Pandemiyadan omon chiqishning eng qulay echimi

    Biolog olim sifatida ta'kidlamoqchiman: yaratilayotgan va hozir sinovdan o'tkazilayotgan yoki allaqachon favqulodda foydalanishga ruxsat etilgan vaktsina turlarining barchasi inson salomatligini saqlash maqsadida ishlab chiqilgan. Ba'zilar aytayotganidek, insoniyatga qarshi o'ylab topilgan emas.

    Keng jamoatchilik hamda deputatlar ishtirokidagi muhokamalar xulosasi va o'tkazilgan sinovlar natijasiga ko'ra, yurtimizga Xitoydan bir million doza ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasi keltirildi. Bu Xitoy hamda O'zbekiston olimlari hamkorligida yaratilgan, klinik tadqiqotlari olib borilgan, koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaktsinadir.

    Dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlangan kunlardan bugunga qadar o'tgan vaqt mobaynida odamlarni ushbu xatardan ishonchli himoyalay oladigan vaktsinaning qachon yaratilishi barcha davlat va jamiyatlarning, shu jumladan, yurtimiz aholisining eng muhim va dolzarb savoli bo'lib keldi. Viloyat va tumanlarga safarlarimiz chog'ida ham, poytaxtimizda ham COVID-19 virusiga qarshi vaktsina haqidagi savollarga ko'p duch kelyapmiz. SHuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlarda ham XXI asrning ushbu balosiga qarshi kurashish usullari haqida juda ko'p savol, fikr va mulohazalar chiqib turibdi.

    Koronavirus pandemiyasining ilk kunlaridanoq davlatimiz rahbari tomonidan o'z vaqtida amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli COVID-19 pandemiyasining ommaviy ta'siri boshqa o'lkalardagiga qaraganda ancha oz bo'ldi. Insoniyat avval duch kelmagan ushbu ofatga qarshi mamlakatimizning barcha tegishli tizimlari safarbar etilgani, aholi salomatligini muhofaza qilish va infektsiya tarqalishining oldini olish tadbirlarining o'zaro uzviylik, tezkorlik bilan joriy qilingani buning asosiy omillaridan biri bo'ldi, albatta.

    Pandemiya davrida davlatimiz rahbari bilan xalqimizga, shifokor va olimlarga bir necha bor murojaat qildi. Kishilarni birdamlikka, jipslikka chorlab, aholi salomatligini saqlash davlatning eng muhim vazifalaridan biri ekanini qayta-qayta ta'kidladi. Koronavirusga qarshi kurash mobaynida bajrilgan ishlarning ko'lami va natijalari, aholini COVID-19 ga qarshi eng samarali va xavfsiz vaktsinalar bilan ta'minlash borasida Prezidentimiz, jumladan, shunday dedi: “Uning eng ma'qulini topamiz. Bizning iqlimimizga mos, xalqimizga foydasi ko'proq bo'ladigan vaktsinani sotib olamiz. Ota-bobomiz aytganidek, etti marta emas, o'n marta o'lchab, bir marta kesamiz. Xalqimizning salomatligini o'ylash men uchun eng katta masalalardan biri. Sinovlarni o'tkazyapmiz. Qaysi sinov ma'qul bo'lsa, pulidan qat'i nazar, xalqimizga kerakli miqdorda bu vaktsinani albatta etkazib, olib kelamiz”.

    O'z vaqtida, xalq salomatligi uchun uzoqni ko'zlab, davlat rahbari aytganidek, etti emas, o'n marta o'ylab, bir kesilgan qarorlar natijasida bugun yurtdoshlarimiz salomatligini muhofaza qilish maqsadida rejalashtirilgan vaktsinatsiya tadbirlari boshlanish arafasida. Bu butun jamoatchilik e'tibor qaratadigan, “shaxsiy fikr”lardan chekinib, aql va hamjihatlikda amalga oshiriladigan keng ko'lamli tadbirdir.

    Bugun xalqimiz orasida “Vaktsina nima?”, “U qanday foydali yoki nojo'ya ta'sirga ega?”, “Samaradorligi va xavfsizligi bo'yicha tahlillar qanday qanday natija berdi?” kabi savollarga bilib-bilmay munosabat bildirish qizg'in tus oldi.

    Vaktsina nima?

    Vaktsina biologik tibbiy preparat bo'lib, inson organizmida muayyan virus yoki mikrobga qarshi immunitet hosil qilishi bilan qiymatlidir. U an'anaviy usulda virus yoki mikroblarning zarar keltirolmaydigan darajada zaiflashtirilgan yoxud jonsiz shaklini yaratish orqali olinadi.

    Hozirgi ilm-fan yutuqlari virus yoki bakteriyadan to'la foydalanmasdan ham vaktsina yaratish imkonini beradi. Bu jarayonda kasallik qo'zg'atuvchi virus yoki bakteriyaning kichik bo'lagi biotexnologik usullar yordamida ko'paytirilib, tozalab olinadi. Ushbu turdagi vaktsinalar tarkibida infektsiya qo'zg'atuvchi bo'lmagani uchun kasallikning qaytalanish ehtimoli mavjud emas. Vaktsinalar bizni kasalliklardan qanday himoya qilishini bilish uchun, avvalo, inson immun tizimining ishlash jarayonini tasavvur qilish kerak.

    Organizm qanday kurashadi?

    Inson tanasining himoya tizimini o'ta tezkor va zamonaviy armiyaga o'xshatish mumkin. Unga “dushman”, ya'ni virus yoki biror mikrob (fanda antigenlar deb yuritiladi) kirib kelganida, immun tizimi uni tashqi belgilari (asosan, oqsil qobig'i) orqali tanib oladi va unga qarshi antitanachalardan iborat tezkor guruh “askar”larini ishlab chiqaradi. Bu jarayon o'z-o'zidan, avtomatik ravishda ro'y beradi.

    Jonsizlantirilgan yoki rekombinant vaktsina inson tanasiga yuborilganida ham shunday jarayon sodir bo'ladi: immun tizimi uni aniqlab, kurashuvchan maxsus “bo'linma”larni ishlab chiqaradi. Jonli virusdan farqi shundaki, u inson tanasida kasallik keltirib chiqarolmaydi. Ushbu usul hozirgi paytga qadar kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishning eng samarali usuli bo'lib kelmoqda. Tabiiyki, inson organizmi doimiy mikroblar (antigenlar) qurshovida ekani e'tiborga olinsa, bunday immun tizim va tabiiy vaktsinatsiya muntazam ravishda tanamizni himoya qilib turadi.

    Mikroblarga qarshi tananing o'zi kurashchi (antitanachalar) ekanini anglab etish insoniyatga “dushman” hujumiga oldindan tayyor turish uchun yovning o'zidan (vaktsina) foydalanish va hujumga qadar inson tanasida mustahkam himoya qo'rg'onlarini (antitanachalar) qurib qo'yish orqali hujumdan betalafot chiqib ketish (immunitet) imkonini ochib berdi. Dunyo tarixida ilk vaktsinatsiya namunalari bundan taxminan ming yil oldin Hindiston va Xitoyda qo'llangan degan farazlar mavjud. Biroq haqli ravishda dunyo tibbiyotining otasi deb tan olingan ulug' ajdodimiz Abu Ali ibn Sino o'ninchi asrdayoq xavfli yuqumli kasalliklar bilan kurashishning juda muhim qoidalarni insoniyatga tuhfa etgani haqiqat.

    1025 yilda yozilgan “Tib qonunlari” asarida buyuk alloma yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun qirq kunlik ihotalanish zarurligini aytib o'tgan edi. Abu Ali ibn Sino insoniyat tarixida birinchi bo'lib kasalliklarni mikroblar keltirib chiqarishini aniqlagan. Odamlarda sariq kasalligi va Sibir` yarasi kabi jiddiy xastaliklarning kelib chiqish sabablarini tushuntirib bergan.

    Emlanmalarning qanday turlari mavjud?

    Dunyoda vaktsinalarning bir qancha turi mavjud. Jumladan, ularni mamlakatimizda joriy etilgan, chaqaloqlikdan o'smirlikkacha bo'lgan davrda bajariladigan emlash dasturlari orqali yaxshi bilamiz. Tabiiyki, yurtimizda vaktsina kirib bormagan xonadon bo'lmasa kerak. JSST ma'lumotlariga ko'ra, samarali emlash jarayoni har yili millionlab kishilarni muqarrar xavfli kasalliklardan saqlab qoladi.

    Kasallik chaqiruvchi mikroblarni kuchsizlantirish (yoki o'ldirish) orqali yaratilgan vaktsinalar, avval qayd etilganidek, faolligi kimyoviy usulda so'ndirilgan virusdan iborat. Bu holatda organizmning mudofaa tizimi virusni to'laligicha “ko'radi” hamda uning “javobi” virusning qobig'idagi yopishuvchan oqsil va nukleoproteinga qaratiladi. Koronavirusga qarshi yaratilgan va foydalanishga ruxsat berilgan bunday vaktsinalarga CoronaVac, Sinopharm, BBIBP-CorV (Xitoy), Covaxin (Hindiston) va KoviVak (Rossiya) preparatlarini misol qilib keltirish mumkin.

    Genetik o'zgartirilgan tirik virus vaktsinalari, qisqacha aytganda, gen muhandisligi usullari yordamida kasallik chaqiruvchi mikroblar genomidan uning ko'payishi va yuqishiga mas'ul bo'lgan muhim genetik komponentlari olib tashlangan va mazkur o'zgarish orqali umumiy shakli saqlangan, biroq to'la zararsiz holga keltirilgan virusning o'zidir. Koronavirusga qarshi bunday vaktsinalarga misol qilib BCG Vaccine (Niderlandiya, AQSH, Avstraliya) va COVI-VAC (AQSH, Hindiston) emlanmalarini keltirish mumkin. Ular ayni paytda klinik sinovlardan o'tkazilmoqda.

    Vektorli, replikatsiyalanmaydigan (ya'ni ko'paymaydigan) vaktsinalar, asosan, laboratoriyada o'zgartirilgan adenoviruslar asosida olinadi. Adenoviruslar tabiatda lipoprotein qobiqlariga ega bo'lmagan umurtqali hayvonlarda tarqalgan virus bo'lib, ko'p hollarda odamlarda yuqori nafas yo'llari va oshqozon-ichak traktidagi infektsiyalarga sabab bo'ladi. Olimlar tomonidan gen muhandisligi usulida adenoviruslarning ko'paymaydigan va biologik jarayonlarda gen tashuvchi (vektor) shtammlari yaratilgan. Bu turdagi adenoviruslar genomiga kasallik chaqiruvchi mikrob (masalan, koronavirus)ning qobiq oqsillarini sintezlovchi muhim genini joylashtirish orqali inson tana hujayrasida “dushman” oqsili bo'lakchalarini ishlab chiqarish mumkin. Bunday biologik tuzilma DNKga asoslangan adenovirusli rekombinant vaktsinalar deb yuritiladi. Koronovirusga qarshi bu turdagi vaktsinalarga Gam-KOVID-Vak yoki Sputnik V (Rossiya), Convidicea (Xitoy), AZD1222 (SHvetsiya, Buyuk Britaniya), COVID-19 Vaccine Janssen (Niderlandiya, AQSH) kabilarni misol qilish mumkin.

    DNK vaktsinalarining viruslarga asoslanmagan rekombinant DNK turlari ham mavjud bo'lib, mikrob genlari maxsus plazmida vektorlariga joylashtiriladi. Rekombinant DNK tutgan plazmidalar bakterial xujayralarda ko'paytirib olinadi. SHundan so'ng tozalanib, tana hujayralari yadrosiga etkazish uchun maxsus yog' pardalariga o'ralgan holda yoki muskul to'qimalariga to'g'ridan-to'g'ri elektroporatsiya (elektr maydon ta'sirida lipidli ikki qavatli membranada teshiklarni hosil qilish; ushbu hodisa biotexnologiyada makromolekulalarni sutemizuvchilar, bakteriyalar yoki o'simliklarning hujayralariga kiritish uchun ishlatiladi — muharrir izohi) usulida kiritiladi va mikrobga qarshi antitanachalar ishlab chiqarilishiga erishiladi. Hozir o'ndan ortiq ana shunday rekombinant plazmidali DNK vaktsinasi yaratilgan. Masalan, nCoVv, INO-4800+electroporation, AG0301-COVID19 AnGes/Takara, GX-19 kabi emlanmalar ikkinchi va uchinchi bosqich klinik sinovlardan o'tmoqda.

    SHuningdek, koronavirusga qarshi vaktsinalarning RNK molekulalariga asoslangan turlari ham bor. Mikrobning oqsil molekulasi sintezlovchi faol matritsali-RNK molekulasi probirkalarda ko'paytirib olinadi. Inson tanasiga kiritilishi jarayonida parchalanib ketmasligi uchun maxsus yog' pardalari (liposoma) bilan o'ralgan holda in'ektsiya qilinadi. Tana hujayrasi tsitoplazmasiga tushgan mikrobning faol m-RNK molekulasini inson hujayrasidagi ribosomalar “tanib”, mikrobning tegishli oqsilini sintezlaydi. Bu oqsil (antigen) tanaga yot bo'lgani uchun antitanacha hosil qilib, immunitetni shakllantiradi. Bu eng oxirgi va juda qisqa muddatda ishlab chiqilishi mumkin bo'lgan vaktsina texnologiyalaridan biri bo'lib, koronavirus pandemiyasi davrida ilk marta vaktsina yaratilishida qo'llandi. “Pfizer” va “Moderna” kabi koronovirusga qarshi keng foydalanilayotgan vaktsinalar ana shunday RNK vaktsinalaridir. SHu bilan birga, RNK molekulalarining yarim yashovchanlik davri juda qisqa bo'lgani va faol holda saqlash uchun kamida 70 daraja sovuqda saqlanishi kerakligi hisobga olinsa, bunday vaktsinalardan foydalanish ancha noqulay.

    Rekombinant oqsil vaktsinalari esa biotexnologik usulda virus yoki mikrob qobig'ini hosil qiluvchi muhim oqsil sintezlab olinishidan vujudga keladi. U organizmga yuborilganda, virus yoki mikrobdan umuman xoli, “toza” oqsilga nisbatan immun javob hosil bo'ladi. Bunday vaktsinalar boshqa turdagi emlanmalar bilan solishtirilganda, eng yuqori xavfsizlik profiliga va 2-4 daraja haroratda foydalanish imkoniga ega. Ularga misol tariqasida xalqimizga yaxshi tanish bo'lgan, chaqaloqlarni B gepatiti virusiga qarshi emlashda keng qo'llanadigan vaktsinalarni yoki hozir koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan va foydalanilayotgan epiVakKorona (Rossiya) va ZF-UZ-VAC2001 (Xitoy va O'zbekiston) kabilarni keltirish mumkin.

    Mishmishlar haqiqat emas

    Mazkur misollardan dunyo olimlarining aqlu-zakovati insoniyatni qutqarib qoladigan, COVID-19 ga qarshi emlanma yaratishga qaratilganiga, bu yo'lda qanchalar ko'lamli ish bajarilayotganiga shohid bo'lib turibmiz.

    Biolog olim sifatida ta'kidlamoqchiman: yaratilayotgan va hozir sinovdan o'tkazilayotgan yoki allaqachon favqulodda foydalanishga ruxsat etilgan vaktsina turlarining barchasi inson salomatligini saqlash maqsadida ishlab chiqilgan. Ba'zilar aytayotganidek, insoniyatga qarshi o'ylab topilgan vosita emas. Vaktsinalar bir-biridan samaradorligi, ishlatishga qulayligi, etkazib berishga tayyorligi, ya'ni etarliligi hamda aholi orasida taniqligiga qarab o'zaro ustuvorlikka ega bo'lishi mumkin. Jumladan, birinchi va ikkinchi klinik sinovlardan o'tgan vaktsinalar biologik xavfsizlik jihatidan to'la kafolatlanadi. Ular organizmga yuborilganda, albatta, javob reaktsiyasi sodir bo'ladi. Sababi, “himoya qo'rg'onlarini qurish” jarayonida tana hujayralari mehnat qiladi. Ma'lum muddat tezroq ishlaydi. Pirovardida, ba'zan bu tezlashgan biokimyoviy jarayonlar kam sonli odamlarda nojo'ya fiziologik ta'sir (harorat ko'tarilishi, ich ketishi, allergik toshmalar, bosh og'rig'i kabi)larni keltirib chiqarishi mumkin. Buni to'g'ri talqin qilib, mutaxassis fikrlariga tayanib ish yuritish, xulosa chiqarish eng to'g'ri yo'ldir.

    O'zbekistonning hissasi

    Davlatimiz rahbarining xalqimizga foydasi ko'proq tegadigan vaktsinadan foydalanish haqidagi so'zlari zamiridagi mazmun-mohiyat ham xolis turib, barcha jarayondan, tadqiqot va tahlillardan xabardorlikni talab etadi. Klinik sinovlarning u yoki bu bosqichida turgan yuzga yaqin turli-tuman vaktsina orasidan xalqimiz salomatligi uchun eng kerakli va bezararini tanlab, qo'llashga undaydi. Bu borada Prezidentimizning “Xalqimizning salomatligini o'ylash men uchun eng katta masalalardan biri” degan so'zlari barcha davlat organlari, vazirliklar va tegishli tashkilotlarning xodimlari, mutaxassislari uchun yorqin namunadir.

    SHu ma'noda, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg'or texnologiyalar markazi va Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ham xitoylik hamkorlar bilan yangi rekombinant vaktsina ustida olib borilayotgan tadqiqotlarga hissa qo'shdi. Sa'y-harakatlarimiz natijasida xitoylik hamkorlar O'zbekistonni mazkur vaktsina hammuallifi deb e'lon qildi va emlanmaga ZF-UZ-VAC2001 deb nom berildi. Ushbu salmoqli tadqiqotda mamlakatimiz ilm-fan namoyandalari va tibbiyot xodimlarining o'rni alohida tilga olindi. Bu yangilanayotgan O'zbekiston ilm-fani uchun katta e'tirof bo'lish barobarida davlatimiz bildirgan yuksak ishonchni oqlash yo'lidagi qadamlardan biridir.

    Hozirgacha ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasi bilan yurtimizda etti mingdan ziyod kishi emlangan bo'lib, ularning har birida kechayotgan o'zgarishlar to'la nazoratda. Vaholanki, organizmga to'laqonli virus emas, immun tizimining “javobi”ni hosil qilish uchun maxsus tanlab olingan virussiz bo'lakchalardan iborat vaktsinaning yuborilishi juda bezarar hisoblanadi.

    Immun tizimi “dushman” zarralarni tashqi belgilaridan tanib olishini yuqorida qayd etdik. Demak, virusning qayta kombinatsiyalangan bo'lagi kirib kelganida ham organizm deb atalgan mamlakatning mudofaa tizimi barcha bo'linmalarga xavf chaqirig'ini yuboradi. Maxsus ishlab chiqarish maskanlarida saf-saf bo'lib, virusga qarshi kurashadigan tezkor bo'linmalar chiqarila boshlaydi. Ushbu ma'lumotlar immun tizimi xotirasida bir necha oydan bir necha o'n yilgacha saqlanib qoladi. Misol uchun, bolalarimiz emlanadigan BTSJ vaktsinasi aslida o'ta zaiflashtirilgan sil tayoqchasi bo'lib, immun tizimi uni osonlik bilan bartaraf etadi va bu ma'lumot uning xotirasida deyarli umrbod saqlanib qoladi. YAngi tug'ilgan go'daklarni emlash dasturiga diqqat qiling: farzandimizni aynan shu emlash tufayli turli xavfli kasalliklar chetlab o'tadi.

    ZF-UZ-VAC2001 rekombinant vaktsinasi ham ana shunday — immun tizimiga koronavirusni tanib olish imkoniyatini beradigan zararsiz gen va oqsil bo'lakchalaridan iborat. SHu sababli ham unga rekombinant, ya'ni qayta kombinatsiyalangan deb nom berilgan.

    SHu o'rinda yana bir savol tug'iladi: mazkur vaktsina koronavirusning mutatsiyaga uchragan, ya'ni o'zgargan shakllariga qarshi qanday samara bera oladi? Mutatsiyaga uchragan virusning paydo bo'lishi vaktsina samarasiz bo'lib qolishini anglatmaydi. Bugungi kunda ishlab chiqilgan vaktsinalar koronavirusning konservativ (juda sekin o'zgaradigan) oqsillari asosida tayyorlangan. Bu shuni anglatadiki, agar emlashdan keyin bemor mutatsiyaga uchragan virusni yuqtirsa ham immuniteti faollashadi. Immunitet tizimini engib o'tish uchun virus qator mutatsiyalarga uchrashi va ko'plab oqsillarini o'zgartirishi kerak.

    Xususan, ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasi aynan koronavirusda kuzatiladigan, mutatsiyaga kam uchraydigan virus “shoxchalari”dagi retseptor domeniga nisbatan antitanachalar hosil qiladi. Natijada virus o'z “shoxchalari” yordamida hujayraga kirmoqchi bo'lganida antitanachalar bunga yo'l qo'ymaydi.

    Koronavirus “shoxchalari”dagi retseptor domeni kam o'zgaruvchan bo'lgani uchun ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasi virusning “britancha” va boshqa variant yoki shtammlariga ham samarali ta'sir qilishi tajribalarda o'z isbotini topdi.

    Koronavirus balosiga qarshi kurashish uchun davlatimiz barcha imkoniyatlarni qo'llash ustida tinmay izlanmoqda. Dunyoning yuzlab laboratoriyalaridagi minglab olimlar unga qarshi kurash usullari ustida tadqiqot o'tkazyapti. Zero, pandemiya odamlar oldiga hayot tarzini optimallashtirish, yangi ijtimoiy munosabatlarni joriy qilish kabi turli-tuman vazifalarni qo'ydi. Murakkab vaziyat insonlar salomatligini to'la muhofaza qilgan holda ijtimoiy munosabatlarning avval ko'rilmagan, yanada samarali usullarini topish va tatbiq etishga sabab bo'ldi. To'la ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimizda bunday yangi munosabatlar tezkor va hamjihat faoliyat natijasida qaror topdi.

    Ayni kunlarda dunyoda inson zakovati, qobiliyati va iste'dodi nimalarga qodir ekani sinovdan o'tmoqda. Davlatimiz rahbarining ilm o'rganish, ilm-fanning yangi marralarini egallashga qaratilgan chorlovlari naqadar chuqur mazmun-mohiyatga egaligi yana bir karra o'z isbotini topmoqda.

    Ha, oddiy chang zarrasidan million marta kichik, ko'zga ko'rinmas bu ofat bilan faqat aql-zakovat, bilim bilangina kurashish mumkin. Mamlakatimizdagi ilm-fan fidoyilari bildirilgan yuksak ishonchni to'la oqlashiga shubha yo'q. SHuningdek, ilm-fan borasidagi tub islohotlar, mamlakat yoshlarining bilim olish va yaratuvchanlikka bo'lgan ishtiyoqining qo'llab-quvvatlanishi kelgusida yangidan-yangi samaralarini namoyon qiladi.

    Emlanish nega zarur?

    SHu o'rinda eng kutilgan — “emlanish zarurmi?” degan haqli savolga javob berish pallasi keldi, nazarimda. Javob oddiy — emlanish shart! Sababi, birinchidan, o'ta zararli, zaharli va hatto o'limga olib borayotgan koronavirusni tanamizga qabul qilib, uni vujudimiz engib, chiqarib yubormagungacha kutishdan, bu “katta jang”da organizmimizni batamom holdan toydirib, keyinchalik turli boshqa kasalliklar (infarkt va insul`t kabi) orttirib olishimizga sababchi bo'lgandan ko'ra, bir-ikki kunda o'tib ketadigan, oddiy nojo'ya ta'siri bo'lsa-da, koronavirusdan tamomila xoli vaktsinalar yordamida o'zimizni, oila a'zolarimizni, yaqinlarimizni va xalqimizni emlagan minglab karra afzal.

    Ikkinchidan, koronavirus pandemiyasining yangi to'lqiniga tutilib, virus yuqtirib olgan yaqinlarimizni uzoqdan kuzatib turishdan, yana karantin cheklovlarini joriy qilib, farzandlarimizni maktablarga yubormay uyga qamab, orzu-havasli damlarini cheklab turishdan va eng yomoni, o'zimiz va mamlakat iqtisodiyotining izdan chiqishi, jamiyatimizda hukm surayotgan yangilanish jarayonlarining sekinlashuviga sababchi bo'lishdan ko'ra, vaktsinalar bilan emlanish aql va mantiqqa mos bo'lgan eng to'g'ri qarordir. Zero, barchamiz insoniyatning bir yildan ziyod vaqt mobaynida koronavirusdan qay darajada aziyat chekkaniga guvohmiz. Pandemiya esa, afsuski, hali davom etmoqda.

    Ibrohim ABDURAHMONOV,

    innovatsion rivojlanish vaziri, akademik