Bu Oʻzbekiston va Global Yashil rivojlanish instituti (GGGI) oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bagʻishlangan tadbirning asosiy voqeasiga aylandi.
GGGI kengashining amaldagi raisi Pan Gi Munning nutqi talabalar, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar vakillarini jamladi.
Pan Gi Mun oʻz murojaatida iqlim oʻzgarishi zamonamizning eng jiddiy va dolzarb tahdidi ekanini taʼkidladi.
“Agar biz bu muammoni toʻgʻri hal qilmasak, insoniyatning, Yer sayyorasining kelajagi boʻlmaydi”, — dedi u.
Pan Gi Mun navqiron avlodni global muammolarni hal qilishda yetakchilik qilishga chaqirar ekan, barqaror rivojlanishga faqat davlatlar, institutlar va fuqarolik jamiyati saʼy-harakatlarini birlashtirish orqali erishish mumkinligini taʼkidladi.
Pan Gi Mun oʻzining “Boʻlingan dunyoda millatlarni birlashtirish: konsensus sari ogʻir yoʻl” nomli kitobiga alohida eʼtibor qaratdi, unda oʻz yoʻli va falsafasi batafsil ochib berilgan.
“Ushbu kitobni yozar ekanman, men nafaqat oʻz hikoyamni, balki oʻnlab yillik mehnatlarim davomida olgan saboqlarimni ham yetkazmoqchi boʻldim: biz birlashganda kuchliroq, boʻlinganda esa kuchsizmiz”, — dedi u.
Pan Gi Mun Oʻzbekiston haqida gapirar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga uzoqni koʻruvchi rahbarligi va faol ekologik siyosati uchun minnatdorlik bildirdi. U Oʻzbekiston va GGGI oʻrtasidagi hamkorlik yanada yashil va barqaror kelajak qurish uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi. Shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda samarali mintaqaviy hamkorlik namunasi sifatida Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqining Samarqand iqlim forumida ishtirok etishi muhimligini alohida taʼkidladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov oʻz nutqida bugungi yigʻilish shunchaki tantanali tadbir emas, balki Oʻzbekiston barqaror rivojlanishga intilayotganining tasdigʻi ekanini taʼkidladi.
“Yashil iqtisodiyotga oʻtish nafaqat ekologik zarurat, balki «Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida hamda 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yili» deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarorda oʻz ifodasini topgan strategik tanlovimizdir», — dedi u.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi oʻrinbosari Rustam Saparboyev esa Oʻzbekistonda ekologik inqiroz timsoliga aylangan, ammo bugungi kunda umid va barqaror tiklanish xususiyatlariga ega boʻlayotgan Orolboʻyi mintaqasini tiklash boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga toʻxtaldi. R.Saparboyev, shuningdek, Pan Gi Munga Orolboʻyi kelajagi boʻyicha xalqaro forumni oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ushbu noyob mintaqani saqlab qolish uchun xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini birlashtira oladigan keng qamrovli hujjat – “Orolboʻyi mintaqasi uchun yashil pakt”ni yaratishga koʻmaklashishni soʻradi.
Tadbir dasturidan GGGIning Oʻzbekistondagi joriy va kelajakdagi hamkorlik tashabbuslari taqdimoti ham oʻrin oldi. Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun yakunlangan “Aral Sea GRIP” investitsiya loyihasi, Toshqin va qurgʻoqchilikni boshqarish loyihasi, Hamkorlik boʻyicha mamlakat dasturi va “Strategik ekologik baholash (SEB) boʻyicha pilot loyihani amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash” dasturi shular jumlasidandir.
Tadbir davomida ekologik ofat oqibatlarini bartaraf etishda barqaror yondashuvning yorqin namunasiga aylangan “Aral Sea GRIP” loyihasining asosiy yutuqlari alohida taʼkidlandi. Tashabbus boshlangan 2021-yildan buyon KOICA koʻmagida yigirmadan ortiq tahliliy-metodik materiallar tayyorlash, 17 mingdan ortiq maktab oʻquvchilari, ayollar va erkaklar ishtirokida keng koʻlamli maʼrifiy ishlarni olib borish, 250 milliondan ortiq aholini qamrab olgan keng koʻlamli axborot kampaniyasini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Tadbir yakunida barqaror rivojlanish davlatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati tomonidan kelishilgan va qatʼiy harakatlarni talab etishi taʼkidlandi. GGGI Oʻzbekistonning yashil kun tartibini amalga oshirishda, jumladan, iqlimni moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish, toza energiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va ilgʻor ekologik texnologiyalarni joriy etishda faol ishtirok etishga sodiqligini tasdiqladi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.