Oʻzbekistonda Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanlovi eʼlon qilindi

    Mamlakatimizda 4 Iyun 2025 939

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga asarlar qabul qilinishi boshlanganini eʼlon qildi.

    “Dunyo“ AAning xabar berishicha, mazkur tanlov Oʻzbekiston Prezidentining 2024-yil 4-iyunda qabul qilingan “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish toʻgʻrisida“gi qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, oʻzbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyotining sara namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida eʼlon qilindi.

    Mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro adabiy tanlov milliy adabiyotimizni dunyoda keng targʻib qilayotgan, jahon adabiyotining eng sara asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirib, kitobxonlarga taqdim etayotgan fidoyi tarjimonlar mehnatini munosib ragʻbatlantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni ommalashtirish, xorijiy mamlakatlarda oʻzbekistonlik adiblar ijodiga qiziqishni yanada oshirish kabi xayrli maqsadlarni nazarda tutadi.

    Mazkur tanlovga eʼlon berilgan sanadan boshlab oʻtgan besh yil davomida kitob holida chop etilgan yoki bosma davriy va elektron adabiy nashrlarda eʼlon qilingan tarjima asarlar qabul qilinadi.

    Xalqaro tanlov quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkaziladi va unga belgilangan hajmdan kam boʻlmagan asarlar qabul qilinadi:

    – oʻzbek adabiyoti nasriy asarlaridan xorijiy tilga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida oʻn bosma taboq;
    – oʻzbek adabiyoti sheʼriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida besh bosma taboq;
    – oʻzbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida besh bosma taboq;
    – xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan oʻzbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida oʻn bosma taboq;
    – xorijiy tillarda yaratilgan sheʼriy asarlardan oʻzbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida besh bosma taboq;
    – xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan oʻzbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima – kamida besh bosma taboq.

    Dramaturgiya janriga oid tarjima asarlar ushbu bandda koʻrsatilgan yoʻnalishlar asosida koʻrib chiqiladi.

    Xalqaro tanlovga asarlar 2025-yil 1-sentyabrga qadar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan qabul qilinadi.

    Gʻoliblarning har biri maxsus diplom, koʻkrak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.