Pandemiya saboqlari: bizga nimalarni o'rgatdi?

    Fikr 18 May 2020 2579

    Deyarli ikki oylik davr ichida o'zimga bir necha bor: “Nima uchun shuni qilmadim?”, degan savolni bermoqdaman.

    Dugonamnikiga borib, uning holidan xabar olmadim, nevaramni tish doktoriga olib borib, sut tishlari kariesining oldini olmadim, suv sizib o'tayotgan jo'mrakni tuzatish uchun usta chaqirmadim va shunday “qilmadim”lar safi keng. endilikda esa o'sha dugonamdan xavotirdaman, axir telefonda hamma narsani aytib bo'lmaydi, ayniqsa, oila a'zolari doimo yonida bo'lsa, bir kuni tishlar og'rib qolishidan qo'rqaman, jo'mrakni gapirmasam ham bo'ladi. Albatta, vaziyat keskin tus olsa, harakat qilib vaziyatlarni o'nglashga to'g'ri keladi, lekin buning oldini olish afzal. Ortiqcha muloqotdan o'zimni tiyishga, qulayroq vaziyatni kutishga harakat qilmoqdaman.

    Qilinishi mumkin bo'lgan, lekin qoldirilgan ishlar soni albatta ko'p. Bu misollar, shunchaki xayolimga birinchi kelgani. Doimo vaqt kamdek tuyulib, ishlarni ertaga qilsa ham bo'ladi deb o'ylardim. Kutilmaganda, zarur ishlarni QILA OLMAYDIGAN vaziyat mavjudligi aniqlandi. Karantin choralari joriy qilinishidan avval QILA OLISHIM MUMKIN bo'lgan, lekin qilmagan ishlarim. endi esa, zarur bo'lsa ham, xohish va qat'iyatga to'la bo'lsang ham qila olmaysan. Ushbu saboq keyinchalik unutilmasligini juda xohlayman. Hayotning zarur qadamlarini rejalashtirish va ushbu rejani qat'iyat bilan o'z vaqtida bajarish muhimligini angladim. Hayotdagi bunday kutilmagan damlarga tayyor bo'lish va zaruratga ko'ra xotirjam yondoshish uchun. Bolaning tishlari og'rib, oilani tashvishga solmasa, jo'mraklardan suv oqmasa deyman. Kimdirning esa mashinasi o'z vaqtida tuzatilsa, yaqinlari bilan vaqtida diydor ko'rishsa, boshqa shahardagi qarindoshlarinikiga eson-omon etib borsa, kimdir esa eng yaqinlari bilan ta'tilga borsa deyman.

    Hayot uzun albatta, lekin, karantinning ko'rsatishicha, ishlarni, vazifalarni ertaga qoldirib bo'lmas ekan. YOki undagi muhim, tezkor yoki shunchaki qalbga iliqlik beruvchi jihatlarini boshqa kunga qo'ymaslik kerak. Buni yodda tutish, rejalashtirish va bajarish lozim. O'zimiz uchun. Doimiy bandlik, ishxonadagi majburiyatlar, charchoq va boshqalarga qaramay. Hayotni keyinga qoldirmaslik kerakligini unutmay yashash zarur. Men bunga intilaman. Kim men bilan?