasbiy faoliyatimizga oid ayrim mulohazalar bilan davom ettirsak. Gap shundaki, baʼzi hamkasblarimiz kasb etikasi qoidalari, ommaviy axborot vositalariga oid qonunchilik talablariga har doim ham rioya etmayapti.
Davlat va nodavlat teleradiokanallarida yengil-yelpi, ijtimoiy yuki yengil koʻrsatuv va eshittirishlar soni oshib borayotganini yashirib boʻlmaydi. Maʼno-mazmuni haminqadar koʻrsatuvlar koʻpayib, efir titrlarida imloviy xatolar uchramoqda.
Bu kabi holatlarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish lozim.
Yana bir masala. Toʻgʻri, bugun OAVda eʼlon qilingan tanqidiy materiallarga masʼullar tomonidan munosabat bildirish jonlandi. Ammo, ochiq aytganda, bu yetarli darajada emas. Hisobotlarda bu boradagi koʻrsatkichlar negadir yuqori. Oʻrganishlar bildirilayotgan munosabatlarning muayyan foizi oʻta yuzaki va xoʻjakoʻrsinga ekanini koʻrsatmoqda.
Ayrim jurnalist va blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga insonning shaxsiy maʼlumotlari, uning shaʼni va qadr-qimmatiga daxl qiladigan, baʼzan ochiqdan-ochiq zoʻravonlik va haqorat koʻrinishidagi post va izohlarni joylashtirish holatlari uchrayotgani ham tashvishli.
Shu oʻrinda, jurnalist va blogerlarni qoʻllab-quvvatlash, huquqiy savodxonligini oshirish borasidagi ishlarni davom ettirish, blogerlik faoliyati boʻyicha jahon tajribasini, ularning daromadini soliqqa tortish masalasini ham oʻrganish lozim, deb hisoblaymiz.
Taʼkidlash joiz, uyushma faoliyati, uning xodimlari oylik maoshi, uyushmani saqlash xarajatlari “Ilhom” jamoat fondi tomonidan moliyalashtiriladi. Afsuski, bu borada yuzaga kelgan jiddiy muammolar yechim topmayapti.
Ushbu koʻtarilgan masalalar ijobiy hal etilishiga umid qilib qolamiz.
Soha rivojiga doir yangi rejalar
Birinchidan, Oʻzbekistonda jurnalistika sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish.
Ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari faoliyatini tahlil qilish, sohada yuzaga kelgan muammolarni oʻrganish, ularga yechim topish borasidagi ishlarni jonlantirish zarur. Oʻrganish natijalaridan kelib chiqqan holda mediatuzilmalar va ularda faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun tavsiyalar ishlab chiqish.
Uchinchidan, milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuq hamda ilgʻor tajribalarini keng ommalashtirish, jurnalist va blogerlarda ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni takomillashtirish va boyitish, tajriba almashishga qaratilgan respublika va xalqaro mediaforumlar oʻtkazish.
Toʻrtinchidan, uyushma faoliyatini yanada jonlantirish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish, uyushma aʼzolari va OAV vakillarini ijtimoiy himoya qilish, tegishli imtiyozlar yaratish, ragʻbatlantirish, bir soʻz aytganda, har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi reja va dasturlar ishlab chiqish.
Beshinchidan, Prezidentning “Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini tayyorlash.
Oltinchidan, uyushma tomonidan 2024-yilning birinchi yarim yilligida Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy mediatuzilmalari hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirishga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazish.
Yettinchidan, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi, Osiyo jurnalistlar uyushmasi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlar jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolash.
Sakkizinchidan, 2023-2024-yillarda uyushmaning 60 nafarga yaqin aʼzosi xorijiy davlatlar OAVlarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashini, nufuzli mediatadbirlarda ishtirok etishini taʼminlash.
Toʻqqizinchidan, mamlakatimizda internetdan (ijtimoiy tarmoqlardan) faol foydalanuvchilar soni kundan-kunga oshib borayotganini hisobga olgan holda, har bir markaziy va hududiy OAV internet (ijtimoiy tarmoqlar) sahifalariga (milliy maʼnaviyatni yuksaltirishga oid) oʻz materiallarini (keng omma oʻqishiga moslagan holda) joylashtirib borishni koʻpaytirish uchun alohida dasturlar ishlab chiqilishi boʻyicha tavsiyalar tayyorlash.
Oʻninchidan, kelgusida ustoz va tajribali jurnalistlarimiz tomonidan mahorat bilan yozilgan (gazeta va jurnallarimizda kamayib borayotgan ocherk, felyeton, jurnalistik surishtiruv, esse kabi), publitsistik janrlarda tayyorlangan eng sara materiallarni (toʻplam-kitob holida) nashr etish.
Oʻn birinchidan, uyushma tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining davlat ramzlari qabul qilingan kunlar munosabati bilan tanlovlar oʻtkazish, katta bayram tadbirlarida gʻoliblarga sovgʻalarni tantanali ravishda topshirish.
Oʻn ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari xodimlarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ehtiyojmand va bemor, faxriy jurnalistlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni jonlantirish.
Oʻn uchinchidan, uyushma tomonidan oʻtkazilayotgan “Yilning eng faol jurnalisti” va “Atirgul” tanlovlarida “Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali” nominatsiyasini joriy etish.
Oʻn toʻrtinchidan, uyushma huzuridagi Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida zamonaviy mediaxizmatlarni koʻrsatish va rivojlantirish, uyushma markaziy apparati va hududiy boʻlimlarining xalqaro grant loyihalarida faol ishtirok etishi orqali qoʻshimcha mablagʻ topish, kelgusida uyushma oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash choralarini izlash borasidagi ishlarni jonlantirish.
Oʻn beshinchidan, mamlakatimiz OAVlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlarni davlat tili haqidagi qonun va qonunosti hujjatlar bilan tanishtirib borish va ularning mazmun-mohiyati xususida fikr almashinuvini tashkil etish maqsadida uyushma huzurida “Tilimiz fidoyilari” klubini tashkil etish. Klub tomonidan markaziy va hududiy OAVlarda – gazeta va jurnallarda, teleradiokanallarda, internet nashrlarda davlat tili qoidalariga rioya etilishi tahliliga bagʻishlangan davra suhbatlari – turli tadbirlar uyushtirish, jurnalistlar tomonidan tayyorlanib eʼlon qilinayotgan materiallar tilini oʻrganish, tahlil qilish, bu borada jurnalistlarga ijodiy-uslubiy yordam berish.
Oʻn oltinchidan, ommaviy axborot vositalarida, jumladan, davlat va nodavlat teleradiokanallarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning oylik maoshi (ish haqi) hamda qalam haqi (gonorar)ni bugungi kun talablariga moslashtirgan holda oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va tegishli hujjatlar loyihalarini tayyorlash.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, milliy jurnalistikamiz rivoji yoʻlida hali qilinadigan ishlar, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi oldida turgan vazifalar koʻp.
Mamlakatimiz mediasini yangi va yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan ana shu ishlar ayni kunda yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan 6 mingga yaqin jurnalist, uyushmaning 2 mingdan ziyod aʼzosi xohish-irodasi, taklif-tavsiyalari asosida amalga oshiriladi. Bu yoʻlda barcha OAV vakillarini uyushma atrofida birlashib, yanada faol va hamjihat boʻlishga chorlaymiz.