Birgina Toshkent viloyatidan 121969 nafar fuqaro urushga ketgan. Ularning 22617 nafari jangu jadallarda qahramonlarcha halok boʻlgan. 19367 nafari esa bedarak yoʻqolgan. Qirgʻinbarot janggohlardan yuborilgan 3500 nafar boshpanasiz kattalar va 1700 nafar yosh goʻdak Toshkent viloyatidagi bagʻrikeng oʻzbek xonadonlarida qoʻnim topgan.

Oʻtmish azobi oʻq kabi qalbda qoldi

Bugungi kunda Toshkent viloyatida Ikkinchi jahon urushining 51 nafar qatnashchisi keksalik gashtini surmoqda. Yangiyoʻl tumanining Niyozbosh qishlogʻida istiqomat qilayotgan urush faxriysi, 96 yoshli Kamol ota Rixsiboyev bilan suhbatlashar ekanmiz, insoniyat boshiga mislsiz yoʻqotishlar, talafot va musibatlar keltirgan mashʼum urush vatanimiz sarhadlaridan ancha olisda yuz bergan boʻlsa-da, uning asoratlari hech bir oʻzbek xonadonini chetlab oʻtmaganiga, hali-hanuz yurtdoshlarimiz qalbida ogʻriqli bir oʻq kabi saqlanib kelayotganiga yana bir bor amin boʻldik.

— Urush sababli juda koʻp mashaqqat chekdik, qiynaldik, yoshlik gashtini sura olmadik. Eslasam, yuragim ezilib, dilim vayron boʻladi, — deydi Kamol ota. — Urush odamlarning shodligini oʻgʻirladi, navqiron yigitlarning umriga zomin boʻlib, yoshgina kelinchaklarni bevaga aylantirdi. Farzand dogʻi onalar yuragini yaralab, otalar qaddini bukdi. Shodlik oʻrnini motam, quvonch oʻrnini gʻam egalladi. U kunlarning yodi xayolimizdan aslo oʻchmagay. Shuning uchun ham bugungi osoyishta, farovon kunlarga yetganimiz va yurtimizdagi maʼmurchilikni koʻrib, har onimiz uchun shukrona aytaman. Biz, urush qatnashchilariga cheksiz muruvvat koʻrsatib kelayotgan Prezidentimizni Alloh oʻz panohida asrashini, tanu joni sogʻ, aziz boshi omon boʻlishini soʻrab duo qilaman. U kishining sharofati bilan 2018-yilda Kislovodskdagi “Oʻzbekis­ton” sanatoriysida dam olib keldim. Sogʻligʻimni menga biriktirilgan tibbiyot hamshirasi doimiy nazorat qilib turibdi. Har oyda zarur oziq-ovqat mahsulotlari olyapman. Gʻalabaning 76 yilligi bayrami munosabati bilan davlatimiz rahbarining farmoniga binoan, 12 million soʻmdan pul mukofoti berilishi kayfiyatimizni koʻtarib, belimizga quvvat boʻldi.

Ha, davlatimiz rahbari yaqinda imzolagan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmon hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror Kamol ota singari urush qatnashchilarining koʻng­lini togʻday koʻtarib, ruhiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatgani haqiqat. Zero, urushda halok boʻlganlarning xotirasini abadiylashtirish, faxriylarni eʼzozlash bugunning eng dolzarb vazifasidir.

Otasi, akasi urushdan qaytmadi

Kamol ota Rixsiboyev 1926-yil 19-sentyabrda Yangiyoʻl tumani Niyozbosh qish­logʻida tugʻilgan. Toʻliqsiz oʻrta maktabni tugallamasidan urush boshlangan. Otasi va akasi birinchilardan boʻlib jangga ketgan. Onasi Xayri aya esa ikki yosh goʻdagini bagʻriga bosgancha, chirqillab qolavergan. Oʻsha paytda endigina 15 yoshni qarshilagan Kamol 1941-yildan boshlab roʻzgʻorga yordam berish, onasining ogʻirini yengil qilish uchun kolxozda ishlaydi. Uyiga bir burda non olib kelib, onasi va ukalarining rizqini butun qilishga uringan qahramonimiz urush qachon tugarkan, dadam va akam qachon bagʻrimizga qaytarkan, degan oʻy va xayol ogʻushida tirishib-tirmashib ishlar ekan, tunlar, kun, oy va yillar qanday oʻtib ketganini ham bilmay qoldi.

Oʻsha paytlarda butun mamlakatda ahvol nihoyatda ogʻir edi. Oradan uch yil oʻtib, yaʼni 1944-yilning yanvar oyida Kamol Rixsiboyevni ham harbiy xizmatga chaqirishdi. Uning urushga ketishini eshitgan onasi dodu faryod solib yigʻlaydi. “Otasi, akasidan na bir xat, na bir xabar bor. Endi Kamolim ham ketadimi, men nima qilaman, boshimni qaysi toshga uraman”, deya javrab, javdirab qolaverdi...

Koʻzing uyquga ketdimi, tamom, halok boʻlishing tayin!

Kamol otaning hikoya qilishicha, u dastlab tuman, soʻngra viloyat va respub­lika komissariatida harbiy tayyorgarlikdan oʻtgan. Keyin oʻzi kabi tengdoshlari bilan oʻqchi polk tarkibiga qoʻshilib, harbiy mashqlarga jalb qilingan. Ikki oy davom etgan tayyorgarlikdan soʻng 1944-yilning 12-aprel kuni Ukraina tomon yoʻl olishadi. Ukrainaning Polsha bilan chegaradosh tumanida 176-oʻqchi polk tarkibiga qoʻshilib, Polsha, Chexoslavakiya, Germaniya uchun janglarda qatnashadi.

— Dushman bilan qaqshatqich janglar boshlandi. Har kuni yuzlab odam halok boʻlardi, — deya oʻsha damlarni eslaydi Kamol ota. — Okoplarda ustimizdan oʻqlar shamoldek vizillab uchardi. Koʻzing uyquga ketdimi, tamom, halok boʻlishing tayin! Shuning uchun kechayu kunduz mijja qoqmasdik. Kechasi yonimizda boʻlgan safdoshimizni ertalab tirik koʻrmasdik. Shunday kezlarda tunda osuda uyquga yotib, ertalab xush kayfiyat bilan oʻz ona qishlogʻimda, ota-onam yonida bexavotir uygʻonishni orzu qilardim. Bugungi tinch-osuda hayotimiz oʻsha davrda bir shirin tush, goʻzal xayol edi, bolam!..

Farahbaxsh kunlarning farogʻatli nashidasi

Kamol Rixsiboyev gʻalabani Germaniya­da qarshi oladi. Askarlar bir-birini ­tabriklab, quchib, qoʻlidagi qurolidan osmonga oʻq uzib, qiy-chuv qilib qiyqirsa, Kamol ota tinmay hoʻngrab yigʻlagan ekan. Uning koʻz yoshlari quvonchdan, sogʻinchdan, azobli kunlardan keyin roʻyobga chiqqan gʻalaba nashidasining chin haqiqat ekanidan edi...

Otaxon oʻsha davr fojialarini ­xayolidan yana bir bor oʻtkazdi, shekilli, koʻzlaridan dumalab tushayotgan yoshlarni yashirishga urinib, dastroʻmolchasi bilan artib qoʻydi.

Kamol Rixsiboyev urush davrida “Jasorati uchun”, “Berlinni ozod qilganligi uchun”, tinchlik yillarida “Shuhrat” va Gʻalabaning 50, 60, 70, 75 yilligi medallari bilan taqdirlangan.

Otaxon urush tugagandan soʻng besh yil oʻtgach, yaʼni 1950-yil boshida ona yurtiga qaytib keladi. Yangiyoʻl tumanidagi oʻrmon xoʻjaligida, soʻngra shirkat xoʻjaligida suvchi boʻldi. Bugungi kunda esa Kamol ota Niyozbosh qishlogʻidagi xonadonida 5 nafar farzandi, 20 nafardan ziyod nevara, 40 dan ziyod chevara va 5 evarasi qurshovida bagʻri butunlikda qarilik gashtini surmoqda.

Gulichehra DURDIYEVA