Paxta hosilini oshirishda “30 santimetrlik sxema”

    Jahon tajribasida qator mamlakatlar shu usulda paxta yetishtirib, eng yuqori hosilni olib kelmoqda.

    O'zbekiston zamini qishloq xo'jaligini rivojlantirish imkoniyatlari yuqori bo'lgan sanoqli davlatlar qatorida turadi. Soha ilmini yaxshi egallagan istalgan olim aytishi mumkinki, diyorimizning unumdor tuproqlari hozirgidan bir necha barobar ko'p oziq-ovqat etishtirish imkoniga ega. Faqat buning uchun qishloq xo'jaligini ilm-fan asosida rivojlantirish, sohaga ilg'or texnologiyalar, samarali tajribalarni olib kirish talab etiladi. Yurtimizda so'nggi yillarda bu jihatlarga katta e'tibor berilayotganini ko'rib, kuzatib, men ham shu soha olimi sifatida o'z tajribalarim, mulohazalarim bilan bo'lishishni istadim.

    Hozir yerning egasi, avvalo, xalq bo'lib turibdi. Odamlarimiz daromad topishi uchun yer maydonlari qator imtiyozlar asosida ularga ajratib berilyapti. Ammo shunday vaqtda dehqonchilik bilan shug'ullanayotgan har bir kishi, fermer yoki tomorqa egasi o'ziga savol berishi kerak: “Men o'zimga ajratilgan yerlarning imkoniyatlaridan to'liq foydalana olyapmanmi yoki yo'q?” Agar javobi qoniqarli bo'lmasa va biz yerdan to'g'ri foydalanib, yuqori hosil yetishtirmas ekanmiz, hech qachon kutilgan daromadni olomaymiz, boy bo'lmaymiz.

    Paxta etishtirish yo'nalishini olaylik. U yurtimizda uzoq yillardan beri ekiladigan asosiy ekin turlaridan biri hisoblanadi. Hozir ham paxta yetishtirishda dunyoda yetakchi davlatlar qatorida turamiz. Ammo yaqin yillargacha sohani ilmiy asosda rivojlantirish, o'zimizdan chiqayotgan tayyor xomashyoni qayta ishlab, yuqori qiymatli mahsulotga aylantirish va bir necha barobar qimmatga eksport qilishga kelganda, boshqa davlatlardan ancha ortda bo'lganimiz ham rost. Ya'ni, olimlarning yillar davomida olib borgan izlanishlari hayotga tadbiq etilmasdan, qog'ozlarda qolib ketgan. Dunyo rivojlanib borayotgan bir davrda, o'zbek xalqi eskicha usulda paxta yetishtirishda davom etgan.

    Qishloq xo'jaligimizda ilm-fanning rivojlanmagani eng og'riqli nuqtalarimizdan biri. Shu bois, oxirgi yillarda ana shu kamchilik o'rnini to'ldirishga bel bog'landi. Ilmiy izlanishlar, tadqiqotlarga keng yo'l ochilayotganini ko'ryapmiz. Davlatimiz rahbari ilmga asoslangan urug'chilik va agrotexnologiyalar hisobiga paxta hosildorligini oshirish, tolani chuqur qayta ishlab, sohaning eksportini ko'paytirish, buning uchun, avvalo, barqaror va sifatli xomashyo kerakligini ta'kidlamoqda. Joriy yilning 2-fevral kuni Farg'ona viloyatiga tashrifi chog'ida ham Qo'shtepa tumanidagi to'qimachilik korxonasida o'tkazilgan yig'ilishda paxta-to'qimachilik sanoatini rivojlantirish masalalari o'rtaga tashlandi. Paxta hosildorligini oshirish, ip-kalavani chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulotlarni ko'paytirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

    Har bosqich o'zaro bog'liq

    Paxta tolasi dunyo to'qimachilik sanoati uchun tabiiy tolaning eng ulkan va qayta tiklanuvchi manbai hisoblanadi. U o'zining nafisligi va havo o'tkazuvchanlik kabi xususiyatlari, shuningdek, ekologik sof mahsulot ekanligi bilan sun'iy tolalarga qaraganda bir qancha afzalliklarga ega. Shu sababli, dunyoda paxta tolasiga bo'lgan talab aslo kamaymaydi.

    Jahon paxtachiligida tola sifati va hosildorligi yuqori, ertapishar, kasallik va zararkunanda hasharotlarga chidamli, tabiatning turli noqulayliklariga bardoshli g'o'za navlarini yaratish eng muhim vazifalardan sanaladi. Mo'l hosil yetishtirish esa yerning holatidan tortib, ob-havo qanday kelishigacha bog'liq. Avvallari bu hodisalar boricha qabul qilinib, dehqonlar unga moslashgan. Lekin hozir har bir jarayonni ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilib, samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkoniyati yuqori.

    Paxtachilikda yuqori hosil olish uchun yerdan foydalanish tartibi, agrotexnologiyalarni to'g'ri olib borish nihoyatda muhim. O'zimning 40 yillik mustaqil tajribalarim asosida bunga ko'p bora guvoh bo'lganman.

    Masalan, yurtimizda paxta ekish jarayonlarida 60 santimetrlik sxemadan foydalanishga qat'iy o'rganilgan. Bu ba'zida 90 santimetrlik sxemaga o'tib, oraliq masofa kengaysa kengayadiki, lekin toraymaydi. Men agronom olim sifatida paxta ekishda qator orasini 30 santimetrlik sxemaga o'tkazishni taklif qilaman. Bu bug'doy agrotexnikasiga o'xshash usul. Jahon tajribasida qator mamlakatlar shu usulda paxta yetishtirib, eng yuqori hosilni olib kelmoqda.

    G'o'zani 30 santimetrlik sxemada joylashtirish har gektardan olinadigan hosildorlikni ikki barobarga oshiradi. Aytaylik, 60 santimetrli sxemada bir gektar maydonda 16 600 kvadrat metr bo'lsa, 30 santimetrlik sxemada 33 200 kvadrat metr joy bo'ladi. Ana shu har bir kvadrat metrda 6-7 tadan ko'chat qoldirilsa, bu bir gektarga 200 ming tub g'o'za qadaladi degani. Ularning har bir tubida 10 tadan ko'sak bo'lsa va har bir ko'sakning og'irligi 5 grammdan bo'lganda, yer maydonining gektaridan 100 tsentnerdan hosil olish mumkin bo'ladi.

    Albatta, paxtadan yuqori hosil olish boshqa omillarga ham bog'liq. Yana bir jihat, paxtaning bo'yini 12—14 shoxga o'stirmasdan, 6-7 ta xosil shoxi bo'lganida kimyoviy vositalar yordamida o'sishdan to'xtatish kerak. Shunda har bir shoxda 2 tadan hosil etiladi. Qolaversa, paxtaning bo'yi past bo'lganida quyoshning issiqligi yaxshi etib boradi, hosil tez etiladi.

    Paxta hosilini olish uchun tayyorgarlikni eng boshidan boshlash lozim. Birinchi navbatda, paxta ekiladigan dalani ko'p yillik begona o'tlardan yaxshilab tozalab olish kerak. So'ng yer maydonini lazer tekislagich bilan tekislash lozim. Undan keyin dalani juda tekis, 30 santimetr chuqurlikda haydash kerak. Tajribali traktorchi albatta, buning uddasidan chiqadi.

    To'rtinchi bosqich dalani ko'ndalang haydashdan iborat. Gap shundaki, yer qancha tekis bo'lsa, kuz-qish davrida unga qor, yomg'irlar bilan tushadigan ko'plab makro va mikro o'g'itlar shuncha yaxshi singadi. Ular ekiladigan ekinlar uchun kerakli ozuqadir.

    Keyingi, asosiy jihati, xaydalgan yerlarni baxorda tekislamaslik kerak. Tajribali dehqonlar buni yaxshi biladi. Baxorda yer tekislanganda yuza katlamdagi maxsuldor tuprok surilib ketadi, natijada ekilgan paxta dalalar ola ko'karadi. G'o'za past-baland bo'lib o'sadi yoki umuman rivojlanmay qoladi.

    Yerga qadalayotgan chigit tuksizlantirilgan, yaxshi tozalangan, sselkaga chigit po'chog'i yopishib, bir meyorda tushishiga xalakit bermasligi kerak. Chigitni tashlashdan oldin 15 santimetr chuqurlikka o'g'itning yillik normasi solinadi. So'ng, 3 santimetr chuqurlikka chigit tashlanadi. Ustidan seslkaga moslashtirilgan kichik g'ildirakcha bilan bostiriladi. Shunda chigit 4 santimetr chuqurlikda yerga mahkam yopishadi. Yer bilan chigit orasida g'ovak tuprok bo'lmaydi.

    Chigitni yerga yakka tashlashga alohida ahamiyat qaratish kerak. Sababi, qo'shaloq tashlangan chigitlar ko'karib chiqqanidan keyin yaganalash davrida ularning tomirlari bir-biri bilan chalkashib ketgan bo'ladi va joyida qolgan tubning bir nechta tomiri uziladi. Natijada paxta so'lib qolib, tomir o'z kuchini tomirdagi yaralarni bitkazishga sarflaydi va o'smay turadi. Paxtaning o'sishi 10 kungacha kechikadi.

    O'zbekistondagi ekin ekiladigan yerlarning 80 foizi kandaydir darajada qiyaliklardan iborat. Ularga paxtani to'g'ri ekish ham ilmga, izlanishga borib taqaladi. Masalan, men ana shunday yerlarda qiyin bo'lsada, ekinni nishabga qarab emas, ko'ndalangiga ekish kerak, deb hisoblayman. Bizda ko'pincha buning aksi kuzatiladi. Ekinlar qiya joylarda nishablikka qarab ekilayotgani hisobiga, yomg'ir, korlar hosildor tuproqni pastga oqizib, tabiiy va suniy eroziyani hosil kilishi hisobiga yildan-yilga yerlarning xosildorligi kamayib bormokda, degradatsiyaga uchramoqda.

    Paxtani ekish davrini aniqlash ham eng og'riqli masalalardan biri. Yillar bir-biriga o'xshamay keladi. Bahor mavsumi ham bir gal issiq kelsa, bir gal sovuq. Havo haroratining tez-tez almashib turishi esa paxtakorni chalg'itadi. Issiqqa ishonib, paxtani erta ekkan dehqon, keyingi birdan yog'adigan ymg'ir-qordan yaxshigina ziyon ko'radi. Shu bois, ushbu jihatlarga ham ilmiy yondoshilib, oxirgi yillarda yaxshi natilarga erishilayotgani quvonarli hol.

    Yer ostidan emas, ustidan sug'orish lozim...

    Men 1980-yildan to 2020-yilgacha o'z hovlimdagi tomorqamda paxta yetishtirishning turli usullari borasida mustaqil tajribalar olib bordim. 40-yillik tajribalarim yaxshi natija berdi.

    O'tgan davr mobaynida chigitni faqat 30 santimetrlik sxemada, tor qatorlab, o'rik, shaftoli, semerenko olma mevalari daraxti gullagan vaqtda ekardim. Gap shundaki, bu daraxtlar erning isishini biladi. Masalan, o'rik va shaftoli daraxti gullaganda ekilgan chigitning 80—90 foizi sovuq harorat va yomg'irlar sabab chirib ketardi. Semerenko olma gullab bo'lganidan keyin ekilgan chigitlardan esa deyarli 100 foiz sog'lom paxta ko'chati olardim. Ya'ni, semerenko olma daraxti gullagan vaqt chigit ekish uchun juda qulayligini kuzatdim va buni barcha viloyatlarimizda qo'llash yaxshi samara beradi, nazarimda.

    1980-yillarni eslayman... “Paxta ishi”, “o'zbek ishi” nomi ostidagi qatag'onliklar sabab xalqimizning paxta yetishtirishdan ko'ngli sovub ketgan edi. Mustaqillik yillarida paxtaga majburiy jalb qilish ham jahonda o'zbek paxtasiga baykot e'lon qilinishiga turtki bo'ldi.

    Bugun esa xalqaro baykot bekor qilinib, yurtimizda majburiy mehnatga to'liq barham berildi. Dehqon, fermerlar paxtani majburan emas, daromad olish maqsadida etishtiryapti. Sotuvda ham erkin bozor narxlari belgilandi. Paxta-to'qimachilik klasterlari paydo bo'lib, ularning soni ko'payib boryapti. O'zbekiston oxirgi 5 yilda paxta xomashyosini etishtirish va uni tayyor mahsulotga aylantirib, xorijga eksport qilish bo'yicha ancha ildamladi. Hatto, bu borada ilg'or davlatlar qatoriga qo'shilayotgani biz olimlarni quvontiradi.

    Tabiiyki, sohada ilm-fanga ham keng yo'l ochildi. Olimlar yangi paxta navlari, hosildorlikni oshirish va urug'chilikni rivojlantirish bo'yicha ilmiy izlanishlar olib boryapti. Ilg'or g'oya va loyihalar hayotga tadbiq etilib, yurtimizda paxta yetishtirish yangi bosqichga ko'tarildi. Sohaga zamonaviy va raqamlashgan texnikalar, tomchilatib sug'orish kabi ilg'or texnologiyalar kirib keldi.

    Yaxshi eslayman, 1968-yili Mirzacho'lda (u davrda Sirdaryo viloyati bilan Jizzax viloyatini Mirzacho'l deyishardi) yangi tashkil bo'lgan Samarkand nomli savxozning men ishlaydigan 2-bo'limida 10 gektar paxta maydoniga yer ostidan tomchilatib sug'orish tizimi o'rnatilib, tajribadan o'tkazildi. Toshkentdan biriktirilgan olimlar savxozga ko'chib kelib, tajribani nazorat kilishdi. Jarayonda shlanglar har 20 santimetr oraliqda teshilib, 30 santimetr chuqurlikka ko'mildi. Men ham olimlar qatori ushbu sug'orish jarayonini kuzatib borardim. O'sha vaqtda “yer ostidan sug'orish bo'lmaydi, shlanglarni yer ustiga erkin yotkizinglar”, deb maslaxat berdim. Ular buni e'tiborga ham olmadi. Ammo o'z mustaqil tajribalarimda bu usulni qo'llaganman. Yer maydonlarida suniy kaprondan bo'lgan shlanglarni o'qariq o'rnida ishlatib, foydalanganman.

    Mana, bugun paxtachilikda ham shlang bilan er ustidan tomchilatib sug'orishga o'tildi. Bu suv va mineral o'g'itlarni tejash barobarida, hosildorlikni oshirishda chindan, yuqori samaradorlikka ega.

    Umuman, hozir dehqon va fermerlarning sohaga oid bilimlari oshib borayotgani yaxshi. Tajribalar uchun sharoit, imkoniyatlar yaratilyapti. Avvallari, dehqon va fermerlar yerlariga reja talabi qo'yilardi. Bu yillar davomida ilmiy yondoshuvlarga to'sqinlik qildi. Men ham bir olim sifatida tajribalarimni sinov-dala maydonlarida emas, o'z tomorqamda olib borishga majbur bo'ldim.

    Hozirgi yangi texnologiyalar har qarich yerdan unumli foydalanib, yuqori hosil olishga yo'l ochyapti. Albatta, paxtachilikda islohotlar ham jadal davom etyapti. Biz olimlar bu jarayonda bilim va tajribalarimiz bilan faol ishtirok etishimiz muhim.

    Bundan 50 yillar oldin baland bo'yli bo'g'doy ekardik. Hosili ancha past edi. Bugun esa kalta bo'yli bo'g'doy ekib, gektaridan 60—70 tsentner hosil olyapmiz. Meva-sabzavotchilikda ham ishlar ancha yaxshilanib boryapti. Intensiv bog'larda yukori hosil yetishtiryapmiz. Bularning bari yurtimiz qishloq xo'jaligidagi yangilanishlar, ilmga berilayotgan katta e'tibor samarasidir.

    G'affor KARIMOV,

    Samarkand viloyati Pastdarg'om tumani,

    agranom olim

    (Muallifning shaxsiy fikrlari tahririyat nuqtai nazarini ifodalamaydi)