Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida norasmiy Xalqaro mental arifmetika olimpiadasi bo'lib o'tdi.
Ushbu Olimpiadani o'tkazishdan maqsad o'qituvchilar va o'quvchilar o'rtasida bilim almashish, yoshlarda o'z yurtini boshqa davlatlarda munosib taqdim etish ko'nikmasini shakllantirish, ilmga intilish va raqobatbardoshlikni bolalikdan singdirish hamda g'alabaga ruhlantirishdan iborat.
Xalqaro mental arifmetika olimpiadasida O'zbekiston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog'iston, BAA, Bolgariya va Rossiyadag 300 ga yaqin maktab o'quvchilari yosh toifasi va turli murakkablikdagi mashqlarni echish bo'yicha bellashishdi.
Mazkur Olimpiadada o'zbekistonlik o'quvchilar bir qator sovrinli o'rinlarni egallashdi. Xususan vakillarimizdan bir nafari oliy o'rinni qo'lga kiritgan bo'lsa, 17 nafari birinchi o'rinni, 13 nafari ikkinchi o'rinni va 10 nafari uchinchi o'rinni egalladi.
Mamlakatimiz elchixona xodimlari Xalqaro olimpiada ishtirokchilarining BAAga safarini tashkil etishda ko'maklashdi hamda yosh bilimdonlarni Abu-Dabi aeroportidan Toshkent shahriga kuzatib qo'ydi.









