Soʻnggi yetti kunda COVID-19 tashxisi qoʻyilgan eng koʻp bemor Rossiyada roʻyxatga olingan — 1,2 million nafar. Shunga qaramay, mutaxassislar bu yerda avvalgi haftaga nisbatan biroz pasayish kuzatilganini taʼkidlashmoqda.
Ikkinchi oʻrinni 1,1 millionga yaqin koʻrsatkich bilan Germaniya band etdi. Bu davlatda ham kasallanishlar soni 10 foiz kamaygan.
Braziliya esa uchinchi oʻrinda — mamlakatda 770 mingdan odam koronavirusni yuqtirgan. Pasayish miqdori avvalgi haftaga qiyoslaganda deyarli 50 ming kishini tashkil etgan.
Toʻrtinchi oʻrinni 630 mingga yaqin holat bilan AQSH egalladi. Mamlakatda hozir kuniga oʻrta hisobda 115 mingga yaqin bemorda infeksiya aniqlanmoqda.
Osiyoda eng koʻp kasallanish koʻrsatkichlari Yaponiya hissasiga toʻgʻri kelyapti. Ushbu davlatda kuniga 90-100 ming atrofida yangi holatlar roʻyxatga olinmoqda.
Hindistonda esa aksincha, kasallanishlar soni bir hafta ichida ikki baravar kamaydi. Ayni paytda bu yerda kuniga 30 mingga yaqin bemorda COVID-19 infeksiyaci aniqlanyapti.
Yevropada kunlik holatlar Niderlandiya va Italiyada 50 mingdan oshadi, Buyuk Britaniyada 40 mingga yaqin. Ammo bu oʻtgan yilning noyabr oyidan beri qayd etilgan eng past koʻrsatkichdir.
Belgiya va Polshada kasallanishlar hafta davomida ikki, Ispaniya, Chexiya va Ruminiyada bir yarim baravar, Portugaliya va Ukrainada esa uchdan biriga kamaydi.
Lotin Amerikasida pasayish dinamikasi mintaqaning deyarli barcha mamlakatlariga taalluqli. Masalan, oʻtgan hafta davomida Meksikada kuniga oʻrtacha 20 ming, Argentinada esa qariyb 12 ming bemor koronavirusga chalingan.
Dunyoda COVID-19dan oʻlim koʻrsatkichlari ham avvalgi haftaga nisbatan 15 mingtaga kamayib, hayotdan koʻz yumganlar soni 61 ming nafarni tashkil etdi. Shundan katta qismi AQSHda qayd etildi —12 ming nafar.
Ikkinchi oʻrinda — Braziliya. Mamlakatda hafta davomida 5,3 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi. Rossiyada esa bu koʻrsatkich 5,25 ming nafarni tashkil etdi.