Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining ish rejasi bilan tanishtirdi

    Hukumat 12 Iyul 2021 1729

    15-16-iyul kunlari Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gani rasmiy tashrif bilan, Pokiston bosh vaziri Imron Xon Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻladi.

    - Ushbu konferensiyada Afgʻoniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik sisati boʻyicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq.

    BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokchilarga videomurojaat yoʻllaydi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalar, ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.

    Yalpi va shoʻba majlislarida mintaqaviy bogʻliqlikni yana-da chuqurlashtirish imkoniyatlari, shu jumladan savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning barqaror oʻsishni taʼminlashdagi oʻrni, madaniy-gumanitar aloqalarni qayta tiklash orqali doʻstlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlar muhokama qilinadi.

    Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Afgʻoniston Prezidenti, Pokiston Bosh vaziri, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi rejalashtirilgan.

    Shu hafta qator hududlarda nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish yuzasidan yigʻilish oʻtkaziladi.