Oʻzbekistonda viza rejimining soddalashtirilishi turizm sohasi oldida misli koʻrilmagan imkoniyatlarni ochdi

    Mamlakatga kirish uchun shaxs amaldagi milliy pasport yoki xorijiy mamlakatlarga safar vaqtida qoʻllaniladigan, uning oʻrnida oʻtadigan amal qilish muddati kamida 6 oyni tashkil qilishi kerak boʻlgan boshqa hujjatga ega boʻlishi kerak.

    1. Vizasiz rejim

    2021-yil 15-mart holatiga koʻra, fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasida vizasiz rejim joriy qilingan mamlakatlar soni 90 tani tashkil qiladi.

    Ikki tomonlama xalqaro shartnomalar va tenglik asosida Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH) ishtirokchilari uchun, xususan 10 ta davlat, Ozarboyjon Respublikasi, Gruziya, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Moldova Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina (cheklanmagan), Qirgʻiziston Respublikasi (60 kungacha) va Tojikiston Respublikasi (30 kungacha) bilan ikki tomonlama vizasiz rejim oʻrnatilgan.

    Vizasiz rejim sanab oʻtilgan mamlakatlarning fuqarolariga, ularning safar maqsadlaridan qatʼi nazar Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan barcha toifadagi pasport (diplomatik, xizmat va umumfuqarolik) egalariga nisbatan qoʻllaniladi.

    Mamlakatga kirish uchun shaxs amaldagi milliy pasport yoki xorijiy mamlakatlarga safar vaqtida qoʻllaniladigan, uning oʻrnida oʻtadigan amal qilish muddati kamida 6 oyni tashkil qilishi kerak boʻlgan boshqa hujjatga ega boʻlishi kerak.

    30 kunlik va 60 kunlik vizasiz rejim

    Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasini kesib oʻtgan vaqtdan boshlab amalga kiradi va uning tugashiga qadar xorij fuqarosi mamlakatdan chiqib ketishi kerak. 16 yoshga toʻlmagan xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasiga vizasiz kirishi: Bunda ushbu fuqarolar qonuniy vakillari hamrohligida boʻlishlari va biometrik oʻtish hujjatiga ega boʻlishi talab etiladi va Oʻzbekiston hududida hamroh shaxsning vizasi amal qilish davrida, lekin 90 kundan ortiq boʻlmagan muddatda boʻlishi mumkin.

    Maʼlumot uchun:

    1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevraldagi 5326-son farmoniga muvofiq (1-band) 2018-yil 10-fevraldan boshlab 7 ta davlat, xususan Isroil davlati, Indoneziya Respublikasi, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur Respublikasi, Turkiya Respublikasi va Yaponiya fuqarolari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipajining aʼzolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilangan.

    2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-oktyabrdagi 5551-son farmoniga muvofiq 2018-yil 5-oktyabrdan boshlab Fransiya Respublikasi fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-yanvardagi 5610-son farmoniga muvofiq Germaniya Federativ Respublikasi fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.

    3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi 5611-son farmoni bilan 2019-yil 1-fevraldan boshlab, 45 ta davlat uchun 30 kun muddatga viz vizasiz rejim eʼlon qilindi.

    4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi 5691-son farmoni bilan 2019-yil 20-martdan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun, shuningdek, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari rezidenti maqomini olgan xorijiy davlatlar fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kun muddatga vizasiz rejim belgilandi.

    5. Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi 5781-son farmoniga muvofiq (1-Ilova) 2020-yil 1-yanvardan boshlab 20 ta davlat, jumladan, Antigua va Barbuda, Barbados, Beliz, Grenada, Dominikan Respublikasi, Meksika Qoʻshma Shtatlari, Gvatemala Respublikasi, Gonduras Respublikasi, Kosta-Rika Respublikasi, Kuba Respublikasi, Nikaragua Respublikasi, Panama Respublikasi, Trinidad va Tobago Respublikasi, El-Salvador Respublikasi, Sent-Vinsent va Grenadinlar, Sent-Lyusiya, Bagama Orollari Hamdoʻstligi, Dominikan Hamdoʻstligi, Sent-Kits va Nevis Federatsiyasi, Yamayka fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy qilinadi.

    2. Soddalashtirilgan tartibda hamda “e-visa.gov.uz” portali orqali turistik viza rasmiylashtirish.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevraldagi 5326-son farmoniga muvofiq 2018-yil 15-iyuldan boshlab elektron kirish vizalarini berish tizimi ishga tushirildi.

    2021-yil 15-mart holatiga koʻra, elektron viza olish mumkin boʻlgan mamlakatlarning umumiy soni 57 tani tashkil qiladi (2-Ilova).

    Fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega boʻlgan mamlakatlar roʻyxatiga kiritilgan xorijiy fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasalari va Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga murojaat qilmasdan, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga 30 kun muddatga bir martalik, ikki martalik va koʻp martalik kirish uchun “e-visa.gov.uz” portali orqali “E-VISA.UZ” tizimi yordamida elektron vizani rasmiylashtirishlari va olishlari mumkin.

    Elektron vizani rasmiylashtirish va berishga doir murojaatni koʻrib chiqish muddati murojaat berilgan kundan tashqari ikki ish kunini tashkil etadi (Nizomning 6-b, 2018-yil 4-iyuldagi 3836-son qarorga 1-ilova.

    Xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun elektron kirish vizasini rasmiylashtirish va berish uchun konsullik yigʻimlari miqdori quyidagicha belgilangan:

    - 20 AQSH dollari - bir martalik;

    - 35 AQSH dollari - ikki martalik;

    - 50 AQSH dollari - koʻp martalik.

    Elektron vizani rasmiylashtirish uchun murojaat Oʻzbekiston Respublikasiga kelish moʻljal qilinayotgan sanaga kamida 3 ish kuni qolganda yuborilishi lozim.

    Murojaatni rasmiylashtirish jarayoni ariza beruvchi elektron manzildan (e-mail) yoki boshqa identifikatorlardan (mobil telefon raqami, ijtimoiy tarmoqlardagi akkaunt) foydalangan holda avtorizatsiyadan oʻtishi mumkin (Nizomning 15, 16-b, 2018-yil 4-iyuldagi PQ-3836-son qarorga 1-ilova.).

    Xorijiy fuqaro murojaat qilganda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda Tashqi ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatlari tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha shaxsiy maʼlumotlarini kiritadi (Nizomning 17-b.).

    Taqdim etilgan maʼlumotlar dastlabki ishlovdan oʻtkazilganidan va ushbu maʼlumotlar olinganligi portal tomonidan tasdiqlanganidan keyin xorijiy fuqaro elektron viza rasmiylashtirilganligi uchun toʻlov toʻlashi va uni olishi mumkinligi toʻgʻrisida xabardor qilinadi.

    Toʻlovni portalga integratsiyalangan xalqaro toʻlov tizimlari orqali elektron shaklda amalga oshirish mumkin.

    Bunda ariza beruvchi xalqaro bank kartasi egasi boʻlishi talab etilmaydi (Nizomning 18-b.). Oʻzbekiston Respublikasi bilan tuzilgan xalqaro bitimlarga muvofiq xorijiy fuqaro respublikaga vizasiz asosda tashrif buyurishga haqli boʻlsa, murojaat koʻrib chiqish jarayoni elektron viza rasmiylashtirilguniga qadar portal tomonidan toʻxtatiladi va ariza beruvchi vizani rasmiylashtirishga zarurat yoʻqligi haqida xabardor qilinadi (Nizomning 19-b.).

    Toʻlov toʻlangandan keyin xorijiy fuqaroning elektron manziliga uning murojaati koʻrib chiqish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi, xabarda mazkur murojaatning identifikatsiya raqami koʻrsatiladi (Nizomning 20-b.).

    Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda xorijiy fuqaroning elektron pochtasiga tegishli xabarnoma yuborilgan holda elektron viza berish rad etilishi mumkin. Bunda konsullik yigʻimi summasi qaytarilmaydi (Nizomning 21-b.).

    Murojaatni koʻrib chiqish natijalari ijobiy boʻlganda Davlat personallashtirish markazi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda TIV va DXX tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha elektron kirish vizasi ariza beruvchining elektron manziliga yuboriladi (Nizomning 22-b.). Elektron viza haqiqiy yoʻl hujjati (pasport) asosida beriladi. Uni almashtirish holatlarida elektron viza qayta olinishi lozim. Bunda davlat boji qayta toʻlanadi.

    Yoʻl hujjatida va elektron vizada koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻrtasida nomuvofiqliklar yoki vizani rasmiylashtirish chogʻida joylashtirishda 3 tadan koʻp texnik xato yoki boshqa xatolar borligi aniqlangan taqdirda, xorijiy fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi rad etiladi (Nizomning 23-b.). Elektron viza uni rasmiylashtirgan xorijiy fuqaroning yoʻl hujjatiga (pasportiga) yopishtirilmaydi (Nizomning 24-b.). Rasmiylashtirilgan elektron vizaning haqiqiyligi va uning amal qilish muddati portalning maslahat servislari orqali tekshirib koʻrilishi mumkin.

    Elektron vizaning amal qilish muddati tugaganda portalning axborot resurslaridan elektron murojaat holati toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar oʻchirib tashlanadi (Nizomning 25-b.). Xorijiy fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi oʻtish punktlaridan oʻtayotganida uning nomiga rasmiylashtirilgan elektron yoki qogʻoz shaklidagi haqiqiy elektron vizani taqdim etadi. DXX Chegara qoʻshinlari xorijiy fuqaroda elektron viza mavjudligini mustaqil tekshirib koʻrishi mumkin (Nizomning 26-b.).

    Maʼlumot uchun:

    1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevraldagi PF-5326-son Farmoniga muvofiq dastlab 39 ta davlat, jumladan Yevropa Ittifoqi, Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari, shuningdek Hindiston Respublikasi, Kanada, Yangi Zelandiya, Amerika Qoʻshma Shtatlari fuqarolari uchun turistik vizalar berishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan. Xususan, turistik vaucherni yoxud taklif qilayotgan yuridik yoki jismoniy shaxsning TIVga murojaatnomasini taqdim etish talab etilmaydi. PF-5611-son farmoniga muvofiq PF-5326-son farmonining 1 ilovasi (39 davlat roʻyxati) oʻz kuchini yoʻqotdi.

    2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son farmoniga muvofiq (farmonning -4-ilovasi) 2019-yil 1-fevraldan 76 ta davlat uchun elektron viza olish imkoniyati taqdim etilgan edi. Mazkur farmonga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar, shu jumladan:

    - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-martdagi PF-5693-son Farmoniga muvofiq elektron viza oluvchi mamlakatlar qatoriga 2 ta davlat, Eron Islom Respublikasi va Janubiy Afrika Respublikasi qoʻshildi;

    - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi PF-5691-son Farmoni muvofiq Birlashgan Arab Amirliklari uchun vizasiz rejim belgilanganligi sababli PF-5611-son qarori bilan tasdiqlangan elektron viza olish imkoniyati mavjud boʻlgan mamlakatlar roʻyxatidan BAA chiqarib tashlandi;

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi PF-5781-son Farmoni bilan(1-Ilova) 2020-yil 1-yanvardan boshlab 20 ta mamlakat fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy qilinganligi sababli PF-5611-son qarori bilan tasdiqlangan elektron viza olish imkoniyati mavjud boʻlgan mamlakatlar roʻyxatidan 20 ta davlat chiqarildi. 3. Bugungi kunda elektron viza olish mumkin boʻlgan mamlakatlarning umumiy soni 57 tani tashkil qiladi.

    3. Tranzit orqali vizasiz kirish. Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-3836-son qarori bilan 2018-yil 15-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasidan tranzit orqali oʻtadigan fuqarolari uchun vizasiz kirish, vaqtincha boʻlish tartibi joriy qilindi.

    2021-yil 15-mart holatiga koʻra, tranzit orqali vizasiz kirish mumkin boʻlgan mamlakatlarning umumiy soni 48 tani tashkil qiladi (3-Ilova).

    Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmatining chegara qoʻshinlari boʻlinmalariga passajirlar toʻgʻrisida oldindan oʻz vaqtida maʼlumot beradigan tashuvchining uchinchi mamlakatiga aviachipta mavjud boʻlgan tegishli davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasidan tranzit orqali oʻtadigan fuqarolari uchun — 5 sutkadan ortiq boʻlmagan muddatda mamlakatning xalqaro aeroportlari oʻtkazish punktlari orqali vizasiz kirish, vaqtincha boʻlish va Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketishi mumkin.

    Maʼlumot uchun:

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi PQ-3836-son qaroriga muvofiq 101 davlat fuqarolariga Oʻzbekistonga besh kungacha vizasiz tranzit kirishi joriy etilgan boʻlib, mazkur qarorga vizasiz rejimli davlatlar soni kengaygani hisobiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-oktyabrdagi PF-5551-son Farmoni (Fransiya uchun vizasiz rejim), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-yanvardagi PF-5610-son Farmoni (Germaniya), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son Farmoni (45 ta davlatga vizasiz rejim), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi PF-5691-son Farmoni (BAA uchun vizasiz rejim), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son Farmoniga muvofiq 5 ta davlat uchun 10 kun muddatga vizasiz rejim) kiritilib, bugungi kunda vizasiz tranzit kirish mumkin boʻlgan davlatlar soni 48 tani tashkil etadi.

    4. Yashash guvohnomasini olish huquqi

    Fuqarolari koʻchmas mulk sotib olish sharti bilan Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini oluvchi mamlakatlar soni jami 111 tani tashkil etdi (4-Ilova).

    Oʻzbekiston Prezidentining 1999-yil 26-fevraldagi 2240-son farmoni bilan tasdiqlangan Xorijiy shaxsga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi, fuqaroligi boʻlmagan shaxsga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq Toshkent viloyati va Toshkent shahrida — 400 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda;

    Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida — 200 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda;

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlarida — 100 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda koʻchmas mulk sotib olgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish huquqiga ega boʻladi.

    Maʼlumot uchun:

    1. Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi 5611-son farmoniga muvofiq 109 ta mamlakat fuqarolari koʻchmas mulk sotib olish sharti bilan Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish huquqiga ega boʻldi.

    2. Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 19-martdagi 5693-son farmoniga muvofiq yashash guvohnomasini oluvchi mamlakatlar soni yana 2 taga (Eron Islom Respublikasi va Janubiy Afrika Respublikasi) koʻpaydi.

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi

    Axborot xizmati