Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov: “Maʼnaviyat boʻlmagan joyda hech qachon adolat boʻlmaydi”

    Saylov 1 Oktabr 2021 2036

    Har qanday davlat mustahkam maʼnaviy poydevorga ega boʻlgandagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi. Adolat va maʼnaviyat oʻzaro chambarchas bogʻliq tushunchalardir.

    Saylovoldi dasturiga koʻra, maʼnaviy tarbiyaning ustuvorligini taʼminlash uchun “Adolat” SDP davlat barcha madaniy, tarixiy yodgorliklarni va tabiat yodgorliklarini roʻyxatdan oʻtkazishi va saqlashi, ularga mablagʻ ajratishini shart, deb hisoblaydi hamda tarixiy qadriyatlarimizga asoslangan “Jamiyatda yurish-turish odob-axloq qoidalari”ni yaratish va joriy etishni ilgari surmoqda.

    Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov Xiva shahridagi Nurillaboy saroyiga tashrif buyurdi.

    Nurullaboy saroyi oʻzining hashamdorligi, jozibasi, koʻrkamligi va maftunkorligi bilan boshqa saroylardan ajralib turadi. Nomzod majmuaning Elchixona qismi, Kirish darvozasi, Yozgi arzxona, Besh hovli majmuasi va Isfandiyorxon qabulxonasida boʻldi. Majmuada tashkil etilgan Hudoyberdi Devonov hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey eksponatlari bilan tanishdi.

    – “Adolat” SDP Oʻzbekistonda adolatli jamiyat va adolatparvar davlat barpo etish jarayonlari, bunyodkor xalqimiz hamjihatligini mustahkamlash, yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish, xalqimiz, yoshlarimizning ruhiy dunyosini izdan chiqarishga qaratilgan turli buzgʻunchi kuchlar, maʼnaviy tahdidlar, axborot xurujlarining oldini olishda maʼnaviy xavfsizlikni taʼminlashning qonuniy asoslarini yaratishni oʻzining bosh maqsadi, deb biladi. Maʼnaviyat boʻlmagan joyda hech qachon adolat boʻlmaydi, – dedi B.Abduhalimov.

    Har qanday davlat mustahkam maʼnaviy poydevorga ega boʻlgandagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi. Adolat va maʼnaviyat oʻzaro chambarchas bogʻliq tushunchalardir.