Har bir inson halol mehnat qilib keksalik yoshiga yetarkan, yoshligida qilgan mehnatining rohatini koʻrishni, oilada va jamiyatda eʼzoz va ardoqda boʻlishni orzu qiladi. Albatta bunday imkoniyatga erishish uchun davlat tomonidan ajratiladigan ijtimoiy himoya – yoshga doir pensiya va nafaqalarning oʻrni katta. Hozirgi kunda mamlakatimizda uch million sakkiz yuz ming nafar aholi pensiya va nafaqadan bahramand boʻlmoqda. Pensiya va nafaqalar miqdori muntazam oshirib kelinayotgan aholining ushbu qatlamini ijtimoiy himoyalashda muhim omil boʻlayotir.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida aholining ijtimoiy muhofazasini yana-da kuchaytirish, pensiyani rasmiylashtirishning zamonaviy tizimini yaratish borasida dolzarb masalalarni ilgari surgan edi. Joriy yildagi davlat dasturida ham bu borada muhim vazifalar oʻz ifodasini topgan. Ayni paytda ushbu yoʻnalishda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan izchil ish olib borilmoqda.
Prezidentining kuni – kecha qabul qilingan “Aholini ijtimoiy qoʻllab- quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora –tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi boʻldi. Unga muvofiq, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini taʼminlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yana-da takomillashtirish maqsadida eng kam pensiya va nafaqalar miqdori oshirildi.
-Jumladan, yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy etiladi, -deydi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi boʻlim boshligʻi Farrux Pardayev.- Bunda ish staji toʻliq boʻlmagan holatdagi pensiyalarning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda 256 675 soʻmdan 400 000 soʻmga oshiriladi. Bu imkoniyatdan 899 ming nafar shaxs bahramand boʻladi.. Ularning pensiyasi qayta hisob-kitob qilinadi, buning uchun byudjetdan qoʻshimcha 214 milliard soʻm ajratiladi.
Bundan tashqari, yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik boʻyicha pensiyalari miqdori 565 000 soʻmga yetkaziladi. Zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 soʻmdan 400 000 soʻmga yetkaziladi.
Farmon bilan boquvchini yoʻqotgan oilalarning pensiyasi oluvchilarining har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun qoʻshimcha toʻlov joriy etilgani ham muhim yangilik boʻldi. Bugungi kunda 59 ming nafar aholi bu imkoniyatdan bahramand boʻlmoqda. Endilikda bu imkoniyatlar yana-da kengayadi. Bunday oilalarning barcha aʼzolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori 400 000 soʻm va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun 150 000 soʻmdan qoʻshilishi belgilandi.
Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513350 soʻmdan 565000 soʻmgacha oshiriladi. Aytish kerakki, ayni vaqtda amalda bolalikdan nogironlik nafaqasi 513,3ming soʻm hamda un va qolipli non uchun jami 50 ming soʻm miqdorida kompensatsiya puli jami 563,3ming soʻm toʻlanmoqda. Yangi tartib boʻyicha esa ushbu toʻlov 565 ming soʻmni tashkil etadi. Buning natijasida 290 ming nafar oluvchisining nafaqa miqdori qayta hisob-kitob qilinadi va joriy yilda qoʻshimcha 3 milliard soʻm toʻlanadi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, bu yangiliklar ijtimoiy himoya tizimida soʻnggi paytlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir. Zero, soʻnggi yillarda hayotimizning boshqa jabhalari kabi ijtimmoiy himoya tizimida ham tub oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Xususan, pensiyani rasmiylashtirishda ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qoʻyiladigan tizim yaratish yoʻlida izchil ish olib borilmoqda.
Endilikda bu yoʻnalishda imkoniyatlar kengayishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtj qatlami manfaatlarini himoyalash uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Hisob-qitob qilib chiqsak, hozirgi kunda pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarning qariyb ellik bir foizi ushbu imkoniyatdan foydalanar ekan. Bu degani koʻplab pensionerlar va boshqa insonlar uchun qoʻshimcha qulaylik va imtiyozdir. Tabiiyki, bu imkoniyat qancha-qancha insonlarning turmush sharoitini yaxshilash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, huquq va manfaatini himoyalashda muhim omil boʻladi.
Bahor XIDIROVA,
"Yangi Oʻzbekiston” muxbiri