Prezidentimiz imzolagan farmoyishga asosan menga davlatimiz rahbarining minnatdorchilik xatini topshirishdi. “Eng yaxshi soliq toʻlovchi” degan nomga munosib topilganimdan, eʼtirof etilganimdan xursandman. Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida viloyat studiyasidan turib qatnashdim.

Uchrashuvda Yurtboshimiz “Biz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkorlarimizni oʻz ishiga fidoyi va jonkuyar, vatanparvar insonlar deb bilamiz va ularni qadrlaymiz. Ayniqsa, murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida ham xalqimizga madadkor boʻlib, oʻz biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish oʻrinlarini yaratib, muhtojlarga koʻmak berayotgan hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan tadbirkor doʻstlarimga bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman”, deya bizni oʻziga yaqin olgani barchamizga mamnunlik bagʻishladi.

Qoʻshma korxonamiz 2016-yilda tashkil etilgan. Kompaniyamiz qisqa muddatda Oʻzbekiston bozorida yetakchi oʻrinni egalladi. Bugungi kunda esa “Chortoq” brendli mineral suv sifati, tarkibi, taʼmi va foydali xusu­siyatlari tufayli isteʼmolchilarning eʼtirofini qozondi. Chortoq suvi oshqozon-ichak trakti, jigar, oʻt yoʻllari, oshqozon osti bezi va diabet kasalliklari, shuningdek, yod tanqisligi kasalliklarini davolash uchun ishlatiladi. Bu maʼdanli suvning inson organizmi uchun foydali xususiyatlari bisyor.

Gollandiyaning Buncra BV kompaniyasi va mahalliy taʼsischilarning investitsiyalari bilan minerallashtirilgan manba joylashgan yerda 0,5 va 0,33 litr hajmli shisha idishlarga suv quyish zavodi qurildi. Korxonada xalqaro sifat va oziq-ovqat xavfsizligi standartlariga javob beradigan eng zamonaviy uskunalar oʻrnatilgan.

Mamlakatimiz rahbari 2019-yil 28-fevral kuni ­Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida Chortoq tumaniga kelib, korxonamiz quvvatini kengaytirish loyihasi bilan tanishgandi. Shishaga suv qadoqlashni yiliga 20-30 million donagacha oshirib, ularni yurtimizdagi barcha bogʻchalar, yozgi oromgohlar, shifoxonalar, ijtimoiy dorixonalar, supermarketlarga yetkazib berish zarurligini taʼkidlagan.

Hozirda bir oyda 2 million shisha, bir yilda esa 24 million shisha idishda mineral suv qadoqlayapmiz. Mahsulotlarimiz Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Belarus, Moʻgʻuliston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston kabi oʻnga yaqin xorijiy mamlakatlarga eksport qilinadi. 2021-yil boshidan beri oʻtgan 7 oy davomida jami 8 milliard soʻm soliq toʻladik va yirik soliq toʻlovchi maqomiga erishdik. Daromadimiz ham shunga yarasha, raqobatga esa hamisha tayyor turamiz.

Doimo intilishdamiz va yangilik qilishdan, xizmat koʻrsatish obyektlaridan maʼdanli ichimlikni targʻib etishdan toʻxtamaymiz. Xabaringiz bor, shu yil Navroʻz ayyomida shisha idishimiz yorligʻini bahoriy koʻrinishga oʻzgartirdik va bu koʻngildagidek samara berdi, xaridorlarga yaxshi kayfiyat ulashdi. Endi esa mahsulotimizni Oʻzbekistonimiz istiqlolining 30 yillik yubiley sanasiga ham eng ulugʻ, eng aziz bayramga xos yorliq yopishtirilgan holda 30-avgustdan sotuvga chiqaramiz. Yorliqda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarimiz ramzlari hududlarga moʻljallangan holda aks etadi.

Prezidentimiz ochiq muloqot davomida soliq stavkalari bilan bogʻliq murojaatga qarata javob bera turib, shuni alohida taʼkidladiki, tadbirkorlar investitsiya miqdoridan kelib chiqib, oldinroq mol-mulk, yer va suv soliqlaridan 10 yilgacha ozod qilingan edi. Endi ushbu imtiyozlarga foyda soligʻi ham qoʻshiladi va korxonalar ixtiyorida yiliga qariyb 300 milliard soʻm mablagʻ qoladi. Berilayotgan mazkur imtiyozlar bizni juda ruhlantirib yubordi. Kelgusida ushbu imtiyozlarga javoban yanada yaxshiroq ishlaymiz va davlatimiz xazinasiga yana koʻproq soliq toʻlaymiz.

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri

Orifjon JOʻRAYEV yozib oldi.