Panama Trampning talablarini bajarish oqibatlari haqida ogohlantirdi

    AQShning saylangan Prezidenti Donald Trampning Panama kanali ustidan nazoratni AQShga qaytarish haqidagi talablarini bajarish yuk tashishda “tartibsizlikka” olib keladi.

    Kanalni boshqaruvchi kompaniya rahbari Rikourte Vaskes Morales ana shunday ogohlantirish bilan chiqdi, deb xabar beradi The Wall Street Journal.

    “Qoidalar – bu qoidalar va istisnolar yo'q. Biz xitoyliklarni, amerikaliklarni yoki boshqa birovni kamsita olmaymiz. Bu betaraflik shartnomasini, xalqaro huquqni buzadi va tartibsizlikka olib keladi”, dedi u.

    “Xitoy Panama kanalini boshqarmoqda, degan ayblovlar asossiz. Xitoyning bizning operatsiyalarimizga hech qanday aloqasi yo'q”, deya qo'shimcha qildi Vaskes Morales.

    Amerika nashriga ko'ra, Panama kanali orqali kemalarning o'tish narxi 300 ming dollardan 1 million dollargacha o'zgarib turadi.

    “Tariflar butun dunyodan kelgan barcha kemalarga taalluqlidir, istisnolar yo'q”, deb ta'kidladi Vaskes Morales. U AQSh saylangan rahbarining AQSh kemalariga kanal orqali o'tish uchun ko'proq to'lov undirilayotgani haqidagi da'volarini rad etdi. Uning so'zlariga ko'ra, faqat bitta istisno mavjud, bu kanal orqali ustuvor o'tish huquqi berilgan AQSh harbiy kemalari bilan bog'liq.

    Vaskes Morales, shuningdek, Panama kanalini modernizatsiya qilish va unga xizmat ko'rsatish uchun AQShdan mablag' so'ramagani, kompaniya-administrator mazkur ta'mirlash ishlarini o'z daromadi hisobidan moliyalashtirayotganini qayd etdi.

    Avvalroq Tramp o'zining Truth Social ijtimoiy tarmog'ida Panama kanali yana AQSh mulkiga aylanishi mumkinligini ma'lum qilgandi, deb xabar beradi report.az.