Harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyasi davlatning alohida nazoratida boʻladi. Oliy harbiy taʼlim muassasalarida ham bu masalaga jiddiy eʼtibor beriladi. Biroq buni hamma vaqt shunday boʻlgan, deb ayta olmaymiz.
Yodimda, 2012-yilning may oyida oʻzim xizmat qilayotgan yurtimizdagi nufuzli harbiy oliy taʼlim muassasida bir tadbir oʻtkazmoqchi boʻlib, shunday qattiq qarshilikka uchraganmiz. Oʻshanda Oʻzbekiston Qahramoni, oʻzbek adabiyotshunosligi va tanqidshunosligida chuqur iz qoldirgan olim Ozod Sharafiddinovga bagʻishlangan “Maʼnaviy jasorat timsoli” mavzuida xotira kechasi rejalashtirgan edik. Yelib-yugurib, mehmonlarni taklif qildik, barcha tashkiliy ishlarni bitirdik... keyin rahbariyat toʻsatdan rad javobini berdi. Tashrif buyurgan mehmonlar oldida mulzam boʻlish bir nav, ammo ular ustidan kulgandek xis qildim oʻzimni. Tadbirga jalb qilingan mehmonlar — Oʻzbekiston Qahramonlari, xalq shoirlari Erkin Vohidov va Abdulla Oripov, xalq yozuvchilari Xudoyberdi Toʻxtaboyev va Oʻtkir Hoshimov, olimning yaqinlari, boshqa mashhur va taniqli arboblar edi.
Mana shunday toʻsqinliklar har qanday odamni ruhan choʻktiradi. Vaholanki, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar inson ongu shuurini keskin darajada ijobiy tomonga oʻzgartiradigan omildir. Shu maʼnoda ular juda ham zarur, ayniqsa, hozirgi axborot almashinuvi keskin rivojlangan paytda ong uchun kurash jadal surʼatlar bilan olib borilmoqda. Chunonchi, atoqli adibimiz Abdulla Qahhor aytganidek, adabiyot atomdan kuchli. Jamiyatda maʼnaviy boʻshliq paydo boʻlsa, darhol buzgʻunchi, yot gʻoyalar boʻshliqni toʻldiradi. Bugun maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni bemalol, betoʻsiq oʻtkazish mumkin.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar shunchaki emas, balki tizimli, izchil va ilmiy asosda olib borilishi kerak. Buning uchun esa puxta oʻylangan yoʻl xaritasini tuzish, lozim boʻlsa, bir qoʻllanma ham yaratish zarur. Chunki har qanday maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlar kursantlarni ezgulik, odamiylik va gumanizm gʻoyalariga sodiq qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.
1992-yildan buyon harbiy taʼlimda, yaʼni avval IIV Akademiyasida, soʻngra Milliy gvardiya HTIda faoliyat yuritib kelar ekanman, bu sohada ozmi-koʻpmi, oʻziga yarasha tajriba orttirdim. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, harbiy taʼlimda har qanday tadbir avvalo qatʼiy kun tartibi doirasida boʻlishi shart. Lekin hayotiy tajriba hamma vaqt ham buning uddasidan chiqib boʻlavermasligini koʻrsatmoqda. Demak, ozgina qoidalardan chekinishga toʻgʻri keladi. Chunki qatʼiy kun tartibi tadbir tashkilotchilarining oyoq-qoʻlini bogʻlab qoʻyadi. Komandirlardan har bir kursantni javob soʻrab olish muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Asosiy ish kursantni tadbirga jalb qilish muammosiga taqalib qoladi. Koʻzlanayotgan ishlar va maqsadlar chala qolib, kursantning gohida ikki oʻt orasida qolib ketishiga sabab boʻladi. Bir tomonda unga javobgar komandir, bir tomonda tadbir uyushtirayotgan professor-oʻqituvchilar. Chunonchi, kursant toʻgʻridan-toʻgʻri komandiri talabiga boʻysunadi. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni rejalashtirgan mutasaddilarning, yaʼni tarbiyaviy boʻlim va kafedra professor-oʻqituvchilarini ham tushunish kerak. Vaholanki, boʻlinma komandirlari va tadbir tashkilotchilarining pirovard maqsadi bitta — maʼnaviy yetuk ofitserlar tarbiyalash.
Davlatimiz rahbari bu muammoning oqilona yechimini topib berdi. Har qanday tadbir chuqur ilmiy asosga ega boʻlishi hamda puxta oʻylangan yoʻl xaritasiga asoslanishi lozimligini taʼkidladi. Yoʻl xaritasida rejalashtirilgan tadbirlar kunma-kun, haftama-hafta, oyma-oy aks etishi va masʼul shaxslar belgilab qoʻyilishi hamda kamida bir yilga tuzilishi darkor. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni oʻtkazish uchun masʼul sifatida birinchi rahbar tayinlanishi koʻp masala va muammolarning oʻz yechimini topishiga xizmat qiladi. Yana shuni alohida taʼkidlash joizki, har bir tadbirga mavzusi yuzasidan mashhur yozuvchilar hamda shoirlar, kino va teatr aktyorlari, yetakchi olim va mutaxassislar jalb qilinishi lozim. Ana shunda tadbirlarimiz chiroyli va yuqori saviyada oʻtadi, biz maʼnaviyati yuksak ofitserlarni tarbiyalashga erishamiz.
Ayni paytda men oʻqituvchilik qilayotgan Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutida boy tajriba toʻplangan. Xususan, Adiblar hiyobonida bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburga bagʻishlab oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻzining ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati bilan benazirdir. Mazkur tadbirlarning mavzulari turli boʻlib, chuqur ilmiy mushohadaga ega, bir-birini toʻldiradi, bir-biridan qiziq, betakror. Ular kursantlar dunyoqarashiga ijobiy taʼsir etadi. Ayniqsa, tadbirlarda yetakchi boburshunos olimlarning maʼruzalari kursantlarning ongu shuuriga singib, ularni kitob oʻqishga chuqur yondashishga undadi. Bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi badiiy, ilmiy va publitsistik adabiyotlar institutda qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Kutubxona va maʼrifatxonalar gavjum boʻlib, markazlashgan kitob savdosi ham tashkil etildi. Haftaning chorshanbasi institutda kitobxonlik kuni boʻlib, boburxonlikka aylanib ketadi.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlarni tashkil qilishda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash kerak. Bu borada bizga Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi va respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi yaqindan yordam bermoqda. Istardimki, boshqa harbiy taʼlim muassasalari vakillari oʻzaro tajriba almashishsa, foydadan xoli boʻlmas edi. Zero, pirovard maqsadimiz yurtimizda Uchinchi Renessans, yaʼni Uygʻonish davrining mustahkam poydevorini yaratishdek xayrli vazifani amalga oshirishdir.
Toʻlqin SAYDALIYEV,
Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti dotsenti,
isteʼfodagi podpolkovnik