Oʻzbekistonning toʻlov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi haqida maʼlumot berildi

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida OAV vakillariga mamlakatning xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzlarning qaysi sohalarga yoʻnaltirilayotgani haqida maʼlumot berildi.

    “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, 2018-yildan boshlab Markaziy bank tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi koʻrsatkichlari shakllantirilib, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan qabul qilingan formatlarda har chorakda muntazam Markaziy bankning veb-saytida joylashtirib borilmoqda.

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida OAV vakillariga mamlakatning xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzlarning qaysi sohalarga yoʻnaltirilayotgani haqida maʼlumot berildi.

    Aytish kerakki, mazkur maʼlumotlarni shakllantirishda idoraviy maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish maqsadida 2018-yil 3-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 263-sonli qarori qabul qilingan.

    Tadbirda taʼkidlanganidek, yoʻnalishdagi koʻnikmalarni rivojlantirish hamda maʼlumotlarni xalqaro qabul qilingan qoʻllanmalarga muvofiq, tuzilishini taʼminlash maqsadida bugungi kunga qadar Xalqaro valyuta jamgʻarmasining toʻrtta texnik koʻmak missiyalari jalb qilindi.

    Buning natijasida:

    - Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarziga oid 2020-yilgacha boʻlgan 6 yillik statistik maʼlumotlar qayta tuzildi;

    - maʼlumotlarni shakllantirish jarayonlarini jahon andozalariga muvofiqlashtirishga erishildi.

    Maʼlumotlarni shakllantirish jarayonining jahon andozalariga mosligi taʼminlanishi ularga boʻlgan ishonchni oshirib, Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi statistikasidan xalqaro tashkilotlar foydalanishiga zamin yaratadi.

    Maʼlumotlarning asosiy foydalanuvchilari – bu Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va xalqaro reyting agentliklari mutaxassislari, xorijiy investorlar va tashqi savdo hamkorlar, mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari hamda mustaqil izlanuvchilardir.

    Shu bilan birga, 2020-yil 3-avgustda qabul qilingan milliy statistika tizimini yana-da takomillashtirish va rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4796-sonli qarori ijrosi doirasida tashqi sektor statistikasiga doir koʻrsatkichlarning davriy qatorlarini 2010-yilga qadar kengaytirish maqsadida Markaziy bank hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan bir qator vazifalar belgilab olindi.

    Ushbu ishlarni samarali tashkil etish maqsadida joriy yilning 9-20-noyabr kunlari davomida Xalqaro valyuta jamgʻarmasining navbatdagi texnik koʻmak missiyasi ham jalb etildi.

    Qayd etildiki, tashqi sektor statistikasi, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi toʻlov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi toʻgʻrisida davlat organlari mansabdor shaxslarining savodxonligi va keng jamoatchilikning xabardorlik darajasini oshirish maqsadida Markaziy bankning moliyaviy savodxonlik boʻyicha axborot-taʼlim Finlit.uz portalida “Toʻlov balansi xaqida nimalarni bilasiz?”, “Joriy xalqaro operatsiyalar xaqida”, “Tashqi qarz – bu nima?”, “Xalqaro investitsion pozitsiya” kabi mavzularda ixcham maqolalar joylashtirilib borilmoqda.

    Anjumanda aytilishicha, 2020-yilning I yarim yilligi yakuni boʻyicha Oʻzbekistonning tashqi qarzi 27,6 milliard dollarni tashkil etdi. Shundan 10,1 milliard dollari xususiy sektor qarzi hisoblansa, 17,5 milliard dollari davlat qarzlaridir. 2020-yilning I yarim yilligi davomida Oʻzbekiston Respublikasi toʻlov balansi koʻrsatkichlarining shakllanishiga jahonda COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq ichki hamda tashqi bozordagi oʻzgarishlar, global biznes faoliyati oʻsishining sekinlashishi va moliyaviy xatarlarning ortishi, tashqi savdo aylanmasining pasayishi kabi omillar oʻz taʼsirini oʻtkazgani taʼkidlandi.