Shu orqali poliz ekinlariga jiddiy zarar yetkazib, eksport hajmining kamayishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan “Qovun pashshasi” (Carpomya pardalina Bigot) zararkunandasiga hamda madaniy oʻsimliklarning oʻsishi va rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan “Zarpechak” (Cuscuta.sp), “Sudraluvchi kakra” (Acroptilon repens D.C) begona oʻtlariga qarshi ommaviy kurashni tashkillashtirish hamda bu haqda keng jamoatchilik orasida targʻibot-tashviqot ishlarni olib borish koʻzda tutilgan, deydi oʻz xabarida Inspeksiyasi axborot xizmati.

Maʼlumot uchun, “Qovun pashshasi” mamlakatimiz hududida ilk bor 2000-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida aniqlangan. Bugungi kunda ushbu zararkunanda barcha viloyatlarda uchraydi. Tangaqanotlilar oilasiga mansub mazkur hasharot vegetatsiya davri boshida paydo boʻlib, yoz davomida 90-100% qovun mevasini, 20-25% tarvuz va ayrim dalalarda 5-10% qovoqni zararlagani aniqlangan.

Zarpechak begona oʻti oʻsimlikning tanasiga yopishib, undagi shirani soʻradi. Oʻsimlikning nobud boʻlishiga olib kelishi, hududga tez tarqash xavfi yuqori. Respublikamizda uchraydigan “Zarpechak” begona oʻtidan 13 turi oʻsimliklarga eng koʻp zarar keltiradi. Uning gullari kichik (2-7 millimetr) oq, pushti, yashil ranglarda boʻladi. Zarpechakning tomiri bilan olib tashlanmasa, 8-9 yil davomida bir joydan chiqib koʻpayib ketadi.

Shuningdek, “Sudraluvchi kakra” begona oʻti ekinlarning hosildorligi va sifatini, past tekisliklarning mahsuldorligini pasaytiradi. “Sudraluvchi kakra” urugʻi bilan ifloslangan don qayta ishlanganda, u achchiq taʼmli boʻlib qoladi. Oʻsimlikning gullashi va meva hosil qilishi may, iyun oylaridan boshlanib, urugʻi iyul oylarida pishib yetiladi. U tuproqdan suv va undan erigan mineral moddalarni kuchli oʻzlashtiradi. Bundan tashqari, u oʻzidan boshqa oʻsimliklarni oʻsishi va rivojlanishini toʻxtatib (sekinlashtirib) qoʻyuvchi modda ham ajratib chiqaradi.

“Dolzarb 15 kun” tadbirlari mobaynida mazkur zararli begona oʻtlarning tarqalishini oldini olish uchun bogʻdorchilik va dehqonchilik xoʻjaliklarida, shaxsiy tomorqa, korxona, tashkilot, katta yoʻl boʻylari va boshqa maydonlarda Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan karantin nazorati olib boriladi.

Shu bilan bir qatorda, xorijiy davlatlarga eksport qilinayotgan karantin ostidagi mahsulotlarda zararkunandalar topilsa, belgilangan tartibda zararsizlantirish ishlari olib boriladi. Agar begona oʻtlar aniqlansa, yoʻq qilish choralari amalga oshiriladi.

Yuqorida keltirilgan zararkunanda va begona oʻtlar asosan mevali daraxtlar hamda poliz ekinlariga jiddiy zarar yetkazadi. Ularni oʻz vaqtida aniqlab, qarshi kurashish choralari koʻrilishi tavsiya etiladi.

Shu sababli karantin osti oʻsimliklarini yoʻl boʻylari, tomorqalar, polizlarda uchratishingiz bilan darhol oʻz hududingizdagi Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlariga murojaat qilishingiz soʻraladi.