Saylovoldi uchrashuvida viloyatdagi tuman va shaharlar saylovchilari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiya faollari ishtirok etdi.

Uchrashuvni Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulugʻbek Ilyasovich Inoyatov olib bordi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisova uchrashuvda saylovoldi dasturidagi ustuvor yoʻnalishlar xususida maʼruza qildi. Maʼruzada mamlakatda ijtimoiy tengsizlikning barcha koʻrinishlariga barham berish maqsadida, aholining barcha qatlamlarining davlat va jamiyat hayoti, sud-huquq tizimida tenglik asosida ishtirok etishini taʼminlash, pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirishni kafolatlaydigan pensiya va ijtimoiy taʼminotning maqbul tizimini shakllantirish, nogironligi boʻlgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, III guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga nafaqa tayinlash masalalari ustuvor maqsadlar sifatida belgilab olingani taʼkidlandi.

Shuningdek, Prezidentlikka nomzod ogʻir ijtimoiy ahvoldagi oilalarni ijtimoiy turar joylar bilan taʼminlash, aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy etish, asosiy oziq-ovqatlar narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qatʼiy oʻrnatish, qishloq tumanlariga sanoatni olib kirish Saylovoldi dasturdagi asosiy yoʻnalishlardan ekani xususida toʻxtalib oʻtdi.

Maqsuda Vorisova Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari borasida bir qator yoʻnalishlar koʻzda tutilayotganini maʼlum qildi. Jumladan, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminlash, nogironligi boʻlgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun barqaror ish oʻrinlari yaratish, infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi, elektr, tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish zarurligiga eʼtibor qaratdi.

Ochiq, samimiy muloqot ruhida oʻtgan uchrashuvda saylovchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildilar, viloyatni yanada rivojlantirish borasida takliflarini bildirdilar.
Uchrashuvda soʻzga chiqqan faollar Oʻzbekiston Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisovaning Saylovoldi dasturini qoʻllab-quvvatlashlarini, saylovda ushbu nomzodga ovoz berishlarini maʼlum qildilar.
Bugun Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaning saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvi Buxoro viloyatida boʻlib oʻtdi.