Piyoda yurish boshqalarga ham odat boʻlsin, deya ijtimoiy tarmoqdagi sahifam va telegram kanalimda bu haqda kichik-kichik xabarlar yoza boshladim. Shundan soʻng 10 ming qadam yurishga qiziquvchilar koʻpaydi. Hatto oʻsha ilovani oʻrnatib berishimni soʻrab, maslahat solganlar boʻldi. Ularga qoʻlimdan kelgancha yordam berdim.
Issiq kunlar tugab, kuz, soʻng qish boshlandi. Ammo yurishni toʻxtatmadim. Koʻpincha sherik boʻlmasa ham oʻzim yuraverdim. “Qish kuni boʻlsa, issiq uyda maza qilib yotmaysizmi”, deganlar ham boʻldi. Yoʻq, yurish odatingizga aylansa, uyda oʻtira olmay qolar ekansiz.
“Men – maʼrifatsizman!”
2021-yil dekabr oyida adabiyotchi Rahimjon Rahmatning ijtimoiy tarmoqda yozgan shu gapi menga qattiq taʼsir qildi: “Bizda boy va kambagʻalning bitta oʻxshash tomoni bor — ikkalasi ham semiz, chunki ikkalasiyam maʼrifatsiz”.
Mening ham vaznim 110 kilo edi. “Toki ozmas ekanman, oʻzimni maʼrifatli sanay olmayman”, deya oʻzimga-oʻzim soʻz berdim.
Kasbdoshim Otabek Muhammadiyga koʻpchilik yurishga chiqmayapti, deb yozgʻirsam: “Bizning dardimiz — ovqat. Koʻp ovqat yegan odamga koʻp harakat yoqmaydi”, deya javob qaytardi. Bu gap qanchalik achchiq boʻlmasin, lekin haqiqat edi.
Oʻsha kunlari men bilan birga ishlaydigan bir opa turmush oʻrtogʻi semizlik ortidan qand kasali va insult boʻlib qolganini aytdi. 53 yoshida ishlamay, uyda oʻtiribdi ekan. Bu gap menga “ogohlik qoʻngʻirogʻi” boʻldi.
Mana shu voqealardan soʻng ortiqcha vaznim borligini tan oldim va bu ogʻir oqibatlarga olib kelishini angladim.
Tan va ruhiyatim tozardi
Mana, ortiqcha vaznsiz kunlarim boshlandi-yu, tanam yayrayapti, kayfiyatim, ruhiyatim koʻtarildi, yashashga boʻlgan ishtiyoqim oshdi. Avval biror yumushni bajarishga hafsalam boʻlmasdi. Endi hammasi yaxshi tomonga oʻzgardi. Har bir ishni zoʻr ishtiyoq bilan bajaryapman.
2021-yil may oyida vaksina olish uchun qon bosimimni oʻlchatgandim: 140 ga 100 chiqdi. Kardiolog dori yozib berdi, ichdim, foydasi boʻlmadi. Bir oydan soʻng takror oʻlchatdim. Oʻzgarish yoʻq. Vaznim ortib, qonim quyuqlashib, fermentlarim oshib ketgani uchun ham shunday boʻlayotgan ekan. Hozir qon bosimim 120 ga 80. Yaʼni sogʻlom davrimdagiday.
Tez ozayotganimni koʻrgan doʻstlarim biror kasallik orttirib olasan, deya mendan xavotirga tushdi, bu holat jigarni zararlashi va oʻt pufagida tosh yigʻilishiga olib kelishi mumkin emish. Ichki aʼzolarimni UTT qildirishni maslahat berishdi. Yoʻq demadim: jigar, oʻt pufagi va buyragim yaxshi ekan. Avvalgi yillari UTTchi jigarim kattalashgani va yogʻ bosganini aytgandi. Bir dunyo dori ham ichib koʻrganman, ammo foydasi boʻlmagan. Ortiqcha vaznim kamayayotgani uchun endi bu xavf yoʻq.
Och yurmadim. Ovqatlanishni tartibga soldim, kamaytirdim, non va non mahsulotlari, shakar va shirin yeguliklar, achchiq narsalardan tiyildim, xolos. Mendan xavotir olganlarni tinchlantirdim: hammasi joyida.
Shu tariqa joriy yil 10-yanvardan qatʼiy parhezga oʻtdim. Kuniga 2-3 litrgacha suv icha boshladim. Natijada 2 oy ichida 13 kilo ortiqcha vazndan qutuldim. Hozir 97 kiloman. Maqsadim
85 kiloga tushish.
Xullas, sogʻlom hayotni boshladim. Bu yogʻiga nafsimni jilovlab, shu tartibda yashamoqchiman. Nafsimni yengmasam, nafs meni yengadi.
Piyodalar klubini tuzdik
2022-yil yanvar oyida mahalliy saytlardan birining muxbiri Ilyos Safarov men bilan kechki sayrga chiqish istagini bildirdi. Ikkovlashib yura boshladik. Yurishimizni ramziy maʼnoda hamda boshqalarga oʻrnak boʻlar yo turtki berar, degan maqsadda “Piyodalar klubi”, deb nomladik.
Klubimiz aʼzolari har kuni 10 ming qadam yurishni, faqat va faqat sogʻlom turmush tarzini targʻib qiladi. Boshqa hech qanday maqsadni koʻzlamaydi. Biz adabiy-badiiy, ijodiy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy, sport va sogʻlom hayot haqida suhbatlashamiz. Keyin-keyin safdoshlarimiz soni ortdi: Beruniy Alimov, Sarvar Ochilov, Gʻiyosiddin Oʻnar, Shodi Otamurod, Sardor Usmoniy, Surayyo Sattorova.
Biz faqat yurish bilan cheklanib qolmasdan, suv havzasida suzishni ham yoʻlga qoʻydik. “Boʻrijar sport” suzish havzasiga kunora yo uch kunda bir suzishga boryapmiz. Masalan, oʻzim har borganda 25 metrli basseynning bu boshidan u boshiga 30-marta borib kelyapman. Yaʼni, 1,5 chaqirim suzyapman. Shuning ortidan belimdagi disk churram ogʻrimay qoʻydi. Yana bir dard mendan chekinyapti.
Oliy maqsad
Insult kasalini boshidan oʻtkazgan yozuvchi akamizga shifokori kuniga 7 chaqirim yurishni tavsiya qilibdi. Shunda odam sogʻlom boʻlar ekan. 7 chaqirimni qadamlarga oʻgirib koʻrsam, bu 10 ming qadamlik yoʻl boʻlarkan. Demak, odam kasal boʻlmaslik uchun ham har kuni shuncha yoʻlni bosib oʻtishi shart.
Bizning oliy maqsadimiz — piyoda yurishni xalqimiz orasida koʻproq targʻib qilish. Millat tanasi, geni va ruhini sogʻlomlashtirishga hissa qoʻshish.
Vatandoshlarimizga bunday degim kelyapti: yurishni xuddi uch mahal ovqatlanganday, kundalik odatga aylantiring. Ishoning, bu qiyin emas. Eplaysiz. Yursangiz, sogʻlom boʻlasiz, dardlar sizni chetlab oʻtadi, qoningiz suyuqlashadi, qon bosimingiz meʼyorlashadi, miyangiz yaxshi ishlaydi. Bosh gʻiybat va yomon fikrlardan tozalanadi, yurakka toza havo kiradi. Koʻp ovqat yeyish dardini unuting, kitob oʻqishga odatlaning va maʼrifatli odam boʻling.
Biz oʻzgarishimiz kerak. Uchinchi Renessans ostonasida qorin qaygʻusidan aqliy kamolot yoʻliga oʻtishimiz zarur. Shunda sogʻlom va kuchli millatga aylanamiz, inshaalloh.
Fozil FARHOD,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
raisining matbuot kotibi