Toʻrtinchi bor oʻtkazilayotgan mazkur yirik tadbir Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti tomonidan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamda Qurgʻoqchil hududlarda qishloq xoʻjaligi boʻyicha tadqiqotlar olib boruvchi xalqaro markaz (ICARDA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumanda jahonning 20 dan ortiq davlatlari olimlari, ekspertlar, investorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbirning ochilishi marosimida taʼkidlanganidek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash dunyodagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Sababi, sayyoramiz aholisining isteʼmol mahsulotlariga boʻlgan talabi yil sayin ortib bormoqda. Biroq iqlim oʻzgarishi oqibatida kuzatilayotgan suv taqchilligi, ekin maydonlarining unumdorligi pasayib ketishi va boshqa ekolgik omillar taʼsirida qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻljaldagi hosilni olishning imkoni boʻlmayapti. Buning oqibatida koʻplab davlatlar aholisi oziq-ovqat xavfsizligining oqibatlarini juda oʻtkir his qilishmoqda.

Shu maʼnoda yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga ustuvor ahamiyat berilayotgani diqqatga sazovor, albatta. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning oltinchi sammitida ushbu masalaga xalqaro hamjamiyatni yana bir bora qaratib, jumladan, shunday dedi: “Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan koʻpi Osiyo qitʼasida yashamoqda.

Paradoks shundan iboratki, bir vaqtning oʻzida aynan bizning mamlakatlarimiz jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi”.

Yurtimizda 2021-yilda 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, 7,4 million tonnaga yaqin don, 2,6 million tonna goʻsht, 11 million tonnadan ortiq sut mahsulotlari, 8,3 milliard dona tuxum, 400 ming tonna baliq va boshqa noz-neʼmatlar yetishtirilgan.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning aytishicha, anʼanaviy tus olgan mazkur anjumanda oziq-ovqat xavfsizligi sohasida global masalalar muhokama qilinayotgan, sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanish targʻib qilinayotgani tufayli uning nufuzi tobora oshmoqda.

— Davlatimiz rahbari SHHTning Samarqand sammitida kelgusi yili mamlakatimizda Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazishni taklif etgani bizga qoʻshimcha masʼuliyat yuklamoqda, — deydi R. Xolmurodov. — Binobarin, FAO shafeligida tashkil etiladigan mazkur forumda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratish, oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish, ichki mintaqaviy savdo oʻsishi uchun texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish kabi masalalar muhokama qilinishi kutilyapti.

Anjuman yalpi majlisidan soʻng ishtirokchilar shuʼbalarga boʻlingan holda dolzarb mavzular maʼruzalar qilishyapti.