Oʻzbek mumtoz adabiyoti, milliy madaniyati, maʼnaviyati va maʼrifati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ shoir, tarixnavis, tarjimon, davlat arbobi Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy Xiva yaqinidagi Qiyot qishlogʻida tugʻilgan. U Xiva madrasalarida tahsil olgan. Arab, fors, turk tillarini puxta egallagan. Xorazmning mashhur shoir va olimlari, adabiyot muxlislarining suhbatlarida ishtirok etgan. Sharq klassik asarlari, ayniqsa, Navoiy ijodini qunt bilan oʻrgangan.

Mamlakatimizda koʻchalar, maktablar, istirohat bogʻi va boshqa muassasalarga Ogahiy nomi berilgan. Qiyot qishlogʻida Ogahiy bogʻi tashkil etilib, shoirning uy-muzeyi ochilgan. “Muhammad Rizo Erniyazbek oʻgʻli Ogahiy” nomidagi taʼlim muassasasi 2 qavatli 220 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan oʻquv binosi zamonaviy hamda milliy arxitektura yechimlari asosida qurilgan. Oʻquv binosida yoshlarning puxta taʼlim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ogahiy ijod maktabi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan.

Nomzod bu yerda faoliyat olib borayotgan ustoz, murabbiylar, yosh ijodkorlar bilan uchrashdi. Ijod maktabi jamoasini 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan qutladi.