Ammo jurnalist nimani qanday yozayotgani haqida chuqur mulohazaga kirishsa, birdan hushyor tortadi. Negaki, soʻzning cheksiz qudratidan qanchalik foydalana olayotgani yoki aksinchaligi oydinlashadi. Shu maʼnoda, bugungi global mafkuraviy kurashlar davrida jurnalistika eng zarur himoya qoʻrgʻonidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yoʻllagan tabrigida: “Global ijtimoiy-siyosiy jarayonlar beqiyos shiddat bilan oʻzgarayotgan hozirgi oʻta murakkab va notinch dunyoda ommaviy axborot vositalarining oʻrni va taʼsiri har qachongidan ham kuchli ahamiyat kasb etayotganini hammamiz sezib-anglab turibmiz”, deb bejiz taʼkidlamadi. Shu maʼnoda, jurnalistlarning sarhadlarimizda doim sergak turgan Vatan posbonlariga qiyoslanishi ajablanarli emas.
Keyingi yillarda mamlakatimiz tom maʼnoda yangilanishlar diyoriga aylandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq, Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani mustahkamlandi. Ilgari mavjud “davlat — jamiyat — shaxs” paradigmasi “inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga oʻzgartirildi. Umuman, “Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida har bir soha, yoʻnalishda tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Ochigʻi, tarixan juda qisqa fursat — 7-8 yilda yurtdoshlarimiz hayotini yanada yaxshilash, davlatimiz mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi bunday yangilanishlarning sanab adogʻiga yetish mushkul. Zalvorli, taʼbir joiz boʻlsa, tarixiy yutuqlarimiz qatorida jamiyatimizda ochiqlik, oshkoralikka, soʻz erkinligiga keng yoʻl berilgani, bugun OAV vakillari, bloger va faollar jamoatchilik nazoratini taʼminlashning samarali boʻgʻiniga aylanganini ham alohida taʼkidlash oʻrinli.
Hozir bundan ham baland marralarni koʻzlab olgʻa intilyapmiz. Ana shu jarayonda matbuotning oʻrnini hech narsa bilan qiyoslab, toʻldirib boʻlmaydi. Buni qisqa va tushunarli qilib ifodalasak, oʻsish, oʻzgarish jarayonida jamiyat bir butun vatan, yagona xalq boʻlib olgʻa intilishi kerak. Ana shu birdamlik soʻz — matbuot orqali shakllantiriladi.
Haqiqatan, bugun soʻzning qudrati, axborotning kuchi tobora ortib borishi barobarida, internet va ijtimoiy tarmoqlar qamrovi oshib borishi hisobiga qudratli kuchni qoʻllash maydoni ham kengayib bormoqda. Bu oʻz-oʻzidan har bir davlat, jamiyat uchun himoyalanish refleksi, boshqacha aytganda, milliy kontentni rivojlantirish talabini yuzaga keltirmoqda.
Shu maʼnoda, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratilayotgani, xususan, Prezidentimiz qaroriga asosan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzurida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etilgani, ayni paytda markaz mahalliy ijodkorlarga milliy kontentlar yaratish boʻyicha buyurtmalar berib, sohada kadr tayyorlashni tashkil qilayotgani quvonarlidir.
Lekin bir jihatni aslo yoddan chiqarmasligimiz kerak: milliy kontentlar yaratish, umuman, internet oʻzbek segmentini sifatli milliy kontentlar bilan boyitish birgina markazning ishi emas. Bu, modomiki, birligimiz, hamjihatligimiz, tinchligimiz va barqaror kelajagimiz bilan bogʻliq ekan, milliy kontentni rivojlantirish hammamizning, yuragida shu vatanga muhabbati bor har birimizning burchimizdir. Ayniqsa, milliy kontent masalasi OAV vakillari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Oʻzbek jurnalistikasining bir vakili sifatida, bugungi kunda soha oldida turgan shu kabi dolzarb vazifalarni tahlil qilib, oldinda hali qilinishi zarur boʻlgan ishlarimiz salmogʻi juda katta ekanini anglaymiz. Mana shunday fursatda kamtarona mehnatlarimiz yuksak baholanib, 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida Prezidentimizning farmoniga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvoniga loyiq koʻrilganim uchun alohida minnatdorlik bildirgan holda, bu bizning kelgusi faoliyatimizda juda katta masʼuliyat burchi ekanini ham teran anglab turibmiz.
Yangi Oʻzbekistondagi ilk oʻzgarishlar xalq murojaatlari bilan ishlashdan boshlangan edi. Bunday jarayon bevosita matbuot erkinligini ham talab etadi. Mamlakatimizda har ikki jihatga birdek eʼtibor berildi. Bugun oʻzbek matbuoti ochiqlik, erkinlik jihatdan kechagisidan tubdan farq qiladi. Davlatimiz rahbari tabrigida qayd etilganidek: “Biz keyingi yillarda, ulugʻ ajdodlarimiz boshlab bergan ibratli anʼanalarni davom ettirib, demokratik jamiyatning muhim sharti va tamoyili boʻlgan ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirishga ustuvor eʼtibor qaratmoqdamiz”.
Darhaqiqat, ajdodlarimiz bizga rost soʻzi, yolgʻonni yomon koʻrishi, zukkolik bilan xalq manfaatini himoya qilishi, bir soʻz bilan aytganda, vatanparvarligi bilan ibrat maktabi boʻlib kelgan. Bugungi kun jurnalisti ulardan oʻrnak olishi shart. Koʻrib turibmiz, sunʼiy intellekt bizga qulaylik berish bilan birga yolgʻon axborot tarqatishda ham juda qoʻl kelib qoldi.
Avval koʻz bilan koʻrib, quloq bilan eshitgan xabargina ishonchli boʻlishi aytilardi. Zamonaviy texnologiyalar bu qarashni butunlay oʻzgartirib yubordi. Endi koʻz bilan koʻrsangiz ham, quloq bilan eshitsangiz ham axborotni tekshirib, haqiqatligini bilgach, boshqalarga ulashish zarurati paydo boʻldi. Agar bunga eʼtibor qilmasangiz, yolgʻon qurboni boʻlishingiz, xalq, vatan manfaatiga zid axborot “oyoq olishi”ga bilib-bilmasdan xizmat qilib qoʻyishingiz hech gap emas. Ha, hozirgi davr jurnalistika oldiga mana shunday oʻta jiddiy masalalarni qoʻymoqda.
Shu bois, Prezidentimiz: “Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “toʻrtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda.
Bu esa mazkur yoʻnalishda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, oʻz kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora koʻproq boʻlishini taqozo etmoqda”, degan edi.
Oʻrni kelganda tan olish kerak, bugun milliy jurnalistikamiz bu vazifani uddalayapti. Chunki mamlakatimizda matbuotni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, zamon talablariga mos rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini, matbuot va soʻz erkinligining qonuniy ijrosini taʼminlash boʻyicha sezilarli ishlar amalga oshirilyapti. Shu bilan birga, biz — jurnalistlarning mehnati yuksak baholanib, munosib qadrlanyapti.
Qolaversa, ijodiy jamoalarni qoʻllab-quvvatlash, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlashga yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi deya qaralmoqda. Bunga javoban bugun ijodiy jamoalar doimiy izlanishda, zamon bilan hamqadam borishga intilmoqda.
Ushbu fikrlarni “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi misolida aytsak. Bugun media makonimizga ilgʻor loyiha va texnologiyalarni keng joriy etyapmiz. Natijada matbuotda mediakonvergensiyaga erishmoqdamiz. Masalan, bugun gazetaning rasmiy veb-sayti, Telegram, YouTube va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida sahifalari bor.
Bundan tashqari, gazetamizdagi maqolalarni maxsus QR-kod orqali qoraqalpoq tilida ham berishni joriy etganmiz. Gazetaning elektron shakllari ham oʻquvchilarga taqdim etib borilmoqda. Yaʼni biz oʻquvchi qayerda boʻlsa, biz ham oʻsha joygacha oʻz mahsulotimiz bilan kirib borishga harakat qilyapmiz.
Qolaversa, imkon qadar zamonaviy texnologiyalar, shu jumladan, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanyapmiz. Negaki, jurnalistika doim jamiyatdan bir qadam oldinda boʻlishni talab etadi. Shu maʼnoda, milliy jurnalistikamiz izlanishlar natijasida yuksalib borayotganini kuzatib quvonaman. Endi bu marrani yanada yuksak olish, sunʼiy intellektni ham ortimizdan ergashtira oladigan kuchli mutaxassis, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlishimiz kerak. Bugun bunga barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Zero, yangi Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlar sabab jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirishda OAVlariga jiddiy eʼtibor berildi. Natijada davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini oʻrganish va hal qilish borasida milliy matbuotimiz muhim oʻringa ega boʻldi.
Mazkur yangilanishlar jarayonida bevosita davlatimiz rahbarining oʻzi turgani barchamizning qalbimizda katta faxr uygʻotadi. Ayni damda ulkan masʼuliyat ham yuklaydi. Ha, yangi Oʻzbekiston katta marrani koʻzlab yoʻlga chiqqan karvondir. Milliy matbuotimiz esa shu karvonga boshqalarni ham adashmay ergashtiradigan ogohlik qoʻngʻirogʻiga aylanib bormoqda. Ana shu safda boʻlish, vatan va xalq uchun xizmat qilish tom maʼnoda sharafdir. Ana shu sharafli vazifamizni bajarish chogʻida har lahza ulkan masʼuliyatni his etamiz.
Salim DONIYOROV,
Oʻzbekiston Respublikasida
xizmat koʻrsatgan jurnalist








