Zamonaviy farmasevtika sohasi an'anaviy dorishunoslik, ya'ni, tabiat in'om etgan dorivor giyohlar asosida rivojlanishi sir emas. Ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda dunyo bo'yicha farmatsevtika sanoatida ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining 50 foizdan ortig'i shifobaxsh o'simliklar xomashyosidan tayyorlanadi. Demak, dorivor giyohlarning xili qancha ko'p o'rganilsa, tibbiyot shuncha rivojlanib boradi. Qolaversa, so'nggi yillar mamlakatimizda dorivor o'simliklarni etishtirish va qayta ishlash tadbirkorlikning yangi yo'nalishiga aylanib boryapti.
Shifobaxsh o'simliklarni o'rganish, yangi turlarini yurtimiz sharoitiga moslashtirish hamda sanoat miqyosida ishlab chiqarish ancha jadallashgan. Bu borada qator hujjatlar imzolanib, talabgorlarga qulay imtiyozlar ham berilyapti. Joriy yilning 20-may kuni imzolangan “Dorivor o'simliklar xomashyo bazasidan samarali foydalanish, qayta ishlashni qo'llab-quvvatlash orqali qo'shimcha qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni bilan tarmoqni rivojlantirishga oid yana yangi vazifalar belgilandi. Xususan, tumanlarni dorivor o'simliklar yetishtirish bo'yicha hududlar kesimida ixtisoslashtirish, 2026 yilgacha 36 ming gektar maydonda yangi dorivor o'simliklar plantatsiyalari tashkil etish, shu faoliyat turi bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlariga qo'shimcha imtiyoz va moliyalashtirish tartiblarini joriy etish ko'zda tutilgan. Bu bilan yurtimizda shifobaxsh o'simliklar yetishtirish va qayta ishlash ko'lami yanada kengayadi.
Salqinsevar o'simlik
Dorivor o'simliklar xomashyo bazasini shakllantirish avvalo, ularning yangi turlarini aniqlash, dunyoda tarqalgan shifobaxsh giyohlarni o'rganish hamda yurtimiz sharoitiga moslashtirishdan boshlanadi. Olimlarimiz bu borada uzoq yillardan buyon ilmiy va amaliy tajribalar olib boradi. Ammo o'simliklarni madaniylashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish ishlari so'nggi yillardagina faollashdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda dorivor o'simliklarning 700 dan ortiq turi mavjud bo'lib, shulardan tabiiy sharoitda o'sadigan va madaniylashtirilgan 120 dan ziyod o'simlik turlarigina ilmiy va xalq tabobatida qo'llaniladi. Oxirgi yillarda bu raqamlar sezilarli o'sib boryapti. Mutaxassislar inson salomatligi uchun foydali va farmatsevtikada qo'llash mumkin bo'lgan ko'plab dorivor o'simliklarni o'rganib, yurtimiz sharoitiga moslashtirish ishlarini olib boryapti.
O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashida ham yangi turdagi dorivor o'simliklar tajriba maydonlarida o'stirilmoqda. Shulardan biri dunyo bozorida “tugma” nomi bilan tanilgan qimmatbaho perilla dorivor o'simligidir. Perilla salqinga chidamli, zax joylarda yaxshi o'sgani bois, bog' va tokzorlar orasiga ekish tavsiya etilyapti. Asosiysi, uning parvarishi boshqa ekinlarga ziyon yetkazmaydi.
Odatda, tokzorlar orasi salqin bo'lgani uchun u yerda mahsulot yetishtirish oson emas. Xalqimiz bunday erlarda asosan “to'qsonbosti” usulida sabzavot ekinlari, chorva mollari uchun yem-xashak o'stiradi. Undan olinadigan hosil kam bo'lib, ko'pincha xonadon ehtiyojidan ortmaydi, daromad ham u qadar yuqori emas. Bordiyu, bu joylarda perilla dorivor o'simligi etishtirilsa, bir necha barobar ko'p daromad olish mumkin.
Sababi, perilla dunyoda asosan foydali yog'i uchun ekilib, ko'paytiriladi. Ammo jahon bozorida o'simlikning bargi va poyasiga ham talab katta. Perillaning yog'i farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida keng qo'llanilsa, ustki barglari kosmetologiyada, yog' miqdori yuqori bo'lgan barg va poyalari esa uzoq yonuvchan briket tarzida, pichan holatida chorva mollari uchun ozuqa sifatida foydalaniladi. Qolaversa, perilla tarkibi organizm va salomatlik uchun muhim bo'lgan to'yinmagan “omega” yog'lariga boy. SHu bois, u zamonaviy tibbiyotda yurak-qon tomir, bronxit, asab va boshqa ko'plab kasalliklarni davolashda qo'llaniladi. Tarkibidagi yog' inson organizmidagi xolesterin miqdorini kamaytirish xususiyatiga ega bo'lib, qandli diabetda foyda beradi. O'simlik yog'i SHarq oshxonasida ham sevib iste'mol qilinadi. SHu bois, uning xaridorlari ko'p. Birgina Xitoy davlatining ushbu o'simlikka bo'lgan yillik talabi 50 ming tonnadan ziyod.
Tomorqada ham yetishtirish mumkin
Perillaning vatani Osiyo qit'asi ekaniga oid ma'lumotlar bor. U ilk bor Xitoy, Yaponiya, Koreya davlatlarida madaniylashtirilgan. Keyinchalik dunyoning turli mintaqalariga tarqaldi.
O'zbekistonda perillani yetishtirish uchun qulay iqlim sharoiti mavjud. Ayniqsa, shimoliy va sharqiy hududlarda yaxshi o'sadi. O'simlik urug'i fevralning oxiri, mart oyi boshida erga qadalib, iyun oyi oxirlarida yigishtirib olinadi. Chunki bu salqinsevar o'simlik jazirama issiqda urug'larini to'kib yuborishi mumkin. Yurtimiz sharoitida perillani g'alladan bo'shagan maydonlarda takroriy ekin sifatida yetishtirish ham samarali.
O'lkamizning turli hududlarida ushbu dorivor o'simlikni yetishtirish ishlari boshlab yuborilgan. Joriy yildan perilla O'zbekistonda ilk bor tajriba sifatida 2 gektar maydonga ekildi. Urug'lar Toshkent, Farg'ona, Andijon, Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi tokzor hamda bog'lar oralariga qadalib, Janubiy Koreyalik mutaxassislar ko'magida parvarishlanmoqda. Yurtimizda bug'doy hosili yig'ib olingach, yana 3 gektar maydonga takroriy ekin sifatida perilla ekiladi. Tajriba natijasiga qarab, kelasi yili 100—500 gektar maydonda o'simlikni ko'paytirish rejalashtirilgan.
Bu orqali nafaqat farmasevtika sanoati uchun xomashyo bazasini yaratish, balki qishloq xo'jaligida yaxshigina daromad olish mumkin. Masalan, Koreyada perilla urug'i sanoat darajasida qayta ishlanib, undan shifobaxsh moy olinadi. Hozircha bizda bu texnologiya joriy etilmagani bois, avvaliga mahsulot urug'ini eksport qilishimiz mumkin. Jahon bozorida 1 tonna perilla urug'ining narxi 4,5-5 ming dollargacha boradi. O'simlik hosildorligi esa ancha yuqori — gektaridan 1500 kilogrammgacha urug' olinadi.
Perillani aholi tomorqalarida ham etishtirib, qo'shimcha daromad olsa bo'ladi. O'simlik parvarishi ortiqcha harakat va mablag' talab etmaydi. Odatdagi agrotadbirlar olib borilsa kifoya.
Hozirda talabgor aholi xonadonlariga perilla urug'lari yetkazib berilyapti. Kelgusida hududlarda perilla o'simligini ommalashtirish, qo'shimcha daromad manbai sifatida tumanlar, mahallalarni perilla yetishtirishga ixtisoslashtirishni maqsad qilganmiz. Keyinchalik dorivor o'simlikni sanoat miqyosida qayta ishlab chiqarish ham mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli foyda keltiradi.
Zayniddin FAYZULLAYEV,
O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi
(“Yangi O'zbekiston” gazetasining 24.05.22, 102-sonida chop etilgan)