Xalq va davlat oʻrtasidagi oltin koʻprik

    “Xalqqa adolatni yetkazishdan qoʻrqmanglar, ortingizda Prezident bor”

    Har yili 27-iyunda nishonlanadigan Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni taqvimdagi shunchaki sana emas, balki mamlakatimiz hayotida soʻz erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari mustahkamlanib borayotganini aks ettiruvchi muhim voqeadir. Ushbu sana yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlar oʻzagini tashkil etuvchi demokratik tamoyillarning qay darajada chuqur ildiz otganini koʻrsatib beradi.

    Yangi Oʻzbekistonning poydevori aynan ochiqlik, shaffoflik va xalq bilan muloqotga asoslangani bois, OAVga qaratilgan yuksak eʼtibor va jurnalistlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar bu jarayonning ajralmas qismi, ­desak toʻgʻri boʻladi. Sababi OAV vakillari jamiyat va davlat oʻrtasida oltin koʻprik vazifasini oʻtaydi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari jurnalistlarga qarata “Xalqqa adolatni yetkazishdan qoʻrqmanglar, ortingizda Prezident bor”, deya baralla taʼkidlagan. Bu taʼkid xalq manfaatlari yoʻlida jonini jabborga berishga tayyor jurnalistlar uchun tugʻ kabidir.

    Davlatimiz rahbarining soʻzlari keyingi yillardagi islohotlar, jurnalistika sohasi rivoji uchun qilingan amaliy ishlar, ochiqlik, oshkoralik, soʻz erkinligini kuchaytiradigan huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilinishida oʻz isbotini topdi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning XV bobi ­ommaviy axborot vositalariga bagʻishlandi. Ilgari senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi Bosh qonunning birgina moddasida aks etgandi, xolos. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 81-82-moddalarida senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi, OAV faoliyatiga toʻsqinlik qilish va aralashish javobgarlikka sabab boʻlishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, oʻtgan yillarda “Ommaviy aborot vositalari toʻgʻrisida”gi qonunga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritildi. “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

    Bu hujjatlar jurnalistlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, erkin faoliyat yuritishi uchun zamin hozirlamoqda. OAVning chinakam “toʻrtinchi hokimiyat” maqomiga koʻtarilishi sohaning jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsiri ortishiga xizmat qilmoqda.

    Samarali boshqaruv tizimi xalq bilan doimiy muloqotda boʻlishi, aholining fikr-mulohazalari, ehtiyoj va muammolarini hisobga olishi shart. Xolis va haqqoniy axborot taqdim etish orqali bu muloqot yanada mustahkamlanadi, ishonch muhiti vujudga keladi. Ushbu yondashuv demokratik qadriyatlarni chuqurlashtirish, davlat idoralarining masʼuliyatini oshirish va har bir fuqaroning mamlakat hayotidagi ishtirokini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli strategiya asosidir.

    Prezidentimiz oʻtgan yili OAV xodimlariga yoʻllagan tabrigida bugun matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “toʻrtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib borayotganini taʼkidlagan edi. Mutaxassislar qayd etayotganidek, bugungi globallashuv va axborot asrida davlatlar oʻrtasidagi xalqaro maydonda yetakchilik uchun kurash, geosiyosiy, geoiqtisodiy manfaatlar yoʻlida bosim oʻtkazish, mamlakatlar orasida liderlikka intilish yoʻlidagi keskin raqobat axborot maydoniga koʻchgan. Global internet tarmogʻida har qadamda axborot xurujlari, “ommaviy madaniyat”ning zararli tushunchalari bilan toʻyintirilgan maʼlumotlar sizib yuribdi. Ayni shunday vaziyatda xalqning, ayniqsa, yoshlarning dunyoqarashi, ilmi va tafakkurini oshiradigan, qalbiga vatanparvarlik, milliy gʻurur, millatning qadimiy, oʻzgarmas qadriyatlarini singdiradigan milliy kontentlarga ehtiyoj har qachongidan ham yuqori. Ayniqsa, bolalarni zararli axborotdan himoya qilish masalasi hammani oʻylantirayotganini davlatimiz rahbari bot-bot takrorlaydi. Albatta, bu yoʻlda jurnalistlar zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklanadi. Yangidan yangi axborot saytlari, telekanallar, ijtimoiy tarmoqlarda sifatli sahifalar sonini oshirish zarur. Buning uchun mamlakatimizda yetarli imkoniyat, shart-sharoit yaratilgan.

    Axborot xavfsizligi milliy xavfsizlikning ajralmas qismidir. Har qanday jamiyatda toʻgʻri va haqqoniy axborotga erkinlik yaratish, dezinformatsiya va yolgʻon maʼlumotlarga qarshi kurashish davlatning eng muhim vazifalaridan. Ayniqsa, axborot xuruji koʻpaygan, tashqi axborot taʼsiri tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda ommaviy axborot vositalari nafaqat yangiliklarni yorituvchi, balki jamiyatdagi muammolarni koʻtaruvchi, dolzarb masalalarni kun tartibiga olib chiquvchi va keng jamoatchilikni tahlilga chorlovchi qudratli minbarga aylanishi zarur. Shu bois, Prezidentimizning bu boradagi qatʼiy pozitsiyasi mamlakatimizni axborot xavfsizligi nuqtayi nazaridan mustahkamlash, shuningdek, har bir fuqaroning toʻgʻri axborot olish huquqini taʼminlashga qaratilgan fundamental qadamdir. Ayni qarash Oʻzbekistonning jahon axborot makonida oʻz oʻrnini mustahkamlashi, milliy manfaatlarini himoya qilishi va xalqaro miqyosda yanada ochiq, shaffof davlat imijini shakllantirishi uchun zamin yaratadi. Axborotning strategik ahamiyati xuddi mudofaa tizimi kabi milliy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyatga egaligi bilan izohlanadi. Jamiyatni sogʻlom axborot muhiti yaratish, yosh avlodni turli zararli gʻoyaviy taʼsirlardan himoya qilishda OAVning oʻrni beqiyos. U fuqarolarning dunyoqarashini kengaytirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va milliy gʻururni mustahkamlashda ham muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Axborotning erkin harakati jamiyatda turli fikrlar xilma-xilligini shakllantirishga yordam beradi. Bu esa demokratik rivojlanishning shartlaridan biridir.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda soʻz erkinligini taʼminlash borasida katta ishlar qilindi. Ilgari yopiq boʻlgan koʻplab mavzular bugun ochiq muhokama qilinmoqda. Bu jarayon, birinchidan, davlat va jamiyat hayotining har bir sohasida shaffoflikni taʼminlaydi. Ikkinchidan, uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni yuzaga chiqarish va ularga yechim topish imkonini beradi. Jurnalist va blogerlar davlat organlari faoliyatini asosli tanqid qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, ijtimoiy adolatsizlik holatlarini fosh etishda tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotir. Bu esa, oʻz navbatida, davlat idoralari masʼuliyatini oshirib, fuqarolar bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyishda katta rol oʻynadi. Mazkur jarayon zamirida davlat idoralari faoliyatidagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, aholining davlatga ishonchini mustahkamlash va haqiqiy xalqparvar davlat barpo etish maqsadi yotadi.

    Jurnalistlarning tanqidiy tahlil qilish imkoniyati davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va oxir-oqibatda fuqarolar manfaatlari himoyasiga xizmat qiladi. Tanqid va konstruktiv muhokamalar yoʻq joyda rivojlanish ham boʻlmaydi. Shu bois, OAVning erkin va mustaqil faoliyat yuritishi har qanday islohotning muvaffaqiyati garovidir. Bu esa jamiyatda sogʻlom fikr almashinuvi, innovatsion gʻoyalarning paydo boʻlishi va ijtimoiy muloqot rivojlanishini taʼminlaydi. Ommaviy axborot vositalari muammolarni yoritibgina qolmay, hal qilish boʻyicha yechimlar taklif qilishda ham faol ishtirok etmoqda.

    OAVga qaratilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlar negizida, avvalo, xalq bilan muloqot qilish, odamlarning dardu tashvishlarini eshitish, muammolarini hal etishga intilish yotadi. Jurnalistlar xalqning koʻzi, qulogʻi va tilidir. Ular orqali xalqning ovozi hokimiyatga yetib boradi, jamiyatdagi kamchiliklar oʻz vaqtida yuzaga chiqadi hamda ularni bartaraf etish uchun zarur choralar koʻriladi. Jarayon ikki tomonlama ahamiyatga ega: bir tomondan, OAV davlat siyosatining aholiga yetib borishini taʼminlasa, ikkinchi tomondan, aholining muammolari va takliflarini davlat idoralariga yetkazadi. Bu esa vertikal va gorizontal aloqalarni mustahkamlab, samarali boshqaruv tizimini shakllantirishga yordam beradi. Bugun qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarda ochiqlik hamda shaffoflik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etayotgani ham OAV faoliyatini erkinlashtirishga qaratilgan strategik yoʻnalishning yaqqol dalilidir.

    Fuqarolik jamiyati rivojlanishi bevosita OAVning mustaqilligi va faolligi bilan bogʻliq. OAV jamiyatda turli fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi, ijtimoiy loyihalarni targʻib qiladi va aholini faol fuqarolik pozitsiyasini egallashga undaydi. Bu, oʻz navbatida, ijtimoiy nazoratni kuchaytiradi va davlat xizmatchilarining oʻz vazifaciga masʼuliyat bilan yondashishini taʼminlaydi.

    Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar, xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, sud-huquq tizimini takomillashtirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish kabi jarayonlarda OAVning roli beqiyos. Jurnalistlar nafaqat ushbu islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazadi, balki ularning samaradorligini tahlil qiladi, yuzaga kelayotgan toʻsiqlar va muammolarni koʻrsatib beradi. Bu esa islohotlarning aholi tomonidan toʻgʻri tushunilishi va qoʻllab-quvvatlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. OAV orqali iqtisodiy islohotlarning aholi hayotiga taʼsiri, yangi ish oʻrinlari ochilishi, investitsiya jalb qilinishi, eksport salohiyati oshishi, qishloq xoʻjaligidagi oʻzgarishlar, sanoatning rivojlanishi kabi masalalar keng yoritiladi. Ushbu jarayon jamiyatda oʻzgarishlarga ishonchni mustahkamlaydi va aholining faolligini oshiradi. Shu bilan birga, OAV aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish va faol fuqarolik jamiyatini barpo etishda muhim ishtirokchidir. Chunki jurnalistlar huquqiy bilimlar, qonunchilikdagi oʻzgarishlar, davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi va fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati haqida maʼlumot berish orqali aholining huquqiy madaniyatini yuksaltiradi.

    Fuqarolarning oʻz huquqlarini bilishi va ulardan foydalanishi demokratik jamiyatning muhim belgisidir. OAV bu borada maʼrifatparvarlik vazifasini ham bajaradi. Jamiyatda huquqiy ongni shakllantiradi va qonun ustuvorligini taʼminlashga hissa qoʻshadi. Sogʻliqni saqlash, taʼlim kabi ijtimoiy sohalardagi yangiliklar, jumladan, yangi shifoxonalar, maktablar qurilishi, oʻquv metodikasidagi oʻzgarishlar haqida ham OAV keng jamoatchilikni xabardor qilib, odamlarning islohotlarga ishonchini mustahkamlaydi.

    Soʻnggi yillarda axborot makonida, xususan, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda faollik sezilarli darajada oshdi. Bu bir tomondan, axborotga tezkorlik bilan erishish imkoniyatini yaratgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, axborot gigiyenasi va mediasavodxonlik masalalarining dolzarbligini yanada oshirdi. Turli manbalardan kelayotgan axborot oqimi tufayli yolgʻon xabarlar va dezinformatsiyadan himoyalanish uchun jamoatchilikda tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish zarur. Ishonchli manbalar orqali tarqatilayotgan rasmiy axborotlar, tahliliy maqolalar va ekspertlar fikrlari jamoatchilikning toʻgʻri xulosa chiqarishi muhim asos boʻlib xizmat qiladi. Bu esa har bir fuqaroga axborotni tahlil qilish, haqiqatni yolgʻondan ajrata olish koʻnikmalarini shakllantirish muhimligini koʻrsatmoqda. Mediadagi axborot orasidan oʻziga kerakli va ishonchli manbalarni topa olish qobiliyati zamonaviy jamiyat aʼzosining muhim xususiyatlaridan. Mediadan foydalanish madaniyatini oshirish va axborot savodxonligini rivojlantirish — jamiyatning axborot asrida oʻzini ishonchli his qilishi uchun muhim omil. Bu borada taʼlim tizimida ham tegishli dasturlar joriy etilishi, yoshlarga internetdan samarali va xavfsiz foydalanish koʻnikmalari oʻrgatilishi lozim. Shuningdek, OAVning oʻzi ham axborotning ishonchliligini taʼminlashga katta masʼuliyat bilan yondashishi, shubhali maʼlumotlarni tarqatishdan tiyilishi shart.

    Mamlakatimizda soʻz erkinligiga oid imkoniyatlar ommaviy axborot vositalari xodimlari zimmasiga yanada katta masʼuliyat yuklaydi. Bu masʼuliyat, birinchi navbatda, xalq manfaati yoʻlida xolis va haqqoniy axborot tarqatish, jamiyatda toʻgʻri muloqot madaniyatini shakllantirish, turli fikr va qarashlarni hurmat qilish, eng muhimi, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshishdan iborat. Axborot maydonidagi globallashuv sharoitida OAV xodimlari zimmasiga tushadigan javobgarlik yanada ortadi. Jurnalistlar nafaqat mahalliy, balki global axborot oqimini ham tahlil qilib, milliy manfaatlarimizga mos keladigan xulosalarni shakllantirishi lozim. Shu bois, ularning professional mahoratini oshirish, axborotni chuqur tahlil qilish, voqea-hodisalarni har tomonlama yoritish qobiliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz oʻtgan yili OAV xodimlariga yoʻllagan tabrigida koʻp qirrali professional bilim va malakaga, yuksak maʼnaviy-intellektual fazilatlarga ega zamonaviy jurnalist kadrlar tayyorlash bundan buyon ham ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi, deya taʼkidlagani ham bejiz emas.

    Darhaqiqat, xalqaro tajriba almashish, xorijiy OAV bilan hamkorlik qilish va ilgʻor texnologiyalardan foydalanish jurnalistlarning faoliyatini yanada kengaytiradi. Oʻquv kurslari, seminarlar va boshqa tajriba almashish dasturlari jurnalistlarning bilim va koʻnikmalarini oshirishga, yangi jurnalistik janrlar va yoʻnalishlarni oʻzlashtirishga yordam beradi. Jumladan, maʼlumotlarga asoslangan jurnalistika (data journalism) kabi yoʻnalishlarni rivojlantirish jamiyatdagi muammolarni chuqur oʻrganish va ularga tizimli yechim topish imkonini beradi. OAV xodimlari orasida axloqiy normalarga rioya qilish, axborotni tekshirib tarqatish va shaxsiy daxlsizlik huquqini hurmat qilish kabi tamoyillarga qatʼiy amal qilish muhim.

    OAV xodimlarining erkin faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilishi, haq-huquqlari qonuniy himoya qilinishi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishidir. Davlatimiz rahbarining bu boradagi qatʼiy siyosati tufayli jurnalistlar faoliyatiga toʻsqinlik qilishga urinishlar keskin taqiqlanmoqda. Bu esa soʻz erkinligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Yurtimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini nishonlash shunchaki rasmiy tadbir emas, balki soʻz erkinligi tamoyillariga sodiqlik, ochiqlik va oshkoralik sari qoʻyilgan dadil qadamlar eʼtirofidir. Bu OAVning chinakam “toʻrtinchi hokimiyat” sifatida eʼtirof etilishi, jurnalistlarga katta ishonch bildirilishi va mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishda ularning oʻrnini beqiyos ekanining yorqin ifodasidir. Oʻzbekiston demokratik rivojlanish yoʻlida OAVni asosiy tayanchlaridan biri sifatida koʻradi va u orqali jamiyatni yanada demokratlashtirish, har bir fuqaroning erkin fikr bildirish va axborot olish huquqini toʻlaqonli taʼminlashga intiladi. Bu esa mamlakatning har bir fuqarosi oʻzini oʻzgarishlarning bir qismi sifatida his etishi, davlatning fuqarolar bilan doimiy muloqotda boʻlishi va jamiyatdagi muammolarga birgalikda yechim topishga intilishini anglatadi.

    Kelgusida ham OAVning jamiyatdagi oʻrni yanada mustahkamlanib, demokratik oʻzgarishlarning ilgʻor drayveriga aylanishiga shubha yoʻq. Mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishi, aholining farovonligini oshirish va Oʻzbekistonning jahon maydonidagi obroʻsini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalarining hissasi beqiyos boʻlib qolaveradi. Jurnalistlarning har bir soʻzi, har bir chiqishi jamiyatda ijobiy oʻzgarishlarga turtki boʻlishi, odamlarni ezgu maqsadlar sari birlashtirishi va mamlakatimizning yorqin kelajagini qurishga xizmat qilishi lozim. Bu yoʻlda davlat tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratilib, OAVning mustaqilligi va erkinligi qonuniy himoya qilinishi davom ettirilishi ayni muddao.

    Zero, faqat erkin va mustaqil matbuotgina chinakam demokratik jamiyatning koʻzgusi boʻla oladi, uning nafas olishiga imkon beradi va jamiyatning sogʻlom rivojlanishiga zamin yaratadi.

    Jonibek ALIJONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri